Aqlli, idrokli, zehnli

Aqlli, idrokli, zehnli

Aqlli, idrokli, zehnli

DO`STLARGA ULASHING:

O’tgan zamonda bir boy yashagan ekan. Uning uch o‘g‘li bo‘lib, uchalasi ham zo‘r bilimdon ekan.
Kunlardan bir kuni mo‘ysafid ota betob bo‘lib yotib qolibdi. U uchala bolasini oldiga chaqirib, nasihat qilibdi:
— Bolalarim, agar qazom yetib o‘lsam, bog‘dagi katta uzumning tagiga har biri otning kallasidek keladigan uchta oltin ko‘mganman.
Shuni uchalang boshqa shaharga olib borib, bo‘lashib olinglar. O’z shahrimizda, «otasi o‘lgandan keyin yillik oshini bermay turib, bolalari dunyo bo‘lishga tushibdi», degan gap-so‘z tarqamasin. Mening nomimga isnod tegmasin. Ehtiyot bo‘linglar, — deb tayinlabdi.
O’g‘illar otaning gapini quloqqa olishibdi. U o‘lgandan keyin hamma ta’ziyalarini o‘tkazib, yillik oshlarigacha berib, keyin uch o‘g‘il boshqa shaharga otlanishibdi. Uzum tagiga ko‘milgan oltinni ochib qarashsa, ikkita chiqibdi. Ular hayron bo‘lishib, ikki bosh oltinni olib, bo‘lib olish uchun boshqa shaharga qarab yo‘lga tushishibdi. Yarim yo‘lga kelib, bir chinorning tagiga, buloq tepasiga o‘tirishibdi. Shunda eng katta aka — aqlli, ikki ukasiga:
— Mana shu yerga bir oq tuya kelib cho‘kkan ekan, uning o‘ng ko‘zi ko‘r ekan, — debdi.
O’rtancha — idroklisi:
— Tuyaning ustiga ortilgan yukning bir yog‘idagisi sirka, ikkinchi tomondagisi shinni ekan, — debdi.
Kenja uka — zehnlisi:
— Tuyaning ustiga mingan ayol ekan, u ikkiqat ekan, —debdi.
— Ko‘p o‘tmay bir tuyakash o‘pkasi og‘ziga tiqilib, yugurib kelibdi. U yigitlarga:
— Tuya ko‘rdinglarmi? — debdi.
Eng kattasi:
— Oq tuyamidi, ko‘zi ko‘rmidi? — desa, tuyakash:
— Ha, ha, xuddi o‘zi, — debdi. O’rtanchasi:
— Bir yog‘iga sirka, ikkinchi tomoniga shinni ortilganmidi? — desa, tuyakash:
— Xuddi shunday! — debdi. Kenjasi:
— Ustida bir homilador ayol ham bormidi? — degan ekan, tuyakash:
— Xuddi ana shuning o‘zi, topib beringlar, — debdi. Yigitlar kulishib:
— Bo‘lmasa, biz ko‘rganimiz yo‘q, — deyishibdi. Tuyakash:
— Ko‘rmagan bo‘lsanglar, tuyaning oq ekanligini, ortilgan yukini, homilador xotin minganligini, tuyaning ko‘rligini qayoqdan bildinglar? — deb so‘rabdi.
Yigitlar:
— Bizlar tajriba bilan bildik, — deyishibdi. Tuyakash:
—Topib beringlar! Bo‘lmasa, men sizlarni qoziga olib boraman, — deb, qoziga sudrabdi.
Tuyakash va uch yigit qozixonaga kelishibdi. Tuyakash bo‘lgan voqeani qoziga so‘ylab beribdi. Qozi uch yigitning kattasiga:
— Sen tuyaning oqligini, o‘ng ko‘zi ko‘rligini qayoqdan bilding? — debdi. Yigit javob beribdi:
— Tuyaning cho‘kkan joyiga qarasam oq yunglari tushib qolibdi. Oldiga solingan cho‘pning chap tomonidagisini yaxshi yegan, shuning uchun tajriba bilan mana shu so‘zni aytdim, — debdi.
Qozi o‘rtanchasiga:
— Xo‘sh, bo‘lmasa tuyaning bir tomoniga sirka, ikkinchi tomoniga shinni ortilganligini qayerdan bilding? — debdi.
— Bir tomoniga pashsha, ikkinchi tomoniga chumoli uymalanib turganidan bildim, — debdi o‘rtancha yigit.
Qozi eng kichik yigit — zehnlidan so‘rabdi:
— Tuyani homilador xotin minganligini sen qayoqdan bilding?
— Buloq bo‘yida xotin kishining tizzasini iziga ko‘zim tushib qoldi. Bilishimcha, ayol suv olayotganida tiz cho‘kkan ekan. Turayotgan vaqtida ikki qo‘lini yerga tirabdi. Shundan homilador ekanligini bildim, — debdi.
Qozi tuyakashni eshikka chaqirib olib:
— Haqiqatan tajribakor bo‘lsa, hozir sinab ko‘ramiz, — debdi-da, u bir kichkina sholg‘omni ikki qo‘li o‘rtasiga berkitib olib, kiribdi:
— Yigitlar, qo‘limdagi nima? — debdi. Eng katta akasi:
— Qo‘lingizdagi dumaloq narsa, — debdi. O’rtanchasi esa:
— Qo‘lingizdagi dumaloq narsaning po‘sti qizil, — debdi. Eng kichik — zehnli esa:
— O’zi dumaloq bo‘lsa, po‘sti qizil bo‘lsa, unda qo‘lingizdagi sholg‘om ekan-da, — debdi. Shunda qozi:
— Sen qaytaver, bular o‘g‘ri emas ekan, bilimli, tajribali yigitlar ekan, — deb xayrlashib, tuyakashni jo‘natibdi. Keyin yigitlar oldiga dasturxon qo‘yib ziyofat qilibdi.
Dasturxonda uzum bor ekan, yigitlarning kattasi:
— Bu go‘ristonda bitgan uzum ekan, — debdi. O’rtanchasi:
— Go‘ristonni uzumzor qilib, uchinchi yil hosil olinishi ekan, — debdi. Kichigi:
— Shu go‘ristonni uzumzor qilib,uzumini pishirib sotgan kishi uzumdan odamning hidi kelayotganini bilmas ekan, — deb yakunlabdi.
Shu vaqtda qozi guzarga chopib borib uzumfurushdan so‘rabdi. Hammasi haqiqatan to‘g‘ri ekan. Qozi yigitlardan:
— Qayoqdan kelayapsizlar va qayoqqa boryapsizlar, nima ish bilan yuribsizlar? — deb so‘rabdi. Yigitlar:
— Bundan bir yarim yil ilgari otamizning ko‘zi tirik vaqtida bizga: » Agar men o‘lsam mening ta’ziyamni o‘tkazib, yillik oshni bergandan keyin uzumning tagiga ko‘mgan uchta ot boshidek oltinni o‘z shahrimizdan boshqa yerga olib borib, bo‘lib olasizlar, o‘z shahrimizdagi odamlar bilmasin va gap-so‘z bo‘lmasin», deb vasiyat qilgan edilar. Shu vasiyatga ko‘ra, biz borib uzumning tagini ochdik, uchta o‘rniga ikki bosh oltin chiqdi. Shu oltinni uch aka-uka bo‘lib olish uchun yo‘lga chiqib, boshqa shaharga ketayotgan edik. Sizga uchrab qoldik, — deyishibdi. Qozi:
— Bo‘lmasa, men bo‘lib bera qolay sizlarga, — debdi. Yigitlar rozi bo‘lishibdi. Qozi:
— Bo‘lib berishdan oldin men sizlarga bir kichkina hikoya aytib berayin, — debdi va hikoyani boshlabdi:
— Bir zamonda ikki yigit maktabda birga o‘qigan ekan, shunda ulardan biri gapdan gap chiqib, «do‘stlikning hurmati, katta bo‘lib uylansam, birinchi kunni xotinim sening uyingda o‘tkazadi», debdi. Ikkinchisi bunga ishonmabdi. Oradan bir necha yil o‘tibdi. Ular bir-birlari bilan uzoq vaqt ko‘rishishmabdi. Va’da ham esdan chiqib ketibdi.
Kunlardan bir kuni shu yigit to‘y-tomosha qilib uylanibdi. Yigit qiz bilan go‘shangada o‘tirgan vaqtida bergan va’dasi esiga tushibdi. U voqeadan xotinini xabardor qilibdi. Qiz ham noiloj rozi bo‘libdi. Qiz yarim kechada eng yaxshi kiyim-boshlarini kiyib, qimmatbaho bezaklarini taqib, yigitning o‘rtog‘ining uyiga jo‘nabdi. U «past ko‘cha bilan aylansam uzoq bo‘ladi», deb qabristondan o‘tib ketayotgan ekan, u yerda qirq qaroqchi yotgan ekan. Qiz shu qirq qaroqchining qo‘liga tushibdi. Qaroqchilarning boshlig‘i:
— Menga buni olib beringlar, — debdi. Boshqalari:
— Buning kiyim-kechaklari ko‘p ekan, o‘zini o‘ldiraylik, moli kamida bir haftalik xarajatimizni ko‘taradi, — debdi. Bir qaroqchi:
— Bu yarim kechada yurgan qanaqa qiz o‘zi?! O’zidan so‘raylikchi, nima der ekan? — debdi.
Qiz o‘zining boshidan o‘tgan voqealarni qaroqchilarga bir-bir aytib beribdi. Qaroqchilar:
— Biz, «qaroqchilargina mard bo‘ladi» desak, bizdan ham mard odam bor ekan. Kelinglar, biz ham bir mardlik qilib, qizni bo‘shatib yuboraylik, — debdi. Bu gap hammasiga ma’qul tushibdi. Qiz qaroqchilar qo‘lidan eson-omon qutulib borib, kuyov aytgan do‘stining darvozasini taqillatibdi. Yigit chiqib, eshik ochibdi:
— Siz kimsiz? Kechasi nima qilib yuribsiz? — deb yigit qizdan so‘rabdi.
— Sizning bir do‘stingiz bor ekan. Shu do‘stingiz bilan qilgan bir va’dangiz bor ekan. U sizni to‘yga aytishni esidan chiqarib qo‘yibdi. To‘y o‘tishi bilan siz bilan qilgan sharti esiga tushib, meni sizga yubordi. Ruxsat etsangiz, uyingizga kiray, — debdi.
— Rahmat, men unga tan berdim. Hali ham o‘rtog‘imning o‘ziga qaytib boring, — deb uyiga kirgizmabdi. Qani aytinglarchi, bu yerda kimning mardligi hammadan ko‘ra ko‘proq tahsinga sazovor, shuncha dunyo sarf qilib xotin olib, o‘rtog‘iga yuborgan yigitnimi yoki qizga tegmay jo‘natib yuborgan qaroqchilarnimi yoki yigitning o‘rtog‘inimi? — deb qozi hikoyasini tamomlabdi. Shunda ikkita kichik uka hayron bulib qolibdi. Katta aka esa:
— Albatta, qirq qaroqchi insofli, — debdi.
— A-ha, qirq qaroqchi deb, ularga tan berdingiz, otning boshidek keladigan uchta oltinning birini siz olgan ekansiz-da, — debdi qozi. To‘ng‘ich aka:
— Taqsir, bola-chaqaliman, rost aytdingiz, birini men olgan edim, — debdi. Ikki ukasi esa:
— Akamning hech qanday aybi yo‘q, — deb, otning boshidek keladigan ikkita oltindan akalariga ham bo‘lishib berishibdi-da, keyin o‘z shaharlariga qaytib, maqsadlariga yetishibdilar.

Aqlli, idrokli, zehnli