
APPENDIKULYARIYALAR haqida malumot bilib oling.
APPENDIKULYARIYALAR (Appendicularia) — xordalilar tipi krbiklilar kenja tipiga mansub sinf. Suvda suzib yuradigan dastlabki xordalilardan kelib chiqqan. Uz. 0,5 mm gacha, gavdasi tana va dumdan iborat. Dumida xordasi, nerv nayi va koʻndalang targʻil muskullari joylashgan. Tanasi dildiroq shaffof moddadan iborat qobiq — uycha ichida joylashgan. Uychaning oldingi va orqa tomonida teshik boʻladi. Dumining harakati tufayli suv oldingi teshigida joylashgan filtrlovchi apparat orqali oʻtib orqa teshigidan chiqib ketadi. Filtrlovchi apparatning ingichka ipchalardan iborat panjaralari Appendikulyariyalar uchun oziq boʻladigan mayda organizmlarni tutib qoladi. Filtrlovchi apparat ifloslanganida Appendikulyariyalar uychasini buzib chiqib yangi uycha qurib oladi. Appendikulyariyalar halqumida endostil va bir juft jabra teshiklari boʻladi. Jabraoldi boʻshligʻi boʻlmaydi. Anal teshigi tanasining qorin tomonida. Miyasi ustida yorugʻlikni se-zadigan koʻzchasi va stototsisti joylashgan. Koʻpchilik turlari germafrodit. Faqat jinsiy yoʻl b-n koʻpayadi. Lichinkasining ogʻzi va anal teshigi boʻlmaydi. 100 ga yaqin turi maʼlum, barcha dengizlarda, asosan suvning ustki qatlamlarida uchraydi.
Ensiklopediya.uz
APPENDIKULYARIYALAR