AROBA TURO haqida malumot bilib oling.
AROBA TURO — turkiy xalqlarda harbiy istehkom turi. Arobaning «arava» maʼnosidan tashqari qoʻshinlarni himoya qilish uchun oʻrda atrofiga qaziladigan «xandaq» maʼnosi ham boʻlgan. Turo — «odam boʻyidek qalqrn», yassi xoda va uzun temirlar jang kunlari bir-biri bilan zanjir, ilgaklar yordamida birlashtirilib qoʻshinlar uchun istehkom (qalʼa) vazifasini oʻtagan. Qoʻshinlar uning ortidan turib jang qilganlar. Qadimda turkiy xalqlar jang kunlari katta gʻildirakli, usti yopiq aravalar (soyabon arava)ni zanjir, ilgaklar bilan birlashtirishgan, ularni ortida joylashgan jangchilar kamon, oʻt ochar qurollar b-n dushman hujumidan oʻzlarini mudofaa etganlar. Aroba turo mudofaa yoxud hujum paytida qoʻshin bilan birga yoki atrofida boʻlgan. Aroba turo qadimda va oʻrta asrlarda Sharqning oʻziga xos dotlari vazifasini oʻtagan. Bunday usulda jang qilish qadimdan (hunnular davridan) maʼlum boʻlib, gunnlar orqali 4—5-a. larda Yevropaga tarqalgan va u yerda vagenburg (nem. vagen-arava va burg — mudofaa), keyinchalik tabor mudofaasi atamasini olgan. Artilleriyaning vujudga kelishi b-n A. t. oʻz ahamiyatini yoʻqotgan.
Ensiklopediya.uz
AROBA TURO