Amniotik suyuqlik nima? Salomatlik haqida

Amniotik suyuqlik nima? Salomatlik haqida

amniotik suyuqlik nima salomatlik haqida 65cce3c6066a9


Mobil ilovani yuklab oling

Lalu mobil ilovasini yuklab oling va homiladorlik hamda onalar maktabi aʼzosiga aylaning.


Amniotik suyuqlik homilaning sogʻlom rivojlanishi uchun juda muhim ahamiyatga ega.  Shu bilan birga, bachadondagi ushbu suyuqlik miqdorining meʼyordan kam yoki koʻpligi turli oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Amniotik suyuqlik nima?

Bola bachadonda ikkita membrana, amnion va xoriondan tashkil topgan amniotik parda ichida joylashgan boʻladi. Homila amniotik suyuqlik bilan to’lgan parda ichida oʻsadi va rivojlanadi.

Dastlab, suyuqlik ona tomonidan, homiladorlikning 20-haftasiga kelib, homila buyragi tomonidan ishlab chiqariladi, chunki homila suyuqlikni yutadi va ajratib chiqaradi.

Amniotik suyuqlik qanday koʻrinishda boʻladi?

Amniotik suyuqlik shaffof yoki sargʻish rangga ega. Agar suyuqlik rangi oʻzgargan boʻlsa, demak, chaqalogʻingiz bachadonda mekoniy (chaqaloqning birinchi najasi) ajralish hodisasini sodir qilgan bo’lishi mumkin. (Bu holda, suyuqlik odatda yashil yoki jigarrang koʻrinadi). Suyuqlik rangi oʻzgarganda shifokor homilaning nafas olish bilan bogʻliq muammosi bor yoki yoʻqligini tekshiradi.

Amniotik suyuqlik vazifalari

Amniotik suyuqlikning vazifalari quyidagicha:

  • Homilani himoya qilish: chaqaloqni tashqi bosimdan himoyalab, amortizator vazifasini bajaradi;
  • Haroratni nazorat qilish: bachadon ichidagi tana haroratini normal ushlab turishga yordam beradi;
  • Infeksiyadan himoya: amniotik suyuqlikda antitanalar mavjudligi bois, u chaqaloqni turli infeksiyalardan asraydi;
  • Oʻpka va ovqat hazm qilish tizimining rivojlanishi: suyuqlik orqali nafas olayotganda chaqaloqning oʻpka va hazm qilish tizimlari rivojlanadi;
  • Mushak va suyaklarning rivojlanishi: chaqaloq amniotik parda ichida suzayotganda erkin, muammolarsiz harakat qiladi, bu esa mushaklar va suyaklarning toʻgʻri rivojlanishiga imkon beradi;
  • Amniotik suyuqlik qoʻl va oyoq barmoqlari qismlarini bir-biriga yopishib oʻsishiga toʻsqinlik qiladi, agar amniotik suyuqlik darajasi past boʻlsa, barmoqlar qoʻshilib oʻsishi mumkin;
  • Yo’ldosh faoliyatiga yordam: bachadondagi suyuqlik yo’ldoshning siqilib qolish xavfini kamaytiradi. U orqali oziq-ovqat va kislorod platsentadan homilaga oʻtadi.

Odatda, amniotik suyuqlik darajasi homiladorlikning 36-haftasida koʻpayib, taxminan 1 litrni tashkil qiladi. Tugʻilish yaqinlashganda esa kamayadi.

Suyuqlikdagi buzilishlar

Baʼzida amniotik suyuqlikning odatdagidan koʻproq yoki kamroq boʻlishi mumkin. Oligogidramnioz — bu amniotik suyuqlikning meʼyordan kam boʻlishidir.

Oligogidramnioz har qaysi trimestrda paydo boʻlishi mumkin, ammo homiladorlikning dastlabki 6 oyida koʻproq sodir boʻladi. Bu vaqt ichida tugʻma nuqsonlar, homila tushishi yoki erta tugʻilish xavfi yuqori.

Agar oxirgi trimestrda suyuqlik darajasi past boʻlsa, quyidagi oqibatlarga olib kelishi mumkin:

  • Homila oʻsishining sekinlashishi;
  • Tugʻish jarayonida qiynalish;
  • Kesarcha kesish bilan tugʻilish zarurati.

Homiladorlikning qolgan davri ham bola normal rivojlanayotganiga ishonch hosil qilish uchun kuzatib boriladi.

Poligidramnioz (baʼzi hollarda, gidramnioz yoki amniotik suyuqlikning buzilishi deb ham ataladi) bu meʼyordan koʻp suyuqlikning boʻlishidir.

Poligidramniozning yengil holatlari odatda maxsus muolaja talab etmaydi. Ogʻir holatlarda, yaʼni suyuqlik haddan tashqari koʻpayib ketganda amniosentez qilinadi yoki indometatsin kabi dorilar qabul qilish mumkin. Bu oʻz navbatida chaqaloq ishlab chiqaradigan siydik miqdorini kamaytiradi.

Homiladorlik davrida amniotik suyuqlikning oqib chiqishi, shu bilan birga, suyuqlikning miqdori kam yoki koʻpligidan xavotirda boʻlgan har bir homilador ayol bu haqida shifokorga murojaat qilishi kerak.

Salomatlik