Andropauza
Andropauza
DO`STLARGA ULASHING:
Ma’lumki, 45 yoshdan e’tiboran ayollarda klimaks oldi davri boshlanadi va bu oxir-oqibat hayzning va ayollar jinsiy gormoni – estrogen ishlab chiqarilishining to‘xtashi bilan tugaydi. Klimaks faqatgina ayollarga xos deb o‘ylasangiz, adashasiz. Bunday holat erkaklarda ham bo‘ladi va u andropauza deb ataladi. Ayollar va erkaklar klimaksining farqi shundaki, andropauzadan keyin ham erkaklarda reproduktiv faoliyat saqlanib qoladi
Andropauzaning asosiy belgisi erkaklik jinsiy gormoni bo‘lmish testosteron ishlab chiqarilishining kamayishidir. Odatda 30 yoshdan boshlab testosteron ishlab chiqarilishi yiliga 1-2 foizdan kamayib boradi. Andropauzaga chalingan erkaklar o‘rtacha 45 yoshda bo‘ladi.
Xo‘sh, erkak salomatligi uchun testosteron qanchalik muhim? Testosteron erkaklardagi asosiy jinsiy gormon bo‘lib, jinsiy a’zolar va suyak-mushak tizimining risoladagidek rivojlanishi, tuklarning chiqishi, ikkilamchi jinsiy belgilarning paydo bo‘lishi, jinsiy maylning uyg‘onishi uchun mas’ul hisoblanadi. Qisqacha aytganda, testosteron erkakni erkak qilib turadigan gormondir.
Erkak organizmida testosteron gormonining kamayib ketishi tufayli moddalar almashinuvi buziladi, jinsiy mayl susayadi, erektil disfunksiya (jinsiy ojizlik) belgilari paydo bo‘ladi.
Gormonal buzilishlar testosteron ishlab chiqarilishi kamayishiga olib keluvchi sabablardan biridir. Gormonal buzilishlar natijasida spermatogenez (sperma hosil bo‘lishi) ham buziladi, mushak massasi va jinsiy mayl kamayadi, jinsiy ojizlik kelib chiqadi. Ba’zida bu jarayon erkaklarda sut bezlarining kattalashishi, moyak va prostata bezi hajmining kichrayishiga ham olib keladi.
Ba’zan ayrim dori preparatlari – prednizolon, anaboliklarni qabul qilish; infeksiyalar, jarohat yoki jarrohlik operatsiyalari tufayli moyakning zararlanishi tufayli ham testosteron ishlab chiqarilishi kamayishi mumkin. Bundan tashqari, uzoq davom etgan ruhiy tushkunlik, stress ham shunday holatga olib keladi. Shu o‘rinda barqaror jinsiy hayot kechirish ham muhim ahamiyatga egaligini unutmaslik lozim.
Hech qanday tahlillarsiz ham andropauza yaqinlashayotganini sezsa bo‘ladi. Erektil funksiyaning buzilishi, jinsiy maylning va spermada reproduktiv xususiyatning kamayishi ushbu holatning asosiy belgilari hisoblanadi.
«Qizig‘i, ba’zi erkaklar klimaks davrida tanib bo‘lmaydigan darajada o‘zgarib ketishadi. Jahldor, serzarda erkaklar birdaniga yuvosh tortib qolishi, musichadek beozor erkaklar esa duch kelganga zahrini sochadigan, g‘azabnok odamga aylanib qolishlari mumkin, kishi arzimagan ruhiy ta’sirotlarga ham beriluvchan bo‘lib qoladi», – deydi urolog-androlog Zarifjon Murodov.
Qaysi bosqichda bo‘lmasin, andropauzani davolash darkor. Bu eng avvalo erkakning o‘zi uchun kerak. Oz bo‘lsa-da, testosteron darajasining nomallashuvi va bu gormon ishlab chiqarilishining izga tushishi erkakda o‘ziga bo‘lgan ishonchning ortishiga xizmat qiladi. Axir erkak uchun eng muhimi shu emasmi?..
ANDROPAUZANI ANIQLASH
Savollarga «ha» yoki «yo‘q» deb javob bering.
Sizda umumiy ahvolning yomonolashishi kuzatilyaptimi?
Bo‘g‘imlar va mushaklarda og‘riq bormi?
Ter ajralishi ko‘payganmi?
Uyqu buzilishlari kuzatilyaptimi?
Hadeb uyqu bosyaptimi, tez charchab qolyapsizmi?
Oxirgi paytda jizzaki bo‘lib qoldingizmi?
Asabiylik (ichki zo‘riqish, behalovatlik) kuzatilyaptimi?
Xavotir holatlari (sarosimaga tushish) kuzatilyapti?
Jismonan zaiflashib qoldingizmi?
Mushaklaringizda quvvat kamaydimi?
Sizda depressiv holatlar kuzatilyaptimi?
Faol davrim o‘tib ketdi, deb o‘ylayapsizmi?
O‘zingizga ishonch kamaydimi?
Yuzingizda tuklar kamaydimi?
Jinsiy qobiliyatingiz susaydimi?
Ertalabki ereksiyalar kamayganmi?
Jinsiy mayl kamayganmi?
Andropauza