
ASHXOBOD haqida malumot bilib oling.
ASHXOBOD (turkmancha Ashgabat; arab. — oshiq va fors — obod; 1919-y. gacha Asxobod, 1927-y. gacha Poltorask) — shahar, Turkmaniston poytaxti (1924-y. okt. dan). Kopetdogʻ tizmasining shim. etaklarida, Axal vohasida. Xalqaro t. y. oʻtgan. Havo yoʻllari xalqaro ahamiyatga ega. Ashxobod yaqinidan Qoraqum kanali oʻtadi. Aholisi 412,8 ming kishi (1999). Ashxobod oʻrnida qadimda karvon yoʻli ustida joylashgan manzilgohlar boʻlgan. Ashxobod 1881-y. qadimgi Asxobod qishlogʻi oʻrnida Rossiya mustamlakachi qoʻshinlarining harbiy istehkomi sifatida vujudga kelgan. Keyinroq Zakaspiy viloyatining maʼmuriy markazi. Ashxobodning vujudga kelishida uning muhim karvon yoʻllari ustida joylashganligi katta rol oʻynagan. 1885-y. Asxobod — Kaspiy va 1899-y. Asxobod — Toshkent t. y. liniyalarining qurilishi Ashxobodda sanoatning rivojlanishiga olib keldi. 1917-y. dek. da Ashxobodda hokimiyatni bolsheviklar egallab, shoʻrolar hokimiyatini oʻrnatdi. 1918-y. 17-iyunda bolsheviklar rejimiga qarshi koʻtarilgan qoʻzgʻolon shoʻrolar tomonidan shafqatsiz bostirildi. 1918-y. 11—12-iyulda Ashxobodda hokimiyat eserlar (oq gvardiyachilar) qoʻliga oʻtdi. 1919-y. 9-iyulda shaharni yana bolsheviklar egallab oldi. 1924-y. gacha Ashxobod Turkiston okt. dan Turkmaniston poytaxti va 1927-y. dan Ashxobod nomini oldi. 1948-y. gi Ashxobod zilzilasida shahar butunlay vayron boʻldi.
Ashxobod — yirik sanoat, maʼmuriy va madaniyat markazi. Yetakchi sanoat tarmoqlari — mashinasozlik va metallsozlik. Shuningdek kimyo-farmatsevtika, oyna, yengil (ipgazlama, ipak, poyabzal, gilam toʻqish va b.), oziq-ovqat (goʻsht, vino, un, tamaki) sanoati rivojlangan. Matbuot uyi, kinofabrika bor.
Ashxobod — muhim madaniyat markazi. Turkmaniston FA, 8 oliy oʻquv yurti (shu jumladan Turkmaniston un-ti), 4 teatr (shu jumladan, Turkmaniston opera va balet teatri), tasviriy sanʼat muzeyi, tarix muzeyi, tarix-oʻlkashunoslik muzeyi (1881-y. da asos solingan), «Niso» tarix-madaniyat qoʻriqxonasi mavjud. Ashxobodda «Turkmaniston», «Ilm» nashriyotlari, radio va televideniye, telemarkaz, Turkmaniston telegraf agentligi bor. Turkman va rus tillarida gaz. va jur. lar nashr etiladi. 1968-y. dan «Ashxobod oqshomi» shahar gaz. nashr etiladi.
20-a. boshida shaharda toʻgʻri burchakli kesishgan koʻchalar bilan birga radial yoʻnalishli koʻchalar ham boʻlgan; uylar asosan paxsadan qurilgan. Keyingi vaqtlarda shahar kengaydi va zamonaviy uylar qad koʻtardi. 1948-y. gi zilziladan keyin Ashxobod butunlay qayta tiklandi. Koʻp qavatli zilzilabardosh turar joy va jamoat binolari qurildi. 50—90-y. larda bunyod etilgan inshootlar orasida Hukumat uyi binosi, Turkmaniston FA majmuasi, Mulla Nafas nomidagi Akademik drama teatri, q. x. in-ti, unt, tasviriy sanʼ-at muzeyi, «Tinchlik» kinokonsert zali, markaziy maydondagi Davlat kutubxonasi binosi, «Ashxobod», «Inturist» va b. mehmonxonalar bor. 1941 — 45 y. lardagi urushda halok boʻlgan jangchilarga yodgorlik oʻrnatilgan. 1991-y. dan keyin poytaxtda sharq meʼmoriy uslubi bilan uygʻunlashgan holda koʻplab yangi binolar, jumladan prezident saroyi va b. bunyod etildi.
Ashxoboddan 39 km narida, Kopetdogʻning shim.-sharqiy yon bagʻirlarida Feruza kurort shaharchasi joylashgan.
Ensiklopediya.uz
ASHXOBOD