ANDIJON BOLALAR VA YoSHLAR TEATRI haqida malumot bilib oling.

Ensiklopediya
ANDIJON BOLALAR VA YoSHLAR TEATRI haqida malumot bilib oling.

ANDIJON BOLALAR VA YoSHLAR TEATRI, Abbos Bakirov nomidagi Andijon davlat bolalar va yoshlar teatri — bolalar va yoshlar teatri. 1990-y. 1 dek. da «Istiqbol» teatr-studiyasi asosida tashkil boʻlgan. «Temir xotin» (Sh. Boshbekov) spektakli bilan ochilgan. Teatrning asoschisi va badiiy rahbari Mannon Hamidov boshchiligida Q. Madaminov, M. Turgʻunov, M. Madrahimova, T. Roʻziyeva, M. Xoldorov, F. Mamasodiqova, adabiy emakdosh Ziyo Najmiy kabilar teatrning dastlabki ijodkorlaridir. «Baloyi nafs» (M. Asadullayev), «Hazon boʻlgan gul» (X. Qozoqova), «Yaxshivoy va Yomonvoy» (B. Ixtiyorov), «Dilijon daydilari» (M. Hamid), «Moʻjizalar olami yoxud Sanoʼi nafisa» (3. Najmiy) va b. teatrda sahnalashtirilgan dastlabki spektakllardir. «Sevgi afsonasi» (O. Xoldor), «Toʻylar muborak» (Oʻ. Hoshimov), «Afandining besh xotini» (I. Sodiqov) komediyalari, «Alvido bolalik» (T. Malik) fojiaviy dramasi, «Hayot eshik ortida» (S. Sirojiddinov) tragikomediyasi, shuningdek E. Sobirovning «Buqoqning koʻngli» hajviy tomoshasi bilan teatr oʻz mavqeini mustahkamlab oldi. Teatr oʻz rejissurasida zamonaviylik va tomoshaviylikning oʻziga xos turmushbop uygʻunligini, sodda va ayni bir paytda noziq did bilan purmaʼno asarlar yaratish mahoratiga erishdi. «Nargis fojiasi», «Shayton koʻli yonida» (I. Yumagulov), «Kasotlar» (E. Sobirov), «Zanjirband sheʼr» (3. Najmiy), «Qirol Lir» (U. Shekspir), «Bugunning Hamleti» (M. Hamid) singari spektakllar teatrning keyingi yillar ijod mahsulidir.

Yoshlarni maʼnaviy kamol topishida oʻz hissalarini qoʻshish, oʻtmishimizning buyuk tarixini haqqoniy aks ettirish, milliy teatr anʼanalariga sodiq qolib, ustozlar yoʻlidan borish teatrning asosiy maqsadidir. M. Ubaydullayeva, S. Ulugʻov, B. Mirzakarimova, Sh. Abdullayeva, V. Roʻzimatov, S. Boyxonboyeva, N. Hakimov, M. Ibrohimova, V. Turdiyev, S. Mirzayev va b. teatrning yetakchi aktyorlaridir.

Salohiddin Sirojiddinov.

Ensiklopediya.uz
ANDIJON BOLALAR VA YoSHLAR TEATRI