Aql tishi nega og‘rib chiqadi? haqida malumot

Aql tishi nega og‘rib chiqadi? haqida malumot

— Ikki yil avval aql tishim chiqa boshladi. Og‘riqlar bo‘ldi. Ammo og‘riq hozir ancha kuchaygan. Ko‘pchilik uni oldirib tashlarkan. Bu qanchalik to‘g‘ri? Oldirmasdan davolashning yo‘llari bormi?

aql tishi

— Rostdan ham aql tishining yorib chiqishi ko‘pincha qattiq og‘riq va yallig‘lanish bilan birga kechadi.  Mutaxassislarning aytishicha, bor-yo‘g‘i 30 foiz kishi kech chiqadigan tishdan aziyat chekmas ekan, qolganlar esa uning og‘rig‘i va asoratlari bilan kurashib keladi.

Katta yoshdagi odamning og‘iz bo‘shlig‘ida 32 dona tishi bo‘lib, ulardan 28 tasi balog‘at yoshiga yetguncha o‘sib, shakllanib bo‘ladi. Qolganlari esa 17-25 yoshda yoki undan keyinroq rivojlanadi. Kech chiqadigan tishga «aql tishi», deb nom berilishiga ham sabab shu. Chunki odam bu yoshda alohida dunyoqarash va fe’l-atvorga ega bo‘ladi. Ayrim hollarda tish milkni yorib chiqmasligi ham mumkin.

Aql tishi ko‘rinishi bo‘yicha boshqalaridan farqlanmaydi. Aql tishlarining asosiy xususiyati shundaki, ularning «o‘tmishdoshi» — sut tishlari bo‘lmaydi va birdan ildizli tish o‘sib chiqadi. Ildizi noto‘g‘ri shakllangan yoki bir nechta ildizdan iborat bo‘lishi ham mumkin.

Uning rivojlanishi va o‘sishi har bir kishining irsiyatiga, tish qatorining joylashuviga, jag‘ suyaklari shakliga bog‘liq bo‘ladi. Muammolar ko‘pincha odam jag‘ suyagi ajdodlarinikiga qaraganda kichrayib borayotgani bilan bog‘liq. Ya’ni, aql tishi bemalol yorib chiqishi uchun og‘iz bo‘shlig‘idagi tishlar safida joy yetishmayotgani sabab ham muammolar kelib chiqishi mumkin. Natijada, aql tishi o‘sish uchun noto‘g‘ri yo‘nalish tanlaydi va qo‘shni tishlar, milk va ba’zida yuz suyaklariga xavf tug‘diradi. Aql tishning yorib chiqishi va o‘sishi uzoq vaqt davom etib, ko‘pincha og‘riq va yallig‘lanish bilan kechadi. Bundan tashqari, bu tish etni yorib chiqa olmasa, og‘iz bo‘shlig‘ida noto‘g‘ri yo‘nalish tanlasa, muammolar paydo bo‘ladi. Shuningdek, kariyesning erta boshlanishi, gigiyenaga rioya qilinmaslik, perikoronarit, pulpit, periodontitda ham og‘riqlar boshlanadi.

Odatda, aql tishi bezovta qilganlar muammoning ildiziga e’tibor bermay, og‘riqni vaqtincha qoldirishga shoshiladi. Lekin bu bilan muammo hal bo‘lib qolmaydi. Aql tishi bilan bog‘liq yallig‘lanish va boshqa muammolar bir qancha xastaliklarga, ya’ni uch shoxli asab nevriti, abssess, kista, granulema, osteomiyelit — suyak to‘qimalarining yallig‘lanishi, yumshoq va mushak to‘qimalarning yiringlashiga olib kelishi mumkin.

Stomatologga murojaat qiling

Bu tish bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelganda stomatolog-jarroh, stomatolog-terapevt yordami lozim bo‘ladi.

Terapevtik davolash shishni yo‘qotishga qaratiladi va analgetiklar, antibiotiklar, antiseptik dori-darmonlar qo‘llaniladi. Tishning holatidan kelib chiqqan holda shifokor uni saqlab qolish yoki olib tashlash kerakligini aniqlaydi. Og‘riq yoki yallig‘lanish holatida uy sharoitida yuzga sovuq kompress qo‘yish, og‘izni dorivor o‘tlar bilan yoki milk yallig‘lanishini kamaytiruvchi infeksiyaga qarshi kurashuvchi antiseptik vositalar bilan chayish, yallig‘lanishga qarshi dorilar va og‘riq qoldiruvchi analgetiklar qabul qilishni boshlash kerak.

© Tohir TULYAKOV, stomatolog.
«Oila davrasida» gazetasi.

Kasalliklar
Aql tishi nega og‘rib chiqadi?