ARAB DAVLATLARI UYUSHMASI haqida malumot bilib oling.

Ensiklopediya
ARAB DAVLATLARI UYUSHMASI haqida malumot bilib oling.

ARAB DAVLATLARI UYUSHMASI — 1945-y. da arab davlatlari siyosiy yoʻnalishlarini muvofiqlashtirish, ular mustaqilligi va suverenitetini himoya qilish, iqtisodiy, ijtimoiy hamda madaniy aloqa sohalarida hamkorligini rivojlantirish maqsadida tuzilgan mintaqaviy tashkilot. Arab davlatlari uyushmasiga Yaqin Sharq va Shim. Afrikaning mustaqil arab mamlakatlari uyushgan. Arab davlatlari uyushmasi tashkilotchilari — Misr, Suriya, Iroq, Iordaniya, Livan, Saudiya Arabistoni va Yaman Respublikasidir. Keyinroq Arab davlatlari uyushmasiga Jazoir, Bahrayn, Jibuti, Quvayt, Liviya, Mavritaniya, Marokash, Qatar, Somali, Sudan, Tunis, Birlashgan Arab Amirliklari, Yaman Xalq Demokratik Respublikasi, shuningdek Falastin Ozodlik Tashkiloti aʼzo boʻldi.

Arab davlatlari uyushmasining rahbar organi — Kengash (Majlis) hisoblanadi, uning tarkibiga har aʼzo mamlakatdan bitta vakil kiritiladi. Kengash oʻz majlislarini bir yilda ikki marta oʻtkazadi. Hamma aʼzolar uchun majburiy qarorlar faqat yakdil ovoz bilan qabul qilinadi. Koʻpchilik ovoz b-n qabul qilingan qarorlar bularni qoʻllab-quvvatlab ovoz bergan mamlakatlar uchungina majburiydir. Kengash huzurida bir necha doimiy ishchi qoʻmita va qator ixtisoslashgan tashkilotlar tuzilgan, ular iqtisodiy va ijtimoiy hamkorlik masalalari bilan shugʻullanadi, umumiy loyiha va dasturlar ustida ishlaydi. Arab davlatlari uyushmasi Kotibiyatini Bosh kotib boshqaradi. Arab davlatlari uyushmasi u – boshqaruv idorasi Qohira (Misr)da joylashgan. Arab davlatlari uyushmasi BMT huzuridagi kuzatuvchi tashkilot mavqeiga ega. 1960—70 y. larda Arab davlatlari uyushmasi aʼzolarining soni koʻpaydi, ular iqtisodiy qudrati mustahkamlanib, umumiqtisodiy va siyosiy manfaatlari kuchaydi. Shu tufayli Arab davlatlari uyushmasi doirasida arab davlatlari hamkorligi kengaydi. Uyushmaning umumarab bozori, Arab Taraqqiyot banki, arablararo oʻquv yurtlari, Narkotiklarga qarshi kurash olib boruvchi arab byurosi va «Arab press» axborot byurosini tuzish boʻyicha dasturlar ishlab chiqildi.

Ensiklopediya.uz
ARAB DAVLATLARI UYUSHMASI