ASIRUDDIN AXSIKATIY haqida malumot bilib oling.
ASIRUDDIN AXSIKATIY (toʻliq ismi Abulfazl Muhammad Tohir Asiruddin Axsikatiy) (1108Gʻ1110, Axsikat sh. – 1196/1198, Jan. Ozarbayjon Xalxol sh.) — shoir. Boshlangʻich maʼlumotni Axsikatda olgach, Balx, Hirot, Marvga borib, riyoziyot, tabobat, kimyo, nujum, falsafa va b. fanlarni oʻrganadi. Koʻchmanchi oʻgʻuz qabilalarining 1156-y. gi qoʻzgʻolonidan keyin Sulton Sanjar saltanati inqirozga uchragach, A. A. Xurosondan Ajam Iroqi (Gʻarbiy Eron)ga keladi. U yerda Arslon ibn Tugʻral (1160 — 79) va Qizil Arslon (1185 — 91) saroyida xizmat qildi. Qizil Arslon davrida malik ush-shuaro unvoniga musharraf boʻldi. Lekin koʻp oʻtmay, tuhmatga uchrab saroydan haydaladi. Asiruddin Axsikatiy ijodiy merosi 120 qasida, 220 gʻazal, 80 qitʼa, 80 ruboiy, 4 tarkibband va tarjeʼband, 24 qitʼadan iborat. 1313-y. da xaggot Abdulmoʻmin tarafidan koʻchirilgan devoni 13300 misradan tashkil topgan. Gʻazallarida muhabbat, tabiat goʻzalliklari, Vatanni qoʻmsash, shohlarni insof-adolatga chaqirish gʻoyasi asosiy oʻrinni egallaydi. Baʼzi asarlarida zamona nosozligi, ayrim amaldorlarning taʼmagirligidan shikoyat qilgan. Devoni Tehronda nashr etilgan (1958), qoʻlyozmasi hoz. Londondagi «India Offis» kutubxonasida saqlanadi.
Ensiklopediya.uz
ASIRUDDIN AXSIKATIY