ANGREN haqida malumot bilib oling.

Ensiklopediya
ANGREN haqida malumot bilib oling.

ANGREN (Ohangaron, yaʼni «temirchilar» atamasining ruscha buzilgan shakli) — Toshkent viloyatidagi shahar (1941 — 46 y. larda shaharcha). Jigariston, Jartepa, Teshiktosh, Qoʻyxona qishloqlari oʻrnida bunyod etilgan. Ohangaron daryosi boʻyida. Toshkentdan 120 km jan.-sharqda. T. y. stansiyasi. Aholisi 130,0 mingdan ziyod kishi (2000). Ohangaron vodiysining togʻli qismida. Angrenni shim.-gʻarbdan Chatqol tizmasi, jan.sharqdan Qurama togʻ tizmalari oʻrab turadi. Iyulning oʻrtacha t-rasi 27°, qishi ancha sovuq, yanv. ning oʻrtacha t-rasi — 2°. Bahorda jala yogʻib, qattiq shamollar boʻlib turadi. Shamolning tezligi 3 — 6 m/sek, baʼzan 15 m/sek ga yetadi. Tarixiy manbalarda qayd etilishicha, Ohangaron vodiysida oʻrta a. larda aholi ancha zich yashagan va temirchilik, hunarmandchilik b-n shugʻullangan. 1934-y. dan Ohangaron vodiysida geologik qidiruv ishlari boshlandi. 1940-y. A. da dastlabki koʻmir shaxtasi barpo qilinib, 1942-y. ishga tushirildi. Angren qurilishida ayrim xatolarga yoʻl qoʻyildi: chunonchi shaharning asosiy qismi kumir qatlamlari ustiga qurilib qolgan boʻlib, keyinchalik shaharni boshqa joyga koʻchirishga toʻgʻri keddi. 1956-y. martida yangi loyiha tasdiklanib, yangi shahar eskisi oʻrnidan 7 — 8 km jan.-gʻarbda, Dukantsoy bilan Qorabovsoy va Toshkent — Qoʻqon yoʻli yoqasida koʻmirdan xoli boʻlgan joyda qad koʻtardi.

A. Oʻrta Osiyoda katta ahamiyatga ega boʻlgan koʻmir va energetika sanoati markazi. Urush yillarida Oʻzbekistonning koʻpgina sanoat korxonalari Angren koʻmiri b-n taʼminlanib turdi. A. da oziqovqat va yengil sanoat korxonalari ham bor. A. ning eng yirik sanoat korxonasi «Oʻzbekkoʻmir» k-tidir. Angrenda chiqariladigan koʻmirning 2/3 qismidan koʻprogʻi ochiq usulda qazib olinadi. Angrenda koʻmirning bir qismi «Yerostigaz» styasida yer qaʼrida gazga aylantirilib Angren GRES va Yangi Angren GRESlarini gaz bilan taʼminlab turadi. Kon uskunalarini tuzatish, sement, temir-beton buyumlari va yigʻma temir-beton, tajribamexanika, avtomobil taʼmirlash, «Angren rangli metallar», non, sut z-dlari, «Sanoatkartonsavdo» hissadorlik jamiyati, «Angrenkulol» hissadorlik jamiyati, «Oʻzbekrezinatexnika» i. ch. birlashmasi, oltin boyitish f-kasi, «Kaolin» (kaolin boyitish f-kasi) OʻzbekGermaniya qoʻshma korxonasi, 2 yirik avtokorxona, Oblik, noruda materiallar karyeri, uysozlik k-ti ishlab turibdi. 1941-y. Toshkent bilan Angren oʻrtasida 114 km li t. y. oʻtkazildi. Toshkent — Angren — Koʻqon — NamanganAndijon — Oʻsh avtomobil yoʻli oʻtadi.

Angrenda ped. in-ti, texnika kolleji, texnika, ped., tibbiyot bilim yurtlari, turk, texnika, ped. litseylari, yosh texniklar st-yasi, 3 musiqa maktabi, sport maktabi, 5 poliklinika, 6 dispanser, 5 kasalxona, 3 profilaktoriy, 14 do-rixona, 1 mehmonxona, 35 kutubxona, 4 klubkinoteatr, oʻlkashunoslik muzeyi, suratlar galereyasi bor. 1996-y. 3000 kishilik masjid qurildi. Navoiy nomidagi madaniyat saroyi, shahar sport kompleksi, yopiq suzish havzasi, bokschilar saroyi, shaxmat klubi ishlab turibdi. «Angren haqiqati», «Angrenskaya pravda» gaz. lari nashr qilinadi.

Ensiklopediya.uz
ANGREN