
ARGʻANUN haqida malumot bilib oling.
ARGʻANUN, argʻan (arab., yun. organon) — maxsus meshlardan yoʻnaltiriladigan havo yordamida tovushlar yuzaga keladigan yirik musiqa cholgʻu asbobi. Argʻanun Yevropa va Sharq xalqlari musiqa amaliyotida qadimdan (mil. av. 4-a.) mashhur boʻlib, oʻrta asr qoʻlyozmalarida turlicha tasvirlangan. Qomuschi olimlar Banu Muso bin Shokir (9-a.) va Abu Abdulloh al-Xorazmiy (Yu-a.)larning maʼlumotlariga koʻra, Argʻanun bir necha qoramol terisidan tayyorlangan uchta mesh va ularga biriktiriluvchi 12 tadan 40 tagacha boʻlgan yoʻgʻoningichka mis naylardan tarkib topgan. Meshlarga havo bir necha kishi yordamida puflab kiritilgan — pnevmatik Argʻanun, havo suv bosimi yordamida sadolanuvchi — mexanik Argʻanun, shuningdek har bir nayini bir kishi chalgan Argʻanun turlari boʻlgan. 14 — 15-a. larda A. Yevropada ancha takomillashtirilib, unga klavishlar oʻrnatilgan (q. Organ). Forobiy, al-Isfahoniy, Ibn Sino, Xusrav Degʻlaviy, Alisher Navoiy va b. sharq mutafakkirlarining asarlarida Argʻanun va uning ijrosidagi musiqaning estetik taʼsir imkoniyatlari tasvirlangan. 17 — 19-a. lardagi maʼlumotlarga koʻra, Argʻanunning boshqacha shakllari ham sharq xalqlarida keng qoʻllanilgan.
Ensiklopediya.uz
ARGʻANUN