ANTITSIKLON haqida malumot bilib oling.

Ensiklopediya
ANTITSIKLON haqida malumot bilib oling.

ANTITSIKLON (yun. anti… va siklon) — atmosferada yuz beradigan hodisa; havo oqimlari harakatidan hosil boʻladigan juda katta atmosfera girdobi. Shim. yarim sharda soat mili yoʻnalishida, Jan. yarim sharda esa unga qarama-qarshi harakatlanadi.

Antitsiklon markazida havo bosimi maksimal boʻlib, chetlariga tomon asta-sekin pasayib boradi. Antitsiklonning diametri 3 — 5 ming km gacha, harakat tezligi 30 — 40 km/soatga yetishi mumkin. Oʻrta Osiyodagi Antitsiklonlar Yer yuzining boshqa hududlariga qaraganda tezroq: yozda soatiga 50 km gacha, qishda esa 60 — 65 km harakatlanadi. Antitsiklon doirasida havo yuqoridan pastga qarab siljiydi. Antitsiklon egallagan maydonda havoning pastga tushishi va isishi tufayli erkin atmosferada harorat astasekin koʻgariladi va natijada ob-havo koʻpincha ochiq yoki kam bulutli boʻladi. Qishda va kechasi yer yuzasida havoning sovushi natijasida Antitsiklonning pastki qatlamida inversiyalar, bulutlar va tumanlar vujudga kelishi mumkin.

Antitsiklonning Oʻrta Osiyo hududi orqali utishi sovuq havo massasi bostirib kelishining oxirgi davriga toʻgʻri keladi. Antitsiklon kam bulutli ob-havoni vujudga keltiradi. Sibir A. i jan.-gʻarbiy qismining Oʻrta Osiyo hududiga tarqalishi ochiq havoga sababchi boʻladi.

Tohir Muxtorov.

Ensiklopediya.uz
ANTITSIKLON