
ASFANDIYORXON haqida malumot bilib oling.
ASFANDIYORXON (?-1918) — Xiva xoni (1910—18). Otasi Muhammad Rahimxon II vafotidan soʻng rus podsho hukumatining yordami bilan taxtga chiqdi (1910). 1910, 1914-y. lari Peterburgda boʻldi. Asfandiyorxon davrida maʼrifatparvar vazir Islomxoʻja tashabbusi bilan Xiva va b. shaharlarda pochta-telegraf, kasalxona, ikki Madrasa va yangi tipdagi maktablar, hatto rus maktablari qurilddi. A. Islomxoʻjani xazinadagi mablagʻni behuda sovurishda ayblab qatl etdi (1913), A. butun yerlarni qayta oʻlchatib, mehnatkash xalqqa ogʻir soliqlar soldi. Uning zulmiga qarshi 1915-y. Mangʻitda, 1916-y. yanv. da Xoʻjaylida xalq chiqishlari boʻlib oʻtdi. 1905—07 y. larda tashkil topgan «Yosh xivaliklar» tashkiloti 1917-y. fev. inqilobidan soʻng oshkora ish boshladi. Bu tashkilot 1917-y. 5 ap-r. da xonni burjua islohoti oʻtkazish haqidagi manifestga qoʻl qoʻyishga majbur etdi. Shu tariqa xon boshliq konstitutsion monarxiya tuzildi. Davlatni idora etuvchi «Idorai mashvarat» tashkil topdi. Lekin islohot mehnatkashlar ahvolini yaxshilamadi. Asfandiyorxon koʻp oʻtmay «Idorai mashvarat»ni tarqatib, yana mustabid hokimiyat oʻrnatdi. Asfandiyorxon 1918-y. 22 yanv. da yuqori martabali amaldorlar va din ahllari ishtirokida davlatni birga boshqarish hamda bolsheviklarga qarshi kurashish uchun Junaydxon bilan Xivada muzoqara olib bordi. Natijada A. Junaydxonni qoʻshin boshligʻi (sardori karim) etib tayinlab, hokimiyatni unga topshirdi. Oradan koʻp oʻtmay, Junaydxon hokimiyatni butunlay qoʻlga olish uchun Asfandiyorxonni yashirin ravishda oʻldirtirdi. Junaydxon taxtga oʻz taʼsiridagi Said Abdullaxonni oʻtqazdi.
Ensiklopediya.uz
ASFANDIYORXON