ARAVON haqida malumot bilib oling.
ARAVON — shaharcha, Qirgʻiziston Respublikasi Oʻsh viloyatining Aravon tumani maʼmuriy markazi. Qad. qishloq oʻrnida vujudga kelgan. Aravonsoy quyi oqimining har ikkala sohilida, togʻlar orasida joylashgan. Oʻsh sh. dan 25 km gʻarbda, Oʻzbekistonning Marhamat sh. dan 14 km narida. Axolisi 2,5 ming kishi (1977), aksari qismi oʻzbeklar; shuningdek qirgʻiz, rus, ukrain, turk, tojik va b. millat vakillari ham yashaydi. Aholi asosan q. x. mahsulotlari yetishtirish (dehqonchilik, bogʻdorchilik va chorvachilik) bilan shugʻullanadi. Aravonda tuman hokimiyati binosi, pochta, univermag, 4 ta maktab, choyxonalar, klub va b. bor. A. atrofida dam olish maskanlari barpo qilingan. Aravonda akad. H. M. Abdullayev tugʻilgan. U oʻqigan maktab qoshida olim xotirasiga muzey tashkil etilgan, byusti oʻrnatilgan, qishloqning eng katta koʻchasi H. M. Abdullayev nomiga qoʻyilgan.
Ensiklopediya.uz
ARAVON