ANTROPONIMIKA haqida malumot bilib oling.
ANTROPONIMIKA (antropo… va yun. opuma — nom) — onomastikaning boʻlimi. Odamlar ismini, ularning tarqalganligi, kelib chiqishi, jamiyatda amalda qoʻllanishini va bundan tashqari antroponimik tizimlar tuzilishi hamda rivojlanishini oʻrganadi. Atoqli ot turlari, taxallus, laqab, nisba va shaxsni atashlikning turli usullari ham Antroponimika tadqiqot manbaidir. Mas, Sohibqiron Amir Temur Taragʻay Bahodir Koʻragoniy. Bunda faqat Temur shaxsning xos ismi, Amir — hukmdorlik darajasini anglatadi, Sohibqiron — Temurga zamondoshlari tomonidan berilgan sifat (asr, davr sohibi degan maʼnoni bildiradi), Taragʻay — otasining ismi (familiya hisoblanadi), Bahodir — otasining laqabi, Koʻragon — xonga kuyovlik nisbasi.
Dunyodagi turli xalqlarda turlicha antroponimik tizim mavjud boʻlgan. Mac, Qad. Rimda har bir erkak xos ismi oldidan keladigan nomga — avloddan avlodga oʻtadigan urugʻ nomiga ega boʻlgan, bu urugʻning shajarasini tavsiflagan. Hoz. Ispaniya va Portugaliyada bir kishi bir necha xos (katolik cherkovi roʻyxatidan olinadigan) ismga, otasi va onasining familiyasiga ega boʻlishi mumkin. Islandiyada har bir kishi, bir necha xos ismga (cheklangan roʻyxatdan olingan) va familiya oʻrnida otasining ismidan hosil boʻlgan nomga ega boʻladi. Xitoy, Koreya, Vyetnamda kishi nomi bir boʻgʻinli familiyadan (turli davrda ular 100 dan 400 gacha boʻlgan) va xos (odatda ikkita bir boʻgʻinli morfemadan tashkil topgan) ismga ega boʻladi, xos ismlar miqdori cheklanmaydi. Antroponimika tizimida kipokoristika (erkalatib, kichrayti-rib atash — mas, (Lazizjon), Dilobar(xon), (Homidcha), (Ahmadcha) va h. k.) aloxida oʻrin tutadi. Antroponimika maʼlumotlari tilshunoslikning boshqa sohalari uchun, jamiyatshunoslikda, xalqlar tarixini oʻrganishda muhim ahamiyatga ega. Ernst Begmatov.
Ensiklopediya.uz
ANTROPONIMIKA