Amir Temur solnomasi
temurtuzuklari.uzAmir Temur solnomasi
DO`STLARGA ULASHING:
Mustaqillik tufayli xalqimiz o‘zligini tanidi, buyuk bobolarimizning tarixdagi o‘chmas jasorati va yuksak dahosi haqidagi asl haqiqat ro‘yobga chiqdi. Bu ulug‘vor ishlarning debochasi sifatida mamlakatimizda Sohibqiron Amir Temur haqidagi adolat qaror topdi.
Toshkent, Samarqand va Shahrisabzda Amir Temurning muhtasham haykallari o‘rnatildi.
Sohibqiron Amir Temur shaxsiyati jahon tarixida juda kam uchraydigan hodisadir.
«Buyuk shaxslarni millat qayg‘usi, xalq dardi yaratadi», – degan edi Prezidentimiz. Chindan ham, millat qayg‘usidan, xalq dardidan yaralgan ulug‘ bobomizday zotning dunyoga kelishi zamon zarurati va talabiga aylandi, boshqacha aytganda, tarix va zamon o‘z qahramonini o‘zi jahon maydoniga olib kirdi.
Amir Temur qachon va qayerda tug‘ilgan?
Amir Temur, Temurbek, to‘liq aytsak, Amir Temur ibn Amir Tarag‘ay milodiy 1336-yil 9-aprel kuni Kesh (hozirgi Shahrisabz) yaqinidagi Xo‘ja Ilg‘or qishlog‘ida tug‘ildi.
Otasi – Amir Tarag‘ay, Tarag‘aybek (tug‘ilgan yili noma’lum, vafoti 1360) barlos qabilasining nufuzli oqsoqoli edi. O‘zbek xalqi tarkibida to‘qson ikki urug‘ borligini bilamiz. Barlos ana shu «to‘qson ikki»ning biridir. Amir Tarag‘ay Turkistonning o‘sha paytdagi hukmdori Amir Qozog‘on oldida ishonch qozongan hurmati bor beklardan hisoblanar, Chig‘atoy ulusi beklari qurultoylariga qatnashib turardi. Harbiy ishlarga mayli yo‘q, taqvodor musulmon, vaqtini darveshlar bilan o‘tkazardi. Sharafiddin Ali Yazdiyning yozishicha, «Tarag‘aybek ulamo va sulaho va muttaqiylarga mushfiq va mehribon erdi va bularning majlisiga borur erdi…».
Onasi – Tegina Xotun, Takina begim, Takina Mohbegim (taxm. 1318, Buxoro – 1353, Shahrisabz) Buxoro ulamolari peshvosi mavlono sadr ash-shari’a, ya’ni shariat qonunlarini sharhlovchi alloma Ubaydulloh al-Buxoriyning qizidir. Milodiy 1334-yil 16 yoshda Tarag‘aybekka uzatilgan. Oradan ikki yil o‘tgach, Temurbek tavallud topdi.
Onasi va otasi Shahrisabzda dafn etilgan. Amir Temur onasi xotirasiga balandligi yetmish bir metr keladigan dunyoga mashhur Oqsaroy yodgorligini bunyod ettirdi.
Amir Temurning bolaligi
Bolaligidanoq tabiatan og‘ir-bosiq, zehni o‘tkir, shoshilmay fikrlaydigan Temurbek dastavval maktabda saboq oldi, savodini chiqardi, ustozlar nazoratida kamon dastasini ushlash, o‘q uzish, nayza tutish, otlarni saralay olish, shikorlar uyushtirish, chavandozlik va qilichbozlik sirlarini yaxshilab o‘rgandi. Sharafiddin Ali Yazdiyning yozishicha, Temurbek o‘n ikki yoshida tengqurlari bilan «poshsho-vazir» o‘ynashar ekan. Temurbek podsho bo‘lar, qolganlarning har biriga bir «mansab» berilar, «gunohkor» odamni jazolab, «yurt» boshqarar ekan. O‘n ikki yoshligidayoq yurt boshqarish havosini olishga intilish kuchli bo‘lgan, niyatni katta qilgan.
Kichikligidanoq Qur’oni karimni yod olganini aytishadi, Qur’on o‘qishda uning ovozi qorilarniki kabi salobatli va yoqimli bo‘lgan.
1360–1370-yillarda Turkistondagi vaziyat
Milodiy 1358-yilda Turkiston (Movarounnahr) hukmdori Amir Qozog‘on o‘ldirilgandan keyin boshboshdoqlik avj olib ketdi. Tarixchi Xondamirning xabar berishicha, mamlakat o‘nga yaqin bekliklarga bo‘linib ketgan, hukmdorlar o‘zaro nizolar, janglar bilan ovora, birlashishni o‘ylamasdilar. Shu sababdan, Mo‘g‘uliston xoni Tug‘luq Temurxon 1360–1361-yillarda yagona hokimi yo‘q yurtimizga bosqin uyushtirganda unga bas keladigan kuch topilmadi.
Amir Temur ana shunday vaziyatda tarix maydoniga kirib keldi. Xudo kelajakda ulug‘ saltanat barpo qilishni uning ko‘ngliga jo etgan edi. Buning uchun mamlakatni birlashtirish lozim bo‘lardi. U o‘zboshimcha amirlar boshini bir joyga qovushtira oldi. Og‘ir kurashlardan keyin milodiy 1370-yilda Amir Temur davlat boshiga keldi. Turkiston tarixida 1370-yil 9-apreldan boshlab mutlaqo yangi sahifalar boshlandi.
Mustaqil Turon davlatiga asos solinishi
Sohibqiron Amir Temur Qashqar, Yettisuv, Turkiston va Xorazmning bir qismidan iborat Chig‘atoy ulusining vorisi sifatida maydonga chiqdi va ulus yerlariga to‘liq egalik qilishni o‘zining qonuniy huquqi deb hisobladi. O‘sha paytdagi taomilga ko‘ra, davlatga Chingizxon asos solgan, shuning uchun faqat uning avlodidan bo‘lganlargina xon atalishga loyiq ko‘rilardi. Amir Temur davlat boshiga kelishdan oldin chingiziy Suyurg‘atmishxonni nomigagina xon qilib ko‘tardi, soxta obro‘lar ketidan quvishga ehtiyoji bo‘lmagan Sohibqiron o‘zini xon deb atamadi, chunki u xon avlodidan emas, balki oddiy xalq ichidan chiqqan qahramon edi. Samarqandni Turon saltanatining poytaxti deb belgiladi, 1391-yilda To‘xtamishxon bilan jangga borayotib, Dashti Qipchoqda ulkan toshga xotira satrlarini o‘ydirib yozdirganda, o‘zini «Turon sultoni» deb atadi.
Birinchi qadamlar parchalanib ketgan yurtni – Turon mamlakatini birlashtirishdan boshlandi. Bu ishni amalga oshirish uchun Jeta (boshqa nomi Mo‘g‘uliston)ga besh marta, Xorazmga besh marta yurish qilishga to‘g‘ri keldi. Parokanda mustamlaka yurt yaxlitlik maqomiga ega bo‘lib, ozodlikka erishdi. Bu tariximizdagi diqqatga sazovor ulkan voqealardan biridir.
O‘ttiz besh yil (1370–1405) hukm surgan Sohibqiron Amir Temur Markaziy Osiyo hududlarini yagona markazlashgan davlatga birlashtirdi, Hind va Gangadan to Orol dengizigacha, Tyan-Shandan to Bosforgacha ulkan imperiya barpo etdi.
Amir Temur, eng avvalo, mustaqil ulkan Turon davlatini tuzgan vatanparvar, buyuk davlat arbobidir, vatanimizni mo‘g‘ul bosqinchilaridan ozod etgan xalq qahramonidir. U mustabidlarga qarshi kurash va mustaqil davlat bunyod etish o‘zining burchi ekanini chuqur anglab yetdi. Prezident Islom Karimovning: «Amir Temurni anglash – o‘zligimizni anglash demakdir», – degan so‘zlari zamirida ana shunday teran ma’no mujassamdir.
«Sohibqiron» so‘zining ma’nosi
«Sohibqiron» so‘zining arabcha «saodatli, zafarli, g‘olib» ma’nolari bor. Ilmi nujum (astrologiya)da va afsonalarda Zuhra (Venera) – do‘stlik va mehru muhabbat tug‘yonlarini in’om aylaguvchi, Mushtariy (Yupiter) – omadu iqbol, muzaffariyatu shodiyonalar sayyorasi deb ta’riflanadi. Shu ikki sayyoraning bir burjda uchrashgan vaqti saodatli lahzalardur, uni qiron deydilar, shunday vaqtda tug‘ilgan bola o‘sha qiron sohibi hisoblanadi. Bunday bolaning baxtli, ulug‘ martabalar egasi bo‘lishi oldindan bashorat etiladi. Sharq mamlakatlarida hukmdorlarga beriladigan sharafli unvon. Amir Temur Ko‘ragon ham shu unvonga musharraf bo‘lgan.
Uch yillik, besh yillik, yetti yillik yurishlar va ularning sabablari
Amir Temur urushning aytgani-aytgan, degani-degan qattol bir zamonda yashadi, qilichu nayzaga suyangan bu zamonning hech kimga bo‘ysunmaydigan o‘z qonunlari bor edi. Ularga rioya qilmaslik yoki chetlab o‘tish mumkin emasdi. Shuni ta’kidlash joizki, Sohibqiron xudo izmidan chiqmaydigan bandalardan edi, hech qachon birinchi bo‘lib urush boshlamasdi, savashishlarni yoqtirmasdi. Uning yurishlari zaruratdan kelib chiqardi. Eng avvalo, u urushning oldini olish chorasini izlardi. Ayrim hollarda, qaysidir mamlakatda zulm ortib ketgan bo‘lsa, u joyning ulug‘lari sohibqiron Amir Temurga ko‘mak so‘rab murojaat qilishardi. Amir Temur o‘z «Tuzuklar»ida davlat ishlarining to‘qqiz ulushini kengash (diplomatiya)ga ajratgani, bir ulushini qilichga qoldirganini yozgan. U umr bo‘yi bunga rioya qildi. Muxolif mamlakatga takror-takror elchilar yuborar, quda-andachilikni yo‘lga qo‘yishga tirishar, qarindoshchilikni rivojlantirish yo‘llarini izlardi. Buning yorqin misoli Xorazmning go‘zal malikasi Xonzoda xonimning Turon saltanati valiahdi shahzoda Jahongir Mirzoga uzatilishi edi.
Amir Temurning «uch yillik» (1386–1388), «besh yillik» (1392–1396), «etti yillik» (1399–1404) yurishlari tarixdan ma’lum. Bu yurishlar zamirida Buyuk ipak yo‘liga egalik qilish uchun kurashlar ham yotadi. Savdo yo‘llari davlatga katta daromad keltirishdan tashqari, xalqaro siyosiy maydonda mavqe, obro‘-martabani yuksak darajaga ko‘tarardi.
Amir Temur yurishlari, urushlar, albatta, o‘z asoratlarini qoldirdi, lekin ularning jahon tarixida ijobiy tomonlari borligi ham haqiqat.
Sohibqironning yurishlari Xitoyda Min sulolasi davlat boshiga kelganda mo‘g‘ullarning Xitoyga solayotgan xavfini bartaraf etdi…
Oltin O‘rda hoqoni To‘xtamishxon bilan 1391, 1395-yillarda olib borilgan ulkan janglar Rossiyani mo‘g‘ullar zulmidan xalos qildi, rus xalqiga markazlashgan davlat tuzish imkoniyatini yaratdi.
Amir Temurning Usmonlilar imperiyasi ustidan qozongan g‘alabasi Yevropani usmonlilar mustamlakasidan qutqarib qoldi, uni Yevropa xaloskoriga aylantirdi, Vizantiya imperiyasi umriga yarim asr umr qo‘shdi. Fransuz tarixchisi Rene Grusse XX asr boshlarida: «Amir Temurning Boyazid ustidan g‘alabasi xristian olamini asrab qoldi», – deb yozgan edi.
Amir Temur diplomatiyasi
U ulkan davlat arbobi sifatida Yevropa va Osiyo o‘rtasida o‘zaro aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiladigan yagona makon yaratish choralarini qidirdi. Bunda o‘zaro savdo-iqtisodiy munosabatlar o‘rnatilishiga katta e’tibor berdi. Jahonning nufuzli davlatlari bilan yaxshi aloqalarni yo‘lga qo‘ydi. Bu ma’noda bir tarafdan – Xitoy, Hindiston, ikkinchi tarafdan – Fransiya, Angliya, shuningdek, Usmonlilar imperiyasi, Ispaniya, Italiya, Misr va boshqa davlatlarni aytib o‘tish mumkin. Sohibqiron faoliyatining jahonshumulligi ham shunda namoyondir.
Kuch – adolatda
Sharqda «odil podsho» tushunchasi qadim-qadimdan mavjud va xalq ana shunday podshoni hamisha orzu qilib kelgan. Sohibqiron Amir Temur ana shunday podsho bo‘lishga intildi. «Kuch – adolatda» so‘zlari Amir Temur uzugiga o‘yib yozilgan va davlat muhrida ham aks etgan edi. «Mamlakat zulmga chidashi mumkin, ammo adolatsizlikka chiday olmaydi», – deb yozgandi Amir Temur o‘z «Tuzuklar»ida. Bu – saltanat shiori. Sohibqiron bunga qattiq amal qilardi. Adolatning kuchi shunchalar yuksak ediki, agar mamlakatda biror odam bir tovoq oltin yo kumushni boshiga qo‘yib, mag‘ribdan mashriqqacha borsa, hech kim unga qo‘l cho‘zmas, oltin yo kumushdan bittasi ham kamaymasdi.
Odamlarga, demak xalqqa e’tibor berish va himoya qilish – Sohibqiron adolatining bosh o‘zagini tashkil qilar edi.
Amir Temur – bunyodkor
Amir Temur qurish, yaratish mentaliteti bo‘lgan xalqning farzandi, tabiatan bunyodkor bo‘lib tug‘ilgan o‘xshashi yo‘q zot edi.
«…Amr etdimki, – deb yozadi Amir Temur «Tuzuklar»da, – katta-kichik har bir shahar, har bir qishloqda masjid, madrasa va xonaqohlar bino qilsunlar, faqiru miskinlarga langarxona (musofirxona) solsunlar, kasallar uchun shifoxona qurdirsunlar va ularda ishlash uchun tabiblar tayinlasunlar. Har bir shaharda dorul-amorat (hukmdor saroyi) va dorul-adolat (adolat saroyi) qursunlar…».
Bunyodkorlik Sohibqiron davrida davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan edi deyish mumkin. Amir Temur faqat o‘z mamlakatidagina emas, balki boshqa yurtlarda ham bunyodkorlik ishlarini amalga oshirgani buning dalilidir. Dastavval saltanat poytaxti qilib belgilangan Samarqandni dunyoning eng obod shahariga aylantirdi, ulug‘vorligini ko‘rsatish uchun, atrofida Damashq, Bag‘dod, Misr, Sheroz, Sultoniya kabi dunyoning mashhur shaharlari nomlari bilan atalgan, bog‘-rog‘larga ko‘milgan qishloqlar barpo qildirdi.
Bunday misollarni ko‘plab keltirish mumkin. Sharafiddin Ali Yazdiyning: «Sohibqiron har yerdakim, imoratqa qobil yer ko‘rsa erdi, ul yerda albatta bir imorat solur erdi…», – degan so‘zlari zinhor mubolag‘a emas.
Amir Temur – ilm-fan homiysi
Sohibqiron Amir Temur davri tarixini to‘liq va ishonarli yoritib bergan Sharafiddin Ali Yazdiyning fundamental «Zafarnoma» (1425) asari Sohibqironning nabirasi, Sheroz hokimi, shoir va xattot Ibrohim Sultonning rahbarligi, fidoyiligi va homiyligi ostida dunyoga keldi. 1519-yilda Ulug‘bek Mirzoning nabirasi Ko‘chkunchixon topshirig‘iga bilan mazkur «Zafarnoma» va Rashiduddinning «Jome ut-tavorix» asarlari o‘zbek tiliga tarjima qilindi.
Amir Temur – buyuk sarkarda
Amir Temur jahonning to‘rt mashhur sarkardalaridan biri, kuragi yerga tegmagan buyuk lashkarboshi, xudo bergan salohiyatini to‘la-to‘kis namoyon eta olgan, o‘xshashi yo‘q buyuk armiya qo‘mondoni edi. Janggohlar san’ati, urush yo‘llari, lashkar tutish qoidasi, saflar rasm-rusumi Sohibqironning «Temur tuzuklari» kitobida batafsil yoritilgan.
Milodiy 1365-yilda Sirdaryo bo‘yidagi Chinoz yonida mo‘g‘ullar bilan bo‘lgan mashhur «Loy jangi»da Amir Husayn boshliq Turon cherigi (Amir Temur lashkarboshi edi) mag‘lub bo‘ldi. Bu 29 yoshli Amir Temurning umrida birinchi va so‘nggi mag‘lubiyati edi.
1366-yilda Qarshida Temurbek bor-yo‘g‘i 243 kishi bilan 12 ming kishilik dushmanga qarshi jang qildi va Tangrining inoyati-yu, sarkardalik salohiyati bilan zafar qozondi.
Sohibqiron dunyoning 27 mamlakatini musaxxar qildi. Taxminan mingdan ortiq jang o‘tkazdi, ularda zafar hamisha Sohibqiron tomonida bo‘ldi.
Uning mashhur janglari quyidagilardir:
1391-yil 18-iyun – Kandircha daryosi bo‘yida (Samara viloyati) Oltin O‘rda xoni To‘xtamishxon ustidan qozonilgan g‘alaba. Har ikki tomondan 200 mingdan ortiq askar ishtirok etgan. Bu g‘alaba Turon davlati mustaqilligini yana ham mustahkamladi.
1395-yil 15-aprel – Oltin O‘rta xoni To‘xtamishxonga qarshi ikkinchi jang Terek daryosi bo‘yida yuz berdi. Turon tomonidan 250 ming sipoh qatnashdi. Jang Amir Temurning uzil-kesil g‘alabasi bilan qaror topdi.
1402-yil 20-iyul – Anqara yonida Amir Temur va usmonlilar imperatori Yildirim Boyazid bilan jang bo‘lib o‘tdi. Amir Temur qo‘shini taxminan 200 ming, Yildirim Boyazid lashkari 160 mingdan iborat edi. Savash Turon sultoni Amir Temurning buyuk g‘alabasi bilan yakunlandi.
Sohibqironning pirlari
Amir Temurning yoshlikdanoq mashhur din ulamolari va shayxlarga e’tiqodi baland bo‘lib, buni padari buzrukvori Amir Tarag‘aydan o‘rgangan edi.
Sohibqironning bir necha pirlari bo‘lgan, ularni ikki guruhga ajratish mumkin.
Birinchi guruhga ruhoniyatli pirlar, ya’ni Sohibqiron tug‘ilgunga qadar yashab o‘tishgan tabarruk zotlar – Turkiston mulkining shayx ul-mashoyixi Xoja Ahmad Yassaviy, Sulton Burhoniddin Qilich, Shayx Nuriddin Basir (Qutbi Chahordahum), Shayx Burhoniddin Sog‘arjiy va Shayx Safiuddin Yoqub Ardabiliylardir. Sohibqironning mazkur zotlar ruhlariga ehtirom ko‘rgizib, har biriga alohida maqbaralar tiklagani, avlodlarini e’zozlab kelgani ularni o‘ziga pir tutganining isboti bo‘la oladi.
1397-yil kuz oylarida Amir Temur Toshkent sari ravona bo‘ldi, undan o‘tib Yassiga bordi va Xoja Ahmad Yassaviy mozorini ziyorat qildi. «Bu aziz Muhammad Hanifa o‘g‘lonlaridin turur, alayhi va ala olihi vassalom», – deydi Sohibqiron pir turbatini tavof aylar ekan. «Buyurdikim, – deb yozadi Sharafiddin Ali Yazdiy «Zafarnoma»da, – ul mozor ustiga imorati oliy soldilar va bir ulug‘ toq (gumbaz) bog‘ladilarkim, ko‘k bila so‘zlashur erdi…».
Ikkinchi guruhga Sohibqironning zamondoshlari, Ulug‘ amir bevosita e’tiqod etgan va irodat yo‘lini bergan pirlar – Shayx Shamsiddin Kulol, Shayx Zayniddin Abu Bakr Toybodiy, Mir Sayyid Baraka hisoblanadilar. Shayx Zayniddin Abu Bakr Toybodiy Amir Temurga «Kuch-adolatda» so‘zlari o‘yib yozilgan tillo uzuk, Mir Sayyid Baraka esa birinchi uchrashuvdayoq saltanat timsoli bo‘lgan nog‘ora va bayroq tuhfa qilgan edilar. O‘zining ruhiy madadi, ko‘magi bilan hamisha Sohibqironga kamarbasta bo‘lgan Mir Sayyid Baraka to so‘nggi nafasgacha Sohibqiron Amir Temur bilan birga umrguzaronlik qildi.
Ushbu pirlar haqida tarixiy manbalarda («Temur tuzuklari»; Nizomiddin Shomiy. «Zafarnoma»; Sharafiddin Ali Yazdiy. «Zafarnoma»; Ibn Arabshoh. «Amir Temur tarixi»; Fasih Havofiy. «Mujmali Fasihiy»; Hafizi Abro‘. «Zubdat ut-tavorix» va hokazo) ma’lumotlar keltirilgan.
Amir Temur farzandlari
Alloh taolo Sohibqironga ko‘p farzandlar ato etdi. El koriga yaraydigan bo‘lib voyaga yetganlari oltita – to‘rt o‘g‘il, ikki qiz.
To‘ng‘ich o‘g‘il – 1356-yilda Turmish oqa degan xotinidan tug‘ilgan Jahongir Mirzo, valiahd edi, 1376 yilda avji gurkirab turgan yigirma yoshida betoblikdan dunyodan ko‘z yumdi. Undan ikki o‘g‘il – Muhammad Sulton bilan Pirmuhammad Jahongirlar qolgan.
Qabri Shahrisabzda.
Ikkinchi o‘g‘il – 1356-yilda To‘lun oqadan tug‘ilgan Umarshayx Mirzo. 1394-yilda halok bo‘lgan. O‘ttiz sakkiz yil umr ko‘rgan. Olti o‘g‘il qolgan: Pirmuhammad Mirzo, Rustam Mirzo, Iskandar Mirzo, Ahmad Mirzo, Sayid Ahmad Mirzo, Boyqaro Mirzo.
Qabri Shaxrisabzda.
Uchinchi o‘g‘il – 1366-yilda Mengli bika oqadan tug‘ilgan Mironshoh Mirzo. 1408-yilda halok bo‘lgan. Qirq ikki yil umr ko‘rgan. Olti o‘g‘il qolgan: Abu Bakr Mirzo, Umar Mirzo, Xalil Sulton Mirzo, Sulton Muhammad Mirzo, Iyjal Mirzo, Suyurg‘atmish Mirzo.
Qabri Samarqandda, Amir Temur maqbarasida.
To‘rtinchi o‘g‘il – 1377-yilda Tag‘oy Turkon oqadan tug‘ilgan Shohruh Mirzo. 1447-yilda vafot etgan. Yetti o‘g‘il qolgan: Ulug‘bek Mirzo, Ibrohim Sulton Mirzo, Boysunqur Mirzo, Suyurg‘atmish Mirzo, Muhammad Jo‘ki Mirzo, Jon O‘g‘lon, Muhammad Yoriy Mirzo. Ulug‘bek Mirzodan boshqa barcha o‘g‘illar otasidan avval dunyodan o‘tganlar.
Qabri Samarqandda, Amir Temur maqbarasida.
Birinchi qizi – Oqa Begi xonim 1359-yilda Turmish oqadan tug‘ilgan. Muhammadbek ibn Musoga uzatganlar, bu nikohdan Sulton Husayn Mirzo tug‘ilgan.1382-yilda yigirma uch yoshida betob bo‘lib, olamdan ko‘z yumgan. Qabri Shahrisabzda.
Ikkinchi qizi – Sulton Baxt begim 1362-yilda Uljoy Turkon oqa degan xotinidan tug‘ilgan. Amir Muhammad Mirakka uzatadilar, lekin kuyov Sohibqironga qarshi tig‘ ko‘tarib chiqadi va jangda halok bo‘ladi. Ikkinchi marta Sohibqiron jiyani Amir Sulaymonshohga turmushga chiqadi. 1430-yilda vafot etgan.
Amir Temur sajiyasi, siyrati
Sohibqiron Amir Temurni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan arab tarixchisi ibn Arabshoh yozadi: «Amir Temur …tengi yo‘q fe’l-atvorli, teran mulohazali, uning tafakkur dengizining qa’ri yo‘q. Amir Temur baland qadli, uzun bo‘yli, tik qomatli, qadimiy pahlavonlar avlodidan bo‘lib, keng peshonali, katta boshli, g‘oyatda kuchli va salobatli, bo‘la, rangi oqu qizil yuzli, dog‘siz, qo‘l-oyoqlari baquvvat, yelkalari keng, barmoqlari yo‘g‘on, poychalari semiz, sersoqol, o‘ng oyoq-qo‘li cho‘loq va shol, ikki ko‘zi bamisoli ikki shamdek bo‘lsa-da, shodligi bilinmas, ovozi yo‘g‘on edi; u o‘limdan qo‘rqmas, yoshi yetmishga yetgan bo‘lsa-da, iztirobsiz, vazmin. Badani to‘la va pishiq, xuddi zich (qalin) tosh misoli qattiq edi. U hazil-mazax, yolg‘onni yoqtirmas, o‘yin-kulgi-yu ko‘ngilxushlikka maylsiz, garchi so‘zda o‘ziga ozor yetadigan biror narsa bo‘lsa hamki, sadoqat unga yoqar edi; u bo‘lib o‘tgan ishga aziyat chekmas va o‘ziga hosil bo‘ladigan yutuqdan shodlanmas edi… Ko‘pincha uning majlisida uyatsiz so‘zlar, qon to‘kish, asir olish, naqbu g‘orat qilish va haram (haqiga) haqorat gaplar bo‘lmasdi. U bexato (nishonga urguvchi) fikrli, ajoyib farosatli, mislsiz darajada baxtli, ulug‘vorligi o‘ziga muvofiq, qat’iy azm bilan so‘zlovchi, boshiga kulfat tushganda ham haqgo‘y kishi edi…».
Amir Temurning vafoti
Sohibqiron Amir Temur Xitoy safariga borayotib, 1405-yil 11-fevral kuni O‘tror shahriga yetganda qattiq og‘rib qoldi va isitmasi ko‘tarila boshladi. Kasallik kundan-kun kuchayardi, ammo Sohibqironning es-hushi, aqli joyida edi. Sohibqiron o‘zining barcha gunohlari uchun tavba qildi. U haram ahlini va ulug‘ beklarni huzuriga chorlab vasiyatga og‘iz ochdi: «…Hazrat Haqdin umidim borki, agarchi gunohim ko‘b turur, ammo bu jihatdin menga rahmat qilg‘aykim, zolimlarning eliklarin mazlumlardin qisqa qilibdurmen. Va qo‘ymadimkim, mening davrimda qaviydan (zo‘ravondan) zaif kuch yegay. Emdikim, Pirmuhammad Jahongirkim, valiahd qilibmen va o‘rnumga qoyimmaqom etibmenkim, Samarqand viloyati aniki bo‘lg‘ay. …Anga mute bo‘lub, ittifoq bila aning ishiga mashg‘ul bo‘lg‘aysiz, to olam buzulmag‘ay va musulmonlarga tashvish va zahmat bo‘lmag‘ay…
Ra’oyo va fuqarou miskin holatidin g‘ofil bo‘lmag‘aysiz… Nechukkim men adlu ehson bila olamni obod etibmen… Agar mening vasiyatim bila amal qilib, adlu dod qilsangiz, ko‘b yillar davlat va mamlakat sizlarda qolg‘usi turur. Va agar sizlar arosida muxolifat bo‘lsa, yaxshi bo‘lmag‘usidur…».
Sohibqiron Amir Temur Ko‘ragon 1405-yil 18-fevral chorshanba kuni, sha’bon oyining o‘n yettisida, namozshom va xufton orasida jon omonatini o‘z egasiga topshirdi…
Amir Temur Samarqandda Amir Temur maqbarasiga dafn etilgan.
Muhammad ALI,
O‘zbekiston xalq yozuvchisi
Amir Temur solnomasi