Amir Temurning tashqi siyosati va harbiy yurishlari to’liq malumot oling
Amir Temurning tashQi siyosati va harbiy yurishlari.
Mundarija
скрыть
Buyuk sohibqiron Amir Temurning markazlashgan davlat tuzish va uni mustahkamlash borasidagi faoliyatiga Oltin O‘rda va Oq O‘rda davlatlari katta xavf tug‘dirib turgan edi. Sharq va Farb o‘rtasidagi savdo karvon yo‘llari ham ularning tasarrufida edi.
XIV asr 70-yillari o‘rtalaridagi Oq O‘rdadagi voqealar, Oq O‘rda xoni O‘rusxon va uning o‘g‘li Temurmalik, nonko‘r To‘xtamish bilan bo‘lgan janglar, Oltin O‘rdaning tor-mor etilishi Amir Temur davlatining markazlashgan holda mustahkamlanishiga imkon yaratdi.
Buyuk Amir Temur mohir sarkarda sifatida qattiq intizomga bo‘ysungan qo‘shin tuzdi. Ular o‘nlik, yuzlik, minglik, tumanlik asosida boshqarildi. Harbiy yurishlar vaqtida «oddiy askarlardan har 18 kishi o‘zi bilan birga bir chodir, xar biri ikki ot, bir kamon, bir sadoq o‘q, bir qilich, arra, bigiz, bir qop, bolta, o‘nta igna va bir charm xalta olishlari shart»1 qilib qo‘yilgan.
Sohibqiron uchun har bir askar jang qilish uslublarini yaxshi bilishi farz hisoblangan. U o‘z qo‘shiniga katta e’tibor berib, ular nizomni qat’iy bajarishi, jangda ayovsiz va dovyurak bo‘lishi, dushmanga yumshoq muomalali va adolatli bo‘lishi lozim deb hisoblagan. Ibn Arabshohning yozishicha, Temur askarlari ichida taqvodor, saxovatli, xudojuy kishilar ko‘p bo‘lgan. Ular bechoralarga xayru-ehson ko‘rsatish, boshiga og‘ir tashvish tushganda yordam qo‘lini cho‘zish, asirlarga yumshoq muomalada bo‘lish va ularni ozod etishga odatlanganlar.
Amir Temur armiyasida Amir Xo‘ja Sayfiddin, Amir Sulaymon Xash, Amir Oqbug‘a, Amir Soribug‘a, Amir Birandiq, Shayx Ali Bahodir, Temur Tosh, Baratxo‘ja, Amir Dovud Barlos, Amir Muayyad, Arlot kabi qo‘mondonlar xizmat qilganlar. Ayrim yurishlarda Amir Temurning o‘g‘illari va nabiralari ham qo‘shinga qumondonlik qilganlar.
1380-1382 yillarda Amir Temur Xuroson yerlarini bo‘ysundirib, Hirot, Astrobod, Domg‘on, Semnon va Mazandaronlarni qo‘lga kiritgan edi.
Amir Temur birinchi yirik yurishlarini Eron, Armaniston, Gurjiston va Iroqqa qaratdi. Eronning janubi-Isfaxonda hukmronlik qilib turgan muzaffariylar sulolasi, Iroq va Ozarbayjonda hukmronlik qilib turgan Elxoniylar Amir Temurga taslim bo‘ldilar. Armaniston va Gurjiston ham eg‘allandi.
1398 yili mayida Afg‘oniston va Hindistonga yurish boshlandi. Avgust oyida Qobul, 15 dekabrda esa Dehli eg‘allandi.
Amir Temur Misr va Suriya sultoni Barsuqning vafoti to‘g‘risidagi xabarni eshiitgach,1399 yil oktyabrida Misr sari yo‘l oldi. Barsuq o‘rnida taxtga o‘tirgan yosh sulton Faraj Sohibqiron qo‘shinlariga bas kelolmadi. 1400 yilda Suriya va Misr ham eg‘allandi.
Bu paytda Turkiya sultoni Boyazid butun Yevropaga xavf solayotgan edi. Uning qo‘shini chaqmoqdek harakat qilib, o‘lkan g‘alabalarni qo‘lga kirita boshlagan edi. Shu bois ham Boyazidga «yildirim» (chaqmoq) laqabi berilgan edi. U 1396 yilda Yevropaning 100 ming kishilik armiyasi ustidan g‘alabaga erishadi. Jangda Yevropa ritsarlarining eng saralari halok bo‘ladi. Shu tufayli ham Yevropa davlatlari turklarga bas keladigan qudratli kuch deb, faqat Amir Temurni tanlagan edilar. Shu bois bu davlatlar Amir Temur davlati bilan harbiy, siyosiy va savdo munosabatlarini o‘rnatishga intilib, muntazam ravishda o‘z elchilarini yuborib turdilar. 1401 yilda Qorabog‘da turgan Amir Temur huzuriga Kastiliya qiroli Genrix III ning elchilari Payo de Satamayor va Don Ernon Sancheslar tashrif buyurdilar. Konstantinopol regenti Ionning elchilari Frensis va Aleksandrlar Boyazidga qarshi birgalikda kurashish taklifi bilan keladilar. Gresiya imperatori Manuel III ham shu taklif bilan murojaat qiladi. Venesiya hukmdori esa Amir Temurga bu ishda flot bilan yordam berishga va’da qiladi.
Amir Temur bu qistovlar va va’dalarga e’tibor bermagan holda Boyazidga do‘stona maktub yo‘llab, o‘zining raqibi Qora Yusufni qaytarib yuborishni so‘raydi. Ammo Boyaziddan haqoratomuz javob oladi. Aynan mana shu haqorat ikki o‘rtada urush bo‘lishiga sabab bo‘ladi. 1402 yilning iyulida Anqara yaqinidagi jangda Amir Temur 2000 ming kishilik qo‘shin bilan Boyazid va uning qo‘shinlari ustidan g‘alaba qozonadi. Boyazid esa asirga olinadi.
Amir Temurning beg‘araz jahongir ekanligini yana shu joyda ko‘rish mumkin-ki, u to‘liq g‘alabaga erishgan bo‘lsa ham, Turkiyani o‘z davlatiga qo‘shib olmasdan, Boyazid o‘rniga uning o‘g‘lini sulton qilib qo‘yadi.
Amir Temur Anqara yonidagi g‘alaba tufayli «Yevropa xalaskori» nomini oldi. U Yevropani vayronlik va zulmdan saqlab qoldi.
Bu g‘alaba Amir Temur qo‘shinlarining juda katta va buyuk g‘alabalaridan biri bo‘lib, u Temur harbiy nazariyasi, taktikalarining beqiyos tantanasi bo‘ldi. Samarqand va Yevropa mamlakatlari o‘rtasida diplomatik va savdo aloqalarining o‘rnatilishi va kengayishi ham ana shu davrdan boshlandi.
Amir Temur o‘sha davrda muhim mavqega ega bo‘lgan Xitoyni ham bo‘ysindirishni birdan-bir maqsad qilib qo‘yib, ana shunga puxta tayyorgarlik ko‘ra boshladi. Bir necha yilgi puxta tayyorgarlikdan so‘ng 1404 yilda o‘z maqsadini amalga oshirish uchun 200 ming jangavor qo‘shin bilan Xitoy tomon yurish boshladi.
Ana shu tariqa Amir Temur o‘zining uch yillik (1386-1388), besh yillik (1392-1398), yetti yillik (1399-1405) yurishlari davomida Ozarbayjonda jaloyirlar, Sabzavorda sarbadorlar davlatini, Hirotda kurdlar davlatini tugatib, Eron va Xurosonni, Hindiston, Suriya va Misr yerlarini eg‘allaydi.
Ammo u 1405 yilning 15 fevralida jangavor yurish chog‘ida O‘tror shahrida kasallanib vafot etdi. Shu tariqa Sohibqironning buyuk Xitoyni qo‘lga kiritish rejasi amalga oshmay qoldi.
Jahongir Amir Temur o‘z faoliyati davomida ko‘p janglar qildi va bu janglar natijasida Qora, Egay va O‘rta Yer dengizlaridan to Hindistonning sharqi, Mo‘g‘uliston, Xitoygacha, Urol tog‘lari, Moskva ostonalari va Dnepr bo‘ylarigacha bo‘lgan hududni zabt etdi.
Amir Temur o‘z harbiy yurishlari natijasida 27 mamlakatni o‘ziga bo‘ysundirdi. Fosih Havofiyning «Mujmal-i-osixiy» kitobida yozilganidek: «1370 yildan to 1404 yilga qadar qariyib 30 marta qo‘shin tortgan Amir Temurning hamma vaqt qo‘li baland keldi».1
Shu tariqa Amir Temur buyuk saltanatga asos solib, feodal tarqoqliklarga, tinimsiz davom etayotgan urush, janjallarga barham berdi va nihoyat shu saltanatda osoyishtalik o‘rnatdi.
Amir Temurning mustaqil markazlashgan davlat harbiy doktorina-sining ishlab chiqqanligi uning buyuk sarkardaligidan dalolatdir. Buyuk sarkardaning harbiy san’ati sirlarini, uning harbiy saboqlarini mustaqil O‘zbekistonimizda va hatto boshqa yirik mamlakatlarda o‘rganilishi fikrimizning isbotidir.
1 Temur tuzuklari. 83-bet
1 Salohiddin Toshkandiy. «Temurnoma», Toshkent, «Cho‘lpon», 1990, 17-bet
Tarix
Amir Temurning tashqi siyosati va harbiy yurishlari