Amir Temur va Temuriylar davri madaniyati to’liq malumot oling

Amir Temur va Temuriylar davri madaniyati to’liq malumot oling

Amir temur va temuriylar davri madaniyati
Mundarija скрыть

Reja:

1. Amir Temur va temuriylar davrining O‘rtaOsiyo madaniyati tarixidagi o‘rni. Obodonchilik ishlari. Me’morchilik. Shaharsozlik. Ulug‘bek rasadxonasi. Samarqand registoni.

2. Temuriylar davrida tasviriy san’at va uning turlari rivojlanishi. Samarqand miniatyura maktabi va uning xususiyati. Samarqand ilm-fan markazi.

3. Adabiyotning rivojlanishi. Chig‘atoy adabiyoti-o‘zbek adabiyotining vujudga kelishi. XIV-XV asrlardagi ma’naviy-madaniy rivojlanishda islom mafkurasining roli.

4. Movarounnahrda tibbiyot, falsafa, tarix ilmi. Kitobat san’ati. Musiqa san’ati. 12 maqom. Hozirgi zamon fani tomonidan bu davr temuriylar Renessansi davri deb nom olishi.

Amir Temur va temuriylar davri O‘rta Osiyo madaniyati tarixida alohida o‘rintutadi. Bu davrdagi madaniy yutuqlar umumbashariy sivilizatsiyasi darajasida bo‘lgan. Madaniyat tarixidagi ushbu mumtoz davrda o‘zbek madaniyatining shakllanishi bu davrdagi siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot bilan bog‘liqdir. Xususan, me’morchilik, ilm-fan, adabiyot, san’at, hunarmandchilik ravnaq topdi. Mamlakat, shuningdek yirik shaharlar Samarqand, Shahrisabz, Buxoro, Termiz, Toshkent va Hirotning obodonchiligi, madaniy ravnaqi yo‘lida Movarounnahr va O‘rta Sharq mamlakatlaridan, Hindistondan ko‘plab fan va san’at ahllari, hunarmandlar, me’mor va musavvirlar jam bo‘lgan. Ularning sa’y-harakati bilan Shohizindadagi bir guruh me’moriy yodgorliklar, Bibixonim masjidi, Dor us — siyodat (Kesh), Turkistondagi Ahmad Yassaviy maqbarasi kabilar barpo etildi. Shuni alohida ta’kidlash joizki, Amir Temur va temuriylardan Shohruh, Ulug‘bek, Boysung‘ur Mirzo, Abu Said Mirzo va boshqalar madaniyat, adabiyot, naqqoshlik, me’morlik rivojiga katta e’tibor berdilar va ularga homiylik qildilar.

Sohibqiron davrida saltanatda juda katta obodonchilik ishlari olib borilgan. Bunga Samarqand, Shahrisabz va boshqa joylarda qurilgan me’moriy majmualar, Samarqand atrofidagi dunyoning yirik shaharlari nomi bilan atalgan Damashq, Misr, Bag‘dod, Sultoniya, Forish, Sheroz kabi qishloqlarni ko‘rsatib o‘tish joizdir.

Obodonchilik, sug‘orma dehqonchilikning rivojlanishi iqtisodiy hayotda muhim soha — hunarmandchilik, savdo va tovar-pul munosabatlarining taraqqiyotiga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. Amir Temur va Mirzo Ulug‘bek davrida tog‘-kon ishlari yo‘lga qo‘yilib, turli ma’danlar qazib olinishi tufayli hunarmandchilik yuksak darajada rivojlandi. Hunarmandchilikka katta e’tibor tufayli shaharlarda maxsus gilamdo‘zlar, sandiqchilar, shishasozlar, egarchilar, zargarlar mahallalari ko‘paydi, yangi bozor rastalari, tim va toqlar qurildi. To‘qimachilik, kulolchilik, chilangarlik, temirchilik va binokorlik, me’morchilik sohalari asosiy o‘rin tutdi. Samarqand, Buxoro, Toshkent, Shohruhiya, Termiz, Shahrisabz, Qarshi shaharlarida yangi hunarmandchilik mahallalari vujudga kelib, bu shaharlar savdo va madaniyat markazlariga aylandi. Ip, jun, kanop tolasidan gazmollar to‘qilgan. Ipakdan shoyi gazlamalar — atlas, kimxob, banoras, duxoba, horo, debo kabi gazmollar to‘qilgan bo‘lib, ular mahalliy va xorijiy savdogarlar tomonidan harid qilinar edi.

XIV — XV asrda metall buyumlar, uy-ro‘zg‘or buyumlari, asbob-uskuna, qurol-yarog‘lar ko‘plab ishlab chiqarilgan. Samarqand qurolsozlik markaziga aylanib, shaharda maxsus sovutsozlar mahallasi vujudga kelgan. Shaharlarda mis va jezdan buyumlar va tanga pul zarb qilingan. Amir Temur farmoni bilan usta Izziddin bin Tojiddin Isfahoniy Ahmad Yassaviy maqbarasi uchun yasagan shamdon, Abdulaziz bin Sharofuddin Tabriziy quygan ulkan jez qozon hozirgacha saqlanib qolgan. Misgar va chilangarlar metallni toblash, quyish, sirtiga naqsh solish, oltin va kumush suvi yuritish kabi murakkab ishlarni bajarganlar.

Samarqanddagi Bibixonim masjidi eshiklari yetti xil metall qotishma (haftjo‘sh)dan tayyorlangan. Zargarlar oltin, kumush va jez qotishmalaridan nafis zeb-ziynat buyumlari yasaganlar. Oltin va kumush gardishli, qimmatbaho toshlar qadalgan idishlar sirtiga naqsh va yozuvlar ishlangan.

Kulolchilik sertarmoq soha bo‘lgan. XIV-XV asrlarda sirli sopol buyumlar yuksak badiiy rang-barang shakli va sifati bilan ajralib turgan. Toshtaroshlikda naqsh, hattotlik keng qo‘llanila boshlangan. Binokorlikda g‘isht teruvchilar «panno», peshtoq, ravoq hamda toqlarga parchin va chiroq qoplovchi pardozchilar «ustod» deb atalgan.

Samarqandda shishasozlik rivojlanib turli idish va buyum¬lar yasalgan. Qurilishda rangli oynalardan foydalanilgan. Yog‘och o‘ymakorligida naqshinkor eshiklar, panjaralar, ustunlar, darvozalar qurilgan va turli buyum, jihozlar yasalgan. Samarqand qog‘ozi hatto chet o‘lkalarda ham mashhur bo‘lgan. Tarixchi Ibn Arabshoh, Shamsiddin Munshiyning xat yozishdagi mahoratini Amir Temur nayzasi tig‘ining o‘tkirligi bilan tenglashtirar edilar.

Bu davrda hunarmandchilik mollari ishlab chiqaradigan korxona boshlig‘i «usta», yordamchi va shogirdni «halfa» deb yuritilgan. Hunarmandlar shaharning madaniyatli tabaqasiga mansub hisoblangan.

Temuriylar davlati Xitoy, Tibet, Hindiston, Eron, Rusiya, Volga bo‘yi, Sibir bilan muntazam savdo-sotiq aloqalari olib borgan. Chet davlatlar bilan savdo aloqalarini kengaytirishda temuriylarning elchilik aloqalari muhim ahamiyat kasb etgan. Amir Temur yirik shaharlarda savdo rastalari, bozor va yo‘llar qurdirdi, savdo yo‘llarida karvonsaroylarni ko‘paytirdi. Ayniqsa, Samarqand va Buxoroda bozor, chorsu, tim, toq, kappon kabi savdo-hunarmandchilik inshootlari qad rostladi. Samarqandning markaziy qismi bo‘ylab o‘tgan keng ko‘chaning ikki tomoniga savdo do‘konlari (rastasi) joylashtirilgan. Sa¬marqand va Buxoro savdo maydonlarining kengligi va ixtisoslashtirilgan bozorlarga egaligi bilan ajralib turgan. Bozor savdo markazi bo‘lishi bilan birga hunarmandchilik ishlab chiqarishi joyi ham bo‘lgan. Shuningdek, bozorlarda qo‘lyozma kitoblar, yozuv qog‘ozi sotilgan, ariza yoki maktub yozuvchi mirzalar ham o‘tirgan. Savdo rastasi unda sotiluvchi tovar nomi bilan atalgan (Toqi zargaron, Toqi telpakfurushon kabi). Bozorlarda adabiyot, she’riyat, ilm-fan haqida suhbatlar tashkil etilgan, farmonlar e’lon qilingan va aybdorlar jazolangan. Turli tomoshalar shu joyda ko‘rsatilgan, masjid, madrasa, hammom bozorga yaqin joyga qurilgan.

Temuriylar davrida karvon yo‘llarida elchilar, choparlar va savdo karvonlari uchun dam olish, otlarni almashtirish joylari- yomlar, rabotlar,sardobalar qurilgan.

XIV-XV asr oxirlarida Movarounnahr ko‘p mamlakatlar bilan ijtimoiy-iqtisodiy, ba’zan siyosiy va harbiy ahamiyatga ega bo‘lgan karvon yo‘llaribilan bog‘langan edi. Bu yo‘llar xalq turmush tarzi, diniy, iqtisodiy, ma’naviy va moddiy madaniyati jihatidan bir-biridan farqlanuvchi mamlakatlarning o‘zaro aloqasini rivojlantirishga imkon yaratdi. Karvon yo‘llari savdo, diplomatik munosabatlar borasidagi amaliy vazifasidan tashqari, ayni vaqtda mamlakatlar va xalqlarning o‘zaro iqtisodiy va madaniy aloqalarini mustahkamlashga ham xizmat qildi. Dadil aytish mumkinki, bu davrda Buyuk Ipak yo‘li tiklanib, mintaqalarning madaniy taraqqiyoti uchun xizmat qildi.

O‘rta Osiyo zaminida temuriylar davrida me’morchilik, ilm-fan, adabiyot, san’at sohalari kamolot bosqichiga ko‘tarildi. Temuriylar davlatining qudrati ayniqsa me’morchilikda namoyon bo‘ldi. Oqsaroy peshtoqida bitilgan “Agar bizning quvvat va qudratimizga ishonmasang, imoratlarimizga boq!» degan yozuv Amir Temur saltanatining siyosiy maqsadini ham anglatar edi. Chunki barpo etilayotgan inshootlarning ulug‘vorligi siyosiy vazifalardan biri edi. Bu davrda Movarounnahr shaharlari qurilishida mudofaa devorlari, shoh ko‘chalarni tartibga solish, me’moriy majmualarni qurish avj olgan. Ilk o‘rta asrlardagi shaharning asosiy qismi bo‘lgan «shahriston»dan birmuncha farq qiluvchi «hisor» qurilishini Samarqand va Shahrisabzda kuzatish mumkin. Amir Temur davrida Kesh (Shahrisabz) shahar qurilishi yakunlandi. Hisorning janubi — g‘arbida hukumat saroyi — Oqsaroy va atrofida rabotlar qurildi, bog‘-rog‘lar barpo etildi.

Saltanat poytaxti Samarqandni bezatishga Amir Temur alohida e’tibor berdi. Uning farmoni bilan hisor, qal’a, ulug‘vor inshootlar va tillakor saroylar bunyod etilgan. Samarqandga kiraverishdagi Ko‘hak tepaligidagi Cho‘pon ota maqbarasi Mirzo Ulug‘bek davrida qurilgan bo‘lib, bu inshootdagi ajoyib mutanosiblik, umumiy shaklnafisligi, bezaklardagi sipoliko‘zaro uyg‘unlashib ketgan. AmurTemur davrida Samarqand Afrosiyobdan janubda, mo‘g‘ullar davridagi ichki va tashqi shahar o‘rnida qurila boshladi hamda bu maydon qal’a devori va xandaq bilan o‘ralib (1371 y), hisor deb ataldi. Hisor 500 gektar bo‘lib, devor bilan o‘ralgan. Shaharga oltita darvozadan kirilgan.

Shahar mahallalardan iborat bo‘lib, bir qanchasi guzarlarga birlashgan. Shaharda me’moriy majmualar shakllanishi Temuriylar davrining eng katta yutug‘i bo‘ldi. Me’morchilik taraqqiyotning yangi bosqichiga ko‘tarildi. Bu jarayon muhandis, me’mor va naqqoshlar zimmasiga yangi vazifalarni qo‘ydi. Amir Temur davrida gumbazlar tuzilishida qirralar oralig‘i kengaydi. Ikki qavatli gumbazlar qurishda ichkaridan yoysimon qovurg‘alarga tayangan tashqi gumbazni ko‘tarib turuvchi poygumbazning balandligi oshdi. Mirzo Ulug‘bek davrida gumbaz osti tuzilmalarning yangi xillari ishlab chiqildi. Aniq fanlardagi yutuqlar me’morchilik yodgorliklarida ham yaqqol namoyon bo‘ldi (Shohizinda, Ahmad Yassaviy, Go‘ri Amir maqbaralari, Bibixonim masjidi, Ulug‘bek madrasasi). Ularning old tomoni va ichki qiyofasi rejalarini tuzishda me’moriy shakllarning umumiy uyg‘unligini belgilovchi handasaviy tuzilmalarning aniq o‘zaro mutanosibligi bo‘lgan. Bezak va sayqal ishlari ham bino qurilishi jarayonida baravar amalga oshirilgan.

Temuriylar davrigacha va undan keyin ham Movarounnahr hamda Xuroson me’morchiligida bezak va naqsh bu qadar yuksalmagan edi. Amir Temur va Mirzo Ulug‘bek davri me’morchiligida bezakda ko‘p ranglilik va naqshlar xilma-xilligi kuzatiladi. Epigrafik bitiklarni hattotlik san’atini mukammal egallagan ustalar binoning maxsus joylariga olti xil yozuvda yozganlar.

Koshin qoplamalarda tasviriy mavzular kam uchraydi. Oqsaroypeshtoqlarida sher bilan quyoshning juft tasviri mavjudki, bu ramziy ma’noga ega. Bu davrdagi bino ichining bezagi ham xilma-xil bo‘lgan. Devor va shift, hatto gumbaz ham naqsh bilan ziynatlangan. Amir Temur davrida qurilgan binolarda ko‘k va zarhal ranglar ustun bo‘lib, dabdabali naqshlar ishlangan. Mirzo Ulug‘bek davrida esa, Xitoy chinnisiga o‘xshash oq zamindagi ko‘k naqshlar ko‘p uchraydi.

Bu davrda masjid, maqbaralar ko‘plab qurildi. Amir Temur Hindiston yurishidan so‘ng (1399 y.), Samarqandda jome’ masjidini qurdirdi. Uning ro‘parasida Bibixonim madrasasi va maqbara bunyod et-tirdi. Mirzo Ulug‘bek Buxoro jome’ masjidi (Masjidi Kalon)ni kengaytirib, qayta qurish ishlarini boshlagan edi. Biroq u keyinroq XVI asrga kelib yakuniy qiyofasiga ega bo‘ldi.

Amir Temur davrida Saroymulkxonim (Bibixonim) madrasasi vaGo‘ri Amir majmuasidagi madrasa qurilgan. Mirzo Ulug‘bek Samarqand, Buxoro va G‘ijduvonda madrasalar bunyod ettirdi. Buxorodagi madrasada «Bilim olmoqqa intilish — har bir muslim va muslima uchun farzdir» degan hadis bitilgan.

XV asrda madrasa me’morchiligi o‘zining uzil-kesil shakllangan qiyofasiga ega bo‘ldi. Madra¬sa qurilishi yagona tizim bo‘yicha rejalashtirilsa ham, asosiy shakllari, ularning o‘zaro nisbatlari va bezaklariga ko‘ra har biri o‘z qiyofasiga ega edi. Temuriylarning ikki san’at durdonasi — Samarqanddagi Ulug‘bek va Hirotdagi Gavharshodbegim madrasalari yagona tizim rejasi bo‘yicha qurilganiga qaramay, bir-biridan farq qiladi.

Temuriylar davrida yaratilgan maqbara, din arbobi va ruhoniylar qabrini o‘z ichiga oluvchi panjara-xazira, avliyolar qadamjolari, dahmalar alohida guruhni tashkil qiladi. Sa¬marqandda Amir Temur davrida shayx Burxoniddin Sog‘arjiy xilxonasi — Ruhobod maqbarasi va temuriylar xilxonasi — Go‘ri Amir mahbarasi, shuningdek, Shohizinda majmuasida peshtoqli maqbaralar guruhi quriladi.

Mirzo Ulug‘bek davrida ijodiy izlanishlar samarasi dahmalarning me’moriy ko‘rinishiga ham ta’sir o‘tkazadi. Shohizinda majmuasida sakkiz qirrali maqbara va hozirgacha Qozizoda Rumiy maqbarasi deb kelinayotgan («Sultonning onasi» uchun qurilgan, kimligi noma’lum) maqbara quriladi. Mirzo Ulug‘bek Buxoro, G‘ijduvon, Shahrisabz, Termiz, Toshkentda ham noyob imoratlar qurdirgan. Ammo qurilish miqyosi va bezaklar bo‘yicha Samarqanddagi obidalar ustunlik qilardi. Toshkentda Zangi ota maqbarasi va Shayhontohur majmuasi bo‘lib, uning tarkibidagi Qaldirg‘ochbiy maqbarasi XV asrning birinchi yarmiga mansub.

Amir Temur davrida tuzilishi va miqyosi bo‘yicha ulkan inshoot — Turkiston shahrida Axmad Yassaviy maqbarasi barpo qilindi. Bu maqbara musulmon Sharqining me’moriy yodgorliklari orasida eng noyobidir.

Qadamjolar me’morchiligi ham o‘ziga xos tuzilishga ega. Amir Temur Buxoroda Chashmai Ayyub yodgorligini qurdiradi (1380y.) Shuningdek, Sohibqiron Shahrisabzda ziyorat va dafn marosimlari uchun hazira– “Dor ul-Siyodat» (“Sayidlar uyi”) (1379-80 yy.) xilxonasini, o‘g‘li Jahongir vafot etgach, Shahrisabzda Jahongir Mirzo maqbarasi (Hazrati Imom maqbarasi) qurdirgan. Unda Xorazm me’morchiligi an’analarini ko‘rish mumkin. ChunkiAmir Temur Xorazmni Movarounnahr hududiga qayta qo‘shib olgach, u yerdagi me’mor va ustalarni avval Shahrisabzga so‘ngra Samarqandga ko‘chirtirgan.

Samarqanddagi Ulug‘bek rasadxonasi me’moriy san’atning noyob yodgorligidir. Rasadxona diametri 48 metrli aylana shaklda bo‘lib, uch qavatlidir. Rasadxonada Ulug‘bek bilan birga Jamshid Koshiy, Qozizoda Rumiy, Ali Qushchi va boshqa allomalar astronomiya ilmiga rivoj berdilar.

Temuriylar davrida qurilgan saroylar ikki xil bo‘lgan. Birinchisi- ma’muriy-siyosiy vazifani bajargan bo‘lib, qal’a yoki hisor ichiga qurilgan. Ikkinchisi — shahar tashqarisidagi qarorgohlar bo‘lib, qabul marosimi, majlislar o‘tkazilgan va hordiq chiqarilgan. Shahrisabzdagi Oqsaroy gumbazining diametri 22 metr bo‘lib, toqi va ravoqlari beqiyos darajada katta bo‘lgan. Amir Temur va Mirzo Ulug‘bekning asosiy qarorgohi Samarqanddagi Ko‘ksaroy va Bo‘stonsaroyda bo‘lgan. Shuningdek, shahar tashqarisida Amir Temur o‘n ikkita bog‘ bunyod ettirgan bo‘lib, ularning har biri o‘z nomi, katta-kichikligi, vazifasi, obodonlashtirilganligi bilan alohida ajralib turgan. Bu bog‘larda uyushtirilgan qabul marosimlari va to‘ylar R.G.Klavixo va Sharafiddin Ali Yazdiylar tomonidan yozib qoldirilgan.

Mirzo Ulug‘bek davrida Samarqandning Registon maydoni shakllandi, Masjidi muqatta’, 210 gumbazli Alika Ko‘kaldosh jome masjidi qad ko‘tardi. Shohizindadagi ayrim maqbaralar, Chilustun va Chinnixona saroylari, Shahrisabzda Ko‘kgumbaz masjidi uning davrida qurildi.

XV asrning ikkinchi yarmida Samarqandda Xoja Ahror madrasasi, Ishratxona, Oqsaroy maqbaralari bunyod qilindi.

Temuriylar davrida tasviriy san’at turli yo‘nalishlar bo‘yicha yuksaldi. O‘rta Osiyodagi qadimgi devoriy suratlar va umuman tasviriy san’at an’analari Amir Temur davrida yangi shakl va mazmunda tiklandi. Miniatyura san’atiga ham avvalo naqsh sifatida qaralgan. Samarqanddagi temuriylarning saroy, qarorgohlarida qabul ma¬rosimi, jang voqealari, ov manzaralari, xalq bayramlari tasviri tushirilgan devoriy suratlar bo‘lgan. Ularda Amir Temur, o‘g‘illari, nabiralari, ayollari va kanizaklari tasviri aks ettirilgan. Ulug‘bek rasadxonasi devorida ham devoriy suratlar mavzu jihatdan rang-barang bo‘lib, uslubiy jihatdan miniatyu¬ra janriga yaqin bo‘lgan. Abdurahmon as-Sufiyning falakiyotga oid asariga ishlangan bir suratda Andromeda yulduzlar turkumi chochlik ayol qiyofasida tasvirlanadi. Rasadxonada esa, to‘qqiz falak ko‘rinishi, yetti gardish, yetti yoritqich yulduz daraja, vaqt bo‘limlari, Yer yuzining yetti iqlimi tasvirlangan.

Amir Temur davrida qurilgan Shirinbeka og‘a, Bibixonim, Tu¬man oqa inshoatlarida naqqoshlik va hattotlik bilan birga, tas¬viriy lavhalar ham mavjuddir. Shirinbeka og‘a maqbarasida rangli tasvir ko‘p bo‘lsa, qolgan ikki bino devorlarida oq va moviy rangdagi islimiy naqshlar tasvirlanadi.

Xattotlik san’ati taraqqiy etdi, XV asrda ananaviy kufiy, nas’h, devoniy xatlari qatorida peshtoqlarni bezovchi suls va tezkor-nasta’liq uslublari rivojlandi. Noyob qo‘lyozma asarlar ko‘chiriladigan maxsus ustaxona kitobatchilikning ravnaqiga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi.

Amir Temur davrida Samarqandda miniatyura maktabi tashkil topdi. Bu davrdagi yetakchi musavvir Xoja Abdulhay Naqqoshdir. Hozir Turkiya va Berlin kutubxonalarida saqlanayotgan xomaki miniatyura nus’halari XIV-XV asrlarga oid bo‘lib, ular alohida shaxslar, daraxtlar, gyllap, kichik kompozitsiyalar, naqshlarda chiziqlar uyg‘unligi, harakatlar aniqligi, qiyofalarning o‘z o‘rnida joylashtirilishi bilan ajralib turadi.

Tarixiy shaxslarning qiyofalari ham miniatyuralarda aks etgan. Amir Temur hayotlik vaqtida qiyofasi aks etgan miniatyuralar hali topilmagan. Asl holatiga yaqin suratlar «Zafarnoma»ning dastlabki ko‘chirilgan nus’halarida uchraydi. Uning bir muncha yorqinroq qiyofasi Hirotda (1467 y.) ko‘chirilgan «3afarnoma»da keltiriladi. Dastlab Mirak Naqqosh boshlagan va Kamoliddin Behzod yakunlagan ushbu miniatyuralar tarxining murakkabligi va serjilo ranglarning uyg‘unligi bilan ajralib turadi.

Sharq miniatyurasining taraqqiyoti badiiy adabiyotning rivoji bilan bog‘liq bo‘lgan. Musavvirlar ko‘pincha Firdavsiy, Nizomiy, Xusrav Dehlaviy, so‘ngra Jomiy va Navoiy asarlariga rasmlar ishlashgan. XIV asrda Rashididdin Fazlulloh Hamadoniyning «Jome’ ut-tavorix» tarixiy asariga ham miniatyuralar ishlangan. Bu an’ana temuriylar davrida ham davom ettirilib, Sharafuddin Ali Yazdiyning «Zafarnoma», Xotifiyning “Temurnoma” kabi asarlarida jang lavhalari tasvirlanadi. Ayrim hollarda diniy asarlarga ham Makka va Madina kabi muqaddas joylar tasviri tushirilgan. Badiiy asarlarning ba’zilarida Muhammad payg‘ambarning (muborak yuzlari niqob bilan to‘silgan xolda) odamlar orasida turgan holatlari va me’rojga chiqishlariga oid lavhalar uchraydi.

XV asr miniatyuralarining aksariyatida Sharq she’riyatining qahramonlari Layli va Majnun, Xusrav va Shirin, Rus¬tam, Iskandar, Bahrom bilan bog‘liq jang lavhalari tasvirlanadi. Umuman miniatyura san’ati musulmon Sharqining Iroq, Eron, Xuroson, Movarounnahr va Hindistongacha bo‘lgan hududida muayyan bir davrning o‘ziga xos badiiy — estetik hodisasi edi. Bu san’at temuriylarning homiylik faoliyati bilan bog‘liq bo‘lib, Isfaxon, Sheroz, Tabriz, Hirot, Samarqand, Dehli kabi markaziy shaharlarda ilg‘or miniatyura maktablari vujudga keldi.

Samarqand miniatyura maktabi XIV-XV asrning birinchi yarmida shakllangan bo‘lib, turli turkumda yaratilgan bu miniatyuralarda Sharqiy Turkiston san’atiga xos bo‘lgan turkona timsollarda xitoy rassomchiligi ta’siri sezilib turadi.

Samarqanddagi saroy musavvirlari Xoja Abdulhay Naqqosh va uning shogirdlari Shayx Mahmud Taliliy, Pir Ahmad Bog‘i Shamoliy, Muhammad bin Mahmudshoh al — Hayyom, Darvesh Mansurlar ishlagan rasmlarda nozik, ranglar ustalik bilan qo‘llangan. Ushbu miniatyuralar temuriylar davriga xos ov-shikor mavzuida yaratil¬gan. 1420 yildan keyin Boysung‘ur Mirzo Hirotda kutubxona, hattotlik va naqqoshlik ustaxonasini tashkil qilgach, bu rassomlarning ayrimlari (Masalan, Mahmudshoh al — Hayyom) Hirotga ko‘chib o‘tadi. Xoja Abdulhayning tarixiy asarlarga (“Zafarnoma”) ishla¬gan miniatyuralarida Amir Temur va temuriylarning qiyofalarigina aks etsa, ba’zi badiiy asarlarga ishlagan rasmlarida ham ular turli holatlarda tasvirlanadi. Halil Sulton davrida ishlangan ayrim miniatyuralar muhim tarixiy xujjat bo‘lishi bilan birga, badiiy jihatdan o‘ziga xos «siyohi qalam» uslubida ishlangani bilan ajralib turadi. Amir Temur hayotlik davrida uning saroy devorlarida shoh va shahzodalar bor bo‘yicha tasvirlangan. Haqiqiy portret janrini Kamoliddin Behzod shakllantirgan.

Amir Temur va temuriylarning qiyofalari tasvirlangan ko‘plab miniatyuralar dunyoning turli kutubxonalarida saqlanmoqda. Ularning aksariyatida rasm chizilgan davr yoki rassom, joy, maktab ko‘rsatilmagan. Biroq bu miniatyuralarda nur sochib turgan quyoshsimon sherning boshi tasvirlangan tug‘ — Amir Temur asos solgan ramz-uning saroyi peshtoqida, Halil Sulton va Ulug‘bek zarb qilgan tangalarda uchraydi. Shuningdek, tabiat tasvirida to‘q yashil va jigarrangning ko‘pligidan, kiyimlar turkiy millatga xos bo‘lganligidan bu miniatyuralarni Samarqand miniatyura maktabiga mansub deyish mumkin. Chunki Hirot va Sheroz miniatyuralari qahramonlarining kiyimlari boshqacharoqdir. Samarqand maktabi miniatyurachilari vakillari kompozi¬siya yaratish va manzara tasvirida mahoratliroq bo‘lishgan.

Mirzo Ulug‘bek davrida mashhur bo‘lgan xattot va musavvir, obivardlik Sulton Ali Bovardiy miniatyuralari chiziqlarning keskinligi, ranglarning yorqinligi bilan o‘ziga xosdir. Samarqand maktabiga xos bo‘lgan 18 ta miniatyura Nizomiyning «Xamsa» asariga va 49 ta miniatyura «Shohnoma» asariga ishlangan bo‘lib, ular hozir Turkiyaning To‘pqopu saroy kutubxonasida saqlanadi. Abdurahmon as-Sufiyning «Siljimas yulduzlar ro‘yxati» asariga ishlangan miniatyuralarda haritalar qizil va qora doiralar bilan, katta va kichik yulduzlarning o‘rinlari ko‘rsatilgan bo‘lib, rang bermay, qora siyohda grafik tarzda chi¬zilgan. Yulduz turkumi oddiy xalq vakili qiyofasida tasvir etiladi. Sharq miniatyurachiligida oddiy xalq hayoti mavzui aynan te¬muriylar davrida paydo bo‘lgan. Masalan, «Samarqand masjidini qurish», «Iskandar devorini bunyod etish», «Ko‘chmanchilar turmushi», «Jamshidning oddiy xalqqa hunar o‘rgatishi” mavzuidagi miniatyuralar bunga misoldir.

Temuriylar davrida madaniyatning yuksalishi badiiyhunarmandchilikning turli shakllarida ham namoyon bo‘ldi. Ularning ayrimlari me’morchilik bilan, ba’zilari koshinkorlik, yog‘och va tosh o‘ymakorligi bilan ham bog‘liq edi. Qabrtoshlarga qisman islimiy o‘simliksimon, asosan geo¬metrik naqshlarda xattotlik namunalari bilan so‘zlar bitilgan. Bu yozuvlar chuqur, quyma o‘yiqlarda bitilgan. Qabrtoshlar sag‘ana yoki supa shaklida bo‘lib, mahalliy xom ashyo — bo‘z rangli marmardan, ayrim xollarda o‘ta noyob toshlardan ishlangan. Yog‘och o‘ymakorligida Go‘ri Amir, Shohizinda, Yassaviy maqbaralari eshiklari, shuningdek, XV asrga oid uy ustunlari o‘ymakor naqshlar bilan ishlangan. Bu davrda metall o‘ymakorligi (kandakorlik) taraqqiy etadi. Buyum va idishlar zarhal bronza, latun, qizil misdan ishlangan. Naqshlar o‘yiq va bo‘rtma usulda, qimmatbaho toshlar qadalib tayyorlangan. Yassaviy maqbarasidagi ulkan shamdonlar, ayniqsa, ikki tonnalik qozon bronza quyish san’atining eng yuksak namunasidir.

Amaliy san’atning kulolchilik turi uchun yashil, zangori tusdagi yorqin sir ustiga sodda o‘simliksimon naqshlarni qora bo‘yoqlar bilan tushirish yoki uyurma gullar ishlanishi, bu davrda paydo bo‘lgan oppoq sadafdek idishlarga shaffof sir ustidan kobalt yordamida naqsh berilishi yangilik bo‘ldi. Sopol buyumlardagi naqshlar mo‘yqalamda chizilgan. Oldingi asrlarda sopol buyumlariga naqshlar chizishgan, temuriylar davriga mansub chinnisimon sopol buyumlarda kulol-rassom turli uslubda och havorangdan to lojuvardga qadar ranglarni qo‘llaydi. Bu davrning amaliy san’at turlaridan to‘qimachilik, gilamdo‘zlik, kashtachilik yuksak san’at darajasiga ko‘tarildi.

Ilm-fan va madaniyatning butun musulmon olamida yangidan gurkirab rivojlanishi Amir Temur nomi va faoliyati bilan uzviy bog‘liqdir. Amir Temurning ilm-fan rivojiga g‘amxo‘rligi tufayli Samarqand dunyoning ilmiy — ma’rifiy markazlaridan biriga aylandi. Sohibqironning sa’y-harakatlari bilan mashhur olimlar Samarqandda jam bo‘lgan. Chunonchi, Sayyid Sharif Jurjoniy, Mas’ud Taftazoniy, Jamshid Koshiy, Ali Qushchi, Qozizoda Rumiy, tabib Xusomiddin Kermoniy, falakiyotshunos Mavlono Ahmad, shuningdek, Ulug‘bek davrida mahalliy va turli mamlakatlardan kelgan 200 dan ortiq olimlar ilmiy — ijodiy faoliyat ko‘rsatgan. Temuriylar zamonida tabiiy va gumanitar fanlar sohasida buyuk olimlar yetishib chiqdi va ular jahon fani rivojiga munosib hissa qo‘shdilar. Falakiyotshunoslik fanida Mirzo Ulug‘bek, Qozizoda Rumiy, G‘iyosiddin Jamshid va Ali Qushchilar kashfiyotlar qildi. Tarix ilmida Hofizi Abro‘, Sharafiddin Ali Yazdiy, Abdurazzoq Samarqandiy, Mirxond, Xondamir, Zayniddin Vosifiy va boshqalar qimmatli asarlar yaratdilar. Badiiy ijod va tilshunoslikda Davlatshoh Samarqandiy, Jomiy, Alisher Navoiy, Atoullo Husayniy, Husayn Voiz Koshifiy singari ijodkorlar yuksak san’at asarlari bilan mashhur bo‘ldilar.

Mirzo Ulug‘bek davrida Samarqandda o‘ziga xos ilmiy akademiya shakllandi. Yer kurrasini o‘lchash va falakiyotshunoslik jadvallarini tuzish ishlari amalga oshirildi. Samarqand rasadxonasining qurilishi ulkan madaniy voqea bo‘lib, jihozi va il¬miy yutuqlari jihatidan o‘sha vaqtda dunyoda tengi yo‘q edi. Mirzo Ulug‘bek matematika, geometriya, falakiyotshunoslikda chuqur bilimlar sohibi edi. Rasadxonada ijod etgan Ali Qushchi, Muhammad Xavofiylar uning sevimli shogirdlari bo‘lgan.

Mirzo Ulug‘bek «Ziji jadidi Ko‘ragoniy» asarida VIII-XI asrlarda boshlangan falakiyot ilmiga oid an’anani davom ettirib, yuqori darajaga ko‘taradi. Matematikaga doir «Bir daraja sinusni aniqlash haqida risola», falakiyotshunoslikka oid «Risolai Ulug‘bek» va musiqa haqida «Musiqa ilmi haqida risola» kabi asarlar yozdi. Bulardan tashqari, Ulug‘bek “Tarixi arba’a ulus” (“To‘rt ulus tarixi”) nomli tarixiy asar ham yozgan.

Bu davrda xalq og‘zaki ijodi namunalari yaratildi. Badiiy adabiyot shakl va mazmun jihatdan o‘zgardi, adabiyotshunoslik va tilshunoslikka oid ilmiy asarlar yaratildi. Turkiy tilda mumtoz “chig‘atoy” adabiyoti — o‘zbek adabiyoti vujudga keldi. Temuriylar davrida yetuk ijodkorlar Qutb Xorazmiy, Sayfi Saroyi, Haydar Xorazmiy, Durbek, Hofiz Xorazmiy, Atoiy, Sakkokiy, Lutfiy, Bobur, Muhammad Solih (“Shayboniynoma” muallifi), Kamoliddin Binoiy va boshqalar yashab ijod qildilar. Ayniqsa, Alisher Navoiyning ijodi o‘zbek adabiyotini kamolot bosqichiga ko‘tardi.

Movarounnahr va Xurosonda o‘zbek tili, adabiyoti va madaniyatining mavqei orta bordi. Xurosondagi turkiyzabon xalqlar va ularning ziyolilari Samarqand, Buxoro, Turkiston va boshqa shaharlardagi olimlar, shoirlar va san’atkorlar bilan o‘zaro yaqin munosabatda bo‘la boshladilar. Qaysi ijodkor o‘ziga qaysi mamlakat yoki shaharni qulay deb bilsa, o‘sha yerda yashab ijod qildi. Masalan, xorazmlik shoirlar Haydar Xorazmiy Sherozga, Ismoil Ota avlodlaridan bo‘lgan shoir Shayx Atoiy Turbatdan (Toshkent yaqinidan) Balxga, Mavlono Lutfiy ham asli Toshkentdan bo‘lib, Hirot yaqiniga borib yashab qolganlar.

Temuriy hukmdorlar va shahzodalar adabiyot va san’atga, ilm-fanga yaqin kishilar edi. Ulardan 22 tasi shoir bo‘lib, ular o‘zlari she’r yozish bilan birga ijodkorlarga homiylik ham qilgan. Halil Sulton, Husayn Boyqaro devon ham tuzganlar.

Xuroson va Movarounnahrda forsiy va turkiyda ijod qiluvchi shoirlar ko‘p bo‘lib, adabiy hayot yuksalgan. Sharq mumtoz adabiyoti tarjimalariga ham e’tibor kuchayadi. Badiiy ijodning g‘azal, ruboiy, tuyuq kabi turlari rivoj topdi. Adabiy jarayonda shohlar ham, oddiy kosib va hunarmandlar ham, olim va fozillar ham qatnashgan.

Xurosondagi adabiy hayotning rivojida Boysung‘ur Mirzo (Shohruhning o‘g‘li)ning o‘rni beqiyos bo‘lib, u o‘z tashabbusi bilan fanlarning barcha sohalariga va san’at rivojiga katta hissa qo‘shgan. Uning rahbarligida Firdavsiy «Shohnoma”sining ko‘p qo‘lyozmalarini qiyoslash asosida asar ishonchli ilmiy matni yaratildi. Boysung‘urning o‘zi ham forsiy va turkiyda she’rlar yozgan. Hattotlik va naqqoshlik san’atini mukammal egallagan. Hirotdagi Gavharshodbegim masjidi bezaklari va kitoblarini shaxsan Boysung‘ur Mirzoning o‘zi bajargan. Uning kutubxonasida qirqta xattot, yetmishta rassom ijod etgan. Alisher Navoiyning yozishicha, hech kim Boysung‘ur Mirzochalik sozanda va naqqosh, hattot ahliga homiylik qilmagan.

Movarounnahrda Mirzo Ulug‘bek davrida ko‘plab forsiy va turkiy tilli ijodkorlar to‘plandi. Adabiy muhitni bevosita Ulug‘bekning o‘zi boshqarar, Samarqandda o‘sha davrning eng yaxshi shoirlari yig‘ilgan edilar. Shoirlarning sardori («Malik ul-kalom») qilib Mavlono Kamol Badaxshiy tayinlangan edi. Sakkokiy o‘z qasidalaridan birida Mirzo Ulug‘bekning she’r yozishini va uning she’r haqidagi tushunchasi yuqori bo‘lganligini ta’kidlab o‘tgan. Mirzo Ulug‘bek Mavlono Lutfiy she’rlarini XV asrning mashhur shoiri Salmon Sovajiy asarlari bilan teng ko‘rgan. O‘zbek mumtoz adabiyoti vakili Mavlono Lutfiy aslida so‘fiyona she’riyatda Salmondan ustun ekanligini aytish adolatlidir. Chunki Salmon asosan qasidalar yozgan.

Ulug‘bek saroyidagi eng obro‘li o‘zbek shoirlardan Sakkokiyning lirik she’rlari bilan birga qasidalari ham bu she’riy janrning sezilarli yutug‘i bo‘ldi. Alisher Navoiy «Majolis un — nafois» tazkirasida ko‘proq xurosonlik shoirlar haqida ma’lumotlar bersa, Davlatshoh Samarqandiy «Tazkirat ush-shuaro» asarida o‘tmishda o‘tgan ijod¬korlar haqida ma’lumot bergan. Yaqinda (1993y.) ma’lum bo‘lgan Shayx Ahmad ibn Xu¬doydod Taroziyning o‘zbek tilida yozilgan «Funun ul-balog‘a» (1437 yil) asari temuriylar davrida Movarounnahr adabiy hayotini o‘rganishning yangi imkoniyatlarini ochdi. Shayx Taroziy o‘z asarida bizga ma’lum bo‘lgan mashhur shoirlardan tashqari, bizga noma’lum bo‘lgan Muhammad Temur Bug‘oning tuyuqlarini, Shams Qisoriyning «al-matlubul-ba’d» she’riy san’ati namunalarini, Jaloliy degan shoirning ishqiy mazmundagi baytlarini, «mutasalsal» san’atiga oid o‘zining g‘azalidan namunalar keltiradi.

XV asrning ikkinchi yarmi o‘zbek adabiyotining eng rivojlangan davri bo‘lib, bu yuksaklik temuriy Sulton Husayn Boyqaro va o‘zbek ada-biyotining porloq quyoshi Alisher Navoiy nomlari bilan bog‘liqdir. Husayn Boyqaro Xuroson hukmdori bo‘lgan davr (1469–1506)da adabiyot, san’at va fanning ko‘p sohalari rivojiga katta ahamiyat berildi. «Husayniy» tahallusi bilan she’rlar yozgan Sulton Husayn o‘z hukmronligi davomida Alisher Navoiyga “Amiri kabir”, «Muqarrabi hazrati sultoniy», (“Sulton hazratlarining eng yaqin kishisi”) mansablarini berib, u bilan birgalikda madaniyatning rivojlanishiga homiylik qildi. Alisher Navoiy ustozi Abdurahmon Jomiy bilan hamkorlikda ma’naviyat taraqqiyotiga rahnamolik qildi. Ular timsolida badiiy adabiyot ulkan yutuqlarga erishdi. Alisher Navoiyning «Hamsa»si va «Xazoyinul-maoniy» devoni, Jomiyning «Haft avrang» va she’riy to‘plamlari shu davr adabiyotining eng buyuk namunalari bo‘ldi. Sulton Husayn Boyqaro o‘z «Risola”sida uning hukmronligi davrida shunday asarlar yaratilganidan cheksiz faxrlangani bejiz emas.

Bu boy adabiy meros o‘zbek adabiyotining keyingi taraqqiyotiga ham o‘zining chuqur ta’sirini ko‘rsatdi. Boburning «Boburnoma» asari shu davr o‘zbek adabiyoti va ilmining hayotbaxsh an’analari asosida yuzaga kelgan edi.

Temuriylar davri adabiyoti o‘zbek adabiyoti rivojida o‘ziga xos alohida bir bosqichni tashkil etadi. Undagi insonparvarlik va xalqchillik, adolatparvarlik va ma’rifatparvarlik g‘oyalari hamon o‘z tarovatini yo‘qotgani yo‘q. Bu adabiy me¬ros O‘zbekistonda hali asrlar davomida o‘zining boy mazmuni bilan, g‘oyaviy-mafkuraviy teranligi va ilohiyligi bilan komil insonni tarbiyalashda katta ahamiyat kasb etadi.

Movarounnahr va Xurosonda XIV asrning ikkinchi yarmi va XV asrda ro‘y bergan madaniy yuksaklik butun musulmon Sharqidagina emas, Yevropa mamlakatlarini ham hayratga soldi. Bu yuksaklik Markaziy Osiyoning so‘nggi madaniy-ma’naviy rivojinigina belgilab bermay, qo‘shni mamlakatlardagi madaniy taraqqiyotga ham katta ta’sir ko‘rsatdi..

Bu davrdagi madaniy yuksalishning umumiy omillarini aniqlash shuni ko‘rsatadiki, ular o‘zaro uzviy bog‘langan va yaxlit bir butun holdagina qisqa vaqt ichidagi ma¬daniy-ma’naviy yuksaklikni yuzaga keltira olgan.

Bulardan birinchi navbatda siyosiy-ijtimoiy omilni ko‘rsatish mumkin. Ulkan hudud yagona saltanatga birlashtirilib, ijtimoiy yuksalishni ta’minladi.

Ikkinchi – iqtisodiy omil — Movarounnahr va Xurosonda yagona idora tizimining joriy etilishi iqtisodiy osoyishtalikka, ishlab chiqarishning jadal rivojlanishiga olib keldi. Davlat tomonidan dehqonchilik, hunarmandchilik, savdo-sotiqning rivojiga e’tibor berilishi va bu sohada qator tadbirlarning amalga oshirilishi mamlakatning ma’naviy-madaniy taraqqiyoti uchun nihoyatda muhim ahamiyat kasb etdi.

Uchinchi — ma’naviy omil — avvalgi madaniy meros, ma’naviy qadriyatlar, boyliklardan keng foydalanish, ular asosida rivojlanishdan iborat bo‘ldi. Markaziy Osiyoda avvalgi asrlarda, xususan IX-XIII asrlarda yaratilgan ma’naviy-madaniy boyliklardan, buyuk muhaddislar, allomalar imom Buxoriy, Abu Iso Termiziy, Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Forobiy, Ibn Sino, Beruniy merosidan; arab, fors va turkiy tillarda yaratilgan Firdavsiy, Nizomiy Ganjaviy, Rumiy, Tusiy, Attor kabi allomalar merosidan, musulmon Sharqi ma’naviy merosida keng ahamiyat kasb etgan qadimgi yunon ilmiy-ma’naviy boyliklaridan keng foydalanildi. Bu davrda Amir Temur saltanatining ta’sirida bo‘lgan va bo‘lmagan boshqa mamlakatlar o‘rtasida madaniy aloqalar tez rivojlandiki, bunday aloqalar ma’naviy boyliklarning o‘zaro almashinuviga keng yo‘l ochib berdi. Xususan, Eron, Arab mamlakatlari, Hindiston, Xitoy kabi mamlakatlar bilan bo‘lgan aloqalarda madaniy boyliklar almashinuvi muhim ahamiyat kasb etdi.

To‘rtinchi — g‘oyaviy omil — bu omil ma’naviy omilning uzviy davomi bo‘lsa-da, uning muhim ahamiyatga ega bo‘lganligi va o‘z davri ma’naviy hayotida katta rol o‘ynaganligi uchun alohida ajratib ko‘rsatish maqsadga muvofiqdir. Markaziy Osiyoda Yusuf Hamadoniy, Abdulxoliq G‘ijduvoniy, Ahmad Yassaviy ta’limotlarini rivojlantirish asosida shakllangan naqshbandiya ta’limoti va uning yirik vakillari XIV-XV asrlardagi siyosiy-ijtimoiy hamda madaniy hayotda nihoyatda muhim rol o‘ynadi, ma’naviy o‘zgarishlar ma’lum darajada erkinlik uchun g‘oyaviy asos, omil bo‘lib xizmat qildi. Chunki Bahouddin Naqshbandning «Dil-ba yor — u, dast-ba kor” “Ko‘ngil Xudoda bo‘lsinu, qo‘l ish bilan band bo‘lsin” shiori yetakchi tasavvuf namoyondalari bilan birga keng jamoatchilikning hayot tarziga aylangan edi.

XV asrda yashab ijod etgan naqshbandiya ta’limotining yi¬rik vakili Xoja Ahror Valiy nafaqat madaniy hayotda, balki ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy hayotda ham muhim ijobiy rol o‘ynadi.

Bu omillar Temuriylar davri madaniyati va ma’naviyatining tez va yuksak darajada ko‘tarilishiga olib keldiki, uning yutuqlari uzoq asrlar davomida keyingi madaniy rivojlanish uchun asos bo‘ldi.

XIV-XV asrlardagi ma’naviy-madaniy rivojlanish islom mafkurasi mustahkamlanib borishi bilan uzviy bog‘liq bo‘lgan. Islomiy ilmlar madrasayu masjidlarda keng o‘qitilib, qonun-qoida, odat, an’analar esa, shariat asosida olib borilar edi. «Temur tuzuklari»da aziz-avliyolar, shayx, sayid, ulamolar faoliyati alohida qayd etilib o‘tilgan.

Amir Temur, mutasavvif shoirlar va olimlarga katta hurmat bilan munosabatda bo‘lgan. Amir Temurning uch piri bo‘lgan: Shamsiddin Kulol, Sayid Baraka va Zayniddin Abubakr Toyobodiy.

Tasavvuf ta’limotining Muhammad Porso, Yoqub Charxiy, Xoja Ahror kabi yirik vakillari naqshbandiya tariqatiga oid qator risolalar yaratish bilan birga, jamiyatning ma’naviy poklanishi va rivojlanishi yo‘lida faol xizmat qildilar, davlat arboblari bilan muloqotda bo‘lib, ularga ta’sir o‘tkazdilar. Bu jihatdan, ayniqsa, Xoja Ahror faoliyati muhim ahamiyat kasb etadi.

Bu davrda tibbiyot ilmi ham o‘zining yirik namoyandalariga ega edi. Samarqandga kelib ijod qilgan tabobat ilmining yi¬rik vakillaridan Burhoniddin Nafis ibn Evaz ibn Hakim al-Kirmoniy, Sulton Ali Xurosoniy, Husayn Jarroh shular jumlasidandir.

XIV-XV asrlarda Markaziy Osiyoda mantiq va falsafa fanlari bilan shug‘ullangan yirik olimlar paydo bo‘ldi. Bu fanlarning rivoji, asosan ikki yirik mutafakkir — Sa’diddin bin Umar Taftazoniy va Mir Sayid Jurjoniy nomlari bilan bog‘liqdir. Bulardan tashqari, Samarqandda o‘sha davrda Abdujabbor Xorazmiy, Shamsiddin Munshiy, Abdulla Lison, Badriddin Ahmad, No‘moniddin Xorazmiy, Xoja Afzal, Jalol Xokiy va boshqa olimlar yashab ijod etganlar. O‘z davrining ilg‘or ijtimoiy va axloqiy fikrlari badiiy adabiyotda, tasavvuf she’riyatida, nazm va nasrda, g‘azal va ruboiylarda mufassal bayon qilina boshlandi. Sakkokiy, Jomiy, Lutfiy, Navoiy, Binoiy, Amir Qocim Anvor va boshqalarning badiiy asarlari boy falsafiy va axloqiy mazmunga egadir.

Bu davrda axloq va ta’lim-tarbiya muammolariga bag‘ishlangan maxsus risolalar paydo bo‘ldiki, ularning orasida Husayn Voiz Koshifiy va Jaloliddin Davoniylarning merosi alohida o‘rin egallaydi.

Bu davrda Movarounnahr va Xurosonning mo‘g‘ullar zulmidan ozod etilishi tarixini o‘rganish va yoritishga katta e’tibor berildi. Nizomiddin Shomiy, G‘iyosiddin Ali Yazdiy, Sharafiddin Ali Yazdiy, Abdurazzoq Samarqandiy, Hofizi Abru, Fasih Ahmad Xavofiy, Muiniddin Natanziy, Mirxond, Xondamir kabi tarixchilarning asarlari hozirda biz uchun o‘sha davr madaniy yuksalishini o‘rganishda muhim manba bo‘lib xizmat qilib kelmoqda.

Ilm-fan va adabiyotning rivoji kitobat san’ati-yangi qo‘lyozma asarlarni ko‘chirish, xattotlik, musavvirlik, muqovasozlik kabi san’atlar taraqqiyotiga ham ijobiy ta’sir qildi. Nafis kitob va xattotlik XIV-XV asrlarda yangi taraqqiyot bosqichiga ko‘tarildi. Xattot Mir Ali Tabriziy nasta’liq xatini kashf qildi. Bu usul Hirotda Sulton Ali Mashhadiy tomonidan yuksak bosqichga ko‘tarildi va Abdurahmon Xorazmiy, Sulton Ali Xandon, Mir Ali Qilqalam, Halvoiy, Rafiqiy kabi hattotlar, Mirak Naqqosh, Kamoliddin Behzod, Qosim Ali, Mahmud Muzahhib kabi musavvirlar yetishib chiqdilar. Samarqand va Hirotda, Isfaxon va Sherozda temuriylarning saroy kutubxonalari tashkil etildi. Ularda qo‘lyozma asarlar to‘planib, saqlangan.

XIV-XV asrlar O‘rta Osiyo xalqlarining musiqa san’ati taraqqiyotida ham yangi bosqich bo‘ldi. Yangi kuy va qo‘shiqlar, cholg‘u asboblari va musiqa nazariyasiga doir asarlar yaratildi. Mahoratli sozandalar, bastakorlar va hofizlar yetishdi. Abduqodir Nayiy, Qulmuhammad Shayxiy, Husayn Udiy, Shohquli G‘ijjakiy, Ahmad Qonuniy, Hoja Yusuf Andijoniy, ustod Shodiy, Najmiddin Kavkabiy kabilar shular jumlasidandir. Mirzo Ulug‘bek, Jomiy, Navoiy va Binoiylar musiqa ilmiga oid asarlar yozib, yangi kuylar ijod qildilar. IX-XII asrlarda shakllangan 12 maqom bu davrda takomillashdi. Shuningdek, keng ommaga mo‘ljallangan teatrlashgan tomoshalar — xalq sayllarida mas’harabozlar, qo‘g‘irchoqbozlar, dorbozlar o‘z san’atini namoyish qilgan.

Shunday qilib, O‘rta Osiyoda Temuriylar davrida madaniyat yuksak rivojlandi va kamol topdi. XIV-XV asrlardagi Movarounnahr va Xurosondagi madaniy taraqqiyotning tamal toshi buyuk sohibqiron Amir Temur tomonidan qo‘yildi.

Hozirgi zamon fani Amir Temur va temuriylar davrini haqiqiy Renessans – Uyg‘onish davri deb e’tirof etmoqda. Zero, bu davrda o‘tmish davrlar tajribalarini ijodiy o‘zlashtirishga va yangicha yondashuvlarga, olimlar, me’mor va hunarmandlar, miniatyurachi rassomlar, shoirlar, musiqachilar, yangi davr tomosha san’ati vakillari oldida turgan masalalarni hal etishda jiddiy yangiliklar kiritishga asoslangan eng yaxshi an’analar tiklandi.

ASOSIY ADABIYOTLAR:

1. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi. –Toshkent.: “O‘zbekiston”, 2011 y.

2. Karimov I.A. O‘zbekiston buyuk kelajak sari. –Toshkent.: “O‘zbekiston”, 1999 y.

3. Karimov I.A. Barkamol avlod orzusi. Toshkent.: Sharq. 1999 y.

4. Karimov I.A. Imperiya davrida bizni ikkinchi darajali odamlar, deb hisoblashar edi. (Perzident Islom Karimovning “Nezavisimaya gazeta” muxbirining savollariga javoblari). –Toshkent.: “O‘zbekiston”, 2005 y.

5. Karimov I.A. Milliy istiqlol mafkurasi – xalq e’tiqodi va buyuk kelajakka ishonchdir. –Toshkent.: “O‘zbekiston”, 2000 y. 11-jild.

6. Karimov I.A Biz tanlagan yo‘l – demokratik taraqqiyot va ma’rifiy dunyo bilan hamkorlik yo‘li. 11-jild. –Toshkent.: “O‘zbekiston”, 2003 y.

7. Karimov I.A. O‘zbek xalqi hech qachon hech kimga qaram bo‘lmaydi. –Toshkent.: “O‘zbekiston”, 2005 y.

8. Karimov I.A. Yuksak ma’naviyat — yengilmas kuch – Toshkent.: “Ma’naviyat” 2008 y.

9. Karimov I.A. Eng asosiy mezon – hayot haqiqatini aks ettirish. Toshkent.: O‘zbekiston, 2009 y.

10. Karimov I.A. Asosiy vazifamiz-vatanimiz taraqqiyoti va halqimiz farovonligini yanada yuksaltirish. Toshkent.: “O‘zbekiston”, 2010 y.

11. Karimov. I.A. Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi. Toshkent.: “O‘zbekiston”, 2010 y.

12. Karimov. I.A. O‘zbekiston mustaqillikka erishish ostonasida.Toshkent.: “O‘zbekiston”, 2011y.

Darslik va o‘quv qo‘llanmalar:

1.Akramov Sh. va boshqalar. O‘zbekistonning madaniy obidalari. –Toshkent.: «O‘zbekiston», 1993 y.

2.Madaniyat va ma’naviyat muammolari.-Toshkent.: «Meros», 1994 y.

3.Xayrullayev M. O‘zbekistonda ijtimoiy falsafiy fikrlar tarixidan.-Toshkent.: «O‘zbekiston», 1995 y.

4. Mavrulov A. Madaniyat va tafakkur o‘zgarishlari. Toshkent.: 2004 y.

5. Abdullayev M. Madaniyatshunoslik asoslari. “Farg‘ona”, Toshkent.: 1998 y.

6. Axmedova E, Gubaydullin R.. Kulturalogiya. Mirovaya kultura. Tashkent.: -2001 g. “Akademiya” xudojestv Uzbekistana.

7. Abdullayev M., Umarov E., Ochildiyev A., Madaniyatshunoslik asoslari. “Turon-iqbol”, Toshkent.: -2006 y.

8. Ochildiyev A. Madaniyat falsafasi. “Muxarrir” nashriyoti. Toshkent.: -2010y.

9. Bekmurodov M, Yusupova N. Madaniyat sotsiologiyasi. “Yangi asr avlodi” . Toshkent.:

-2010 y.

10. Abduraxmonov M., Raxmonov N. Madaniyatshunoslik. “Universitet”, Toshkent.: -2011y.

Qo‘shimcha adabiyotlar:

1. Komilov N. Tasavvuf yoki komil inson ahloqi. –T.: «Yozuvchi», 1996 y.

2. Tulenov J. Qadriyatlar falsafasi. – Toshkent.: «O‘zbekiston», 1998 y.

3. Boboyev X. va boshqalar. Madaniyatshunoslik asoslari. -Toshkent.: 2001 y.

4. Rahmonov N. Ruhiyatdagi nur murodi. – Toshkent.: 2002 y.

5. Quranboyev Q.,Abdurahmonov M. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning “Yuksak ma’naviyat-yengilmas kuch” asarini o‘qitish bo‘yicha o‘quv-uslubiy qo‘llanma. − Toshkent: “Universitet”, 2010.

6. Rahmonov N., B.Matboboyev. O‘zbekistonning ko‘hna turkiy–run yozuvlari. – Toshkent.: 2006 y.

Internet ma’lumotlari:

1. “Xalq so‘zi” gazetasi –www info XS. Uz.

2. “Turkiston” gazetasi — www turkiston sarkor. uz.

3. “Ma’rifat” jurnali — www ma’rifat – inform.

4. “Jamiyat va boshqaruv” jurnali — www rzult academy freenet uz.

5. “Moziydan sado” jurnali — www moziy dostlink. Net

6. www.aim.uz.

7. www.press-servise.uz.

8. www.literature.uz.

9. www. Ziyo net.uz.

Darsliklar
Amir Temur va Temuriylar davri madaniyati