AMIR TEMUR BOGʻLARI haqida malumot bilib oling.

Ensiklopediya
AMIR TEMUR BOGʻLARI haqida malumot bilib oling.

AMIR TEMUR BOGʻLARIAmir Temur Samarqand atrofida bunyod ettirgan bogʻlar. Amir Temur Bogʻlari xususidagi dastlabki maʼlumotlar oʻtmish tarixchilari, shoirlari, sayyohlari asarlarida uchraydi. Shuningdek, A. T. b. Oʻrta asrlar rassomlari miniatyuralarida ham tasvirlangan.

Amir Temur Bogʻlari tuzilishiga koʻra 2 turga boʻlingan:

1) chorbogʻlar — geometrik (toʻrtburchak, toʻgʻri toʻrtburchak) shaklda boʻlib, har tomoni taxm. 1 km masofaga choʻzilgan. Sahnidan oʻtgan ariqlar ularni teng 4 qismga ajratib turgan. Atrofidagi baland paxsa devorlarning har burchagida minora boʻlgan. Markazda saroy joylashgan. Bunday bogʻlarning darvozalari shahar tarafga qaratib qurilgan;

2) tuzilishi geometrik shaklda boʻlmagan, tabiiy daraxtzor va chakalaklar bagʻrida barpo etilgan bogʻlar. Bunday bogʻlar hukmdor shikor (ov) qilishi uchun moʻljallangan boʻlib, asosiy qismi tabiiy, qoʻl tekkizilmagan holda saqlangan. Ularning kichik bir qismigagina dam olish uchun saroy, koʻshk va chodirlar qurilgan, hovuzlar qazilib, favvoralar oʻrnatilgan. Bu turdagi bogʻlarning oʻsimlik va hayvonot dunyosi nihoyatda boy boʻlgan.

Amir Temur Bogʻlaridan eng mashhurlari quyidagilar; Bogʻi Baland. Amir Temur Samarqandning shim. dagi Choʻponota maqbarasi yaqinida nabirasi (Mironshohning qizi)ga atab qurdirgan. Uni barpo qilishda Eron, Ozarbayjon va b. mamlakatlar bogʻchilik sanʼati ustalari hamda meʼmorlari qatnashgan. Bogʻ oʻrtasida Tabriz oq marmaridan qurilgan hashamatli qasr boʻlib, uning atrofidagi uzumzor, anjirzor va olmazorlar boqqa goʻzal bir tarovat baxsh etib turgan.

Bogʻi Behisht. Amir Temur Samarqandning gʻarbida suyukli xotini Tuman ogʻa (Xayrunniso)ga atab qurdirgan (1378). Yozma manbalarda «Bogʻi Jannat» nomi bilan ataladi. Tarixchi Sharafuddin Ali Yazdiyning yozishicha, bogʻ oʻrtasidagi atrofi xandak bilan muhofaza etilgan sunʼiy tepalik ustida Tabriz oq marmaridan kurilgan hashamatli saroy boʻlgan. Saroyga bir necha koʻtarma koʻpriklar orqali kirilgan. Saroyning bir tarafida hayvonot bogʻchasi ham boʻlgan.

Bogʻi Davlatobod. Amir Temurga Hindiston yurishidan qaytgan kuni (1399-y. 22 apr.) hadya kilingan. Arxeologik tadkikotlar (I. A. Suxarev, 1936 va Oʻ. Alimov, 1967)ga koʻra, u Samarqanddan 13 km jan. da, Katta Oʻzbekiston traktining chap tomonida boʻlgan. Amir Temur bu bogʻda zafarli yurishlardan qaytgach, dam olgan, tantanali marosimlar oʻtkazgan, elchilarni kabul qilgan. Arxeologik kazishlar natijasida bogʻning 1350×900 m mayd. ni egallagani, atrofi baland paxsa devor bilan oʻralgani va unda ariqlar, 4 hovuz (biri 62×28 m, ikkitasi 25X25 m, yana biri 32×32 m) hamda saroy (poydevori 70×70 m) boʻlgani aniqlandi. Saroy sunʼiy tepa (bal. 12 m) ustiga qurilgan, atrofi xandaq (eni 20 m) b-n oʻralgan. Unga 2 ta koʻtarma koʻprik orqali kirilgan.

Bogʻi Dilkusho (Koʻngil ochuvchi bogʻ). Amir Temur xotinlaridan biri — Toʻqalxonim sharafiga qurdirgan (1397). Samarqanddan 5 km sharqda, Panjakent yoʻlining oʻng tomonida (qad. Hinduvon qishlogʻi oʻrnida) joylashgan. Har tarafi 900 m uzunlikdagi baland paxsa devor bilan oʻralgan, 4 darvozasi, markazida hashamatli saroy boʻlgan. Saroy uch qavatli boʻlib, har qavatida favvora otilib turgan. Saroy devorlariga Amir Temur olib borgan urushlardan lavhalar chizib qoʻyilgan. Amir Temur Ispaniya elchisi Rui Gonzales de Klavixoni ana shu bogʻda qabul qilgan. Bu bogʻ oʻrnida hozir Dilkusho qishlogʻi joylashgan.

Bogʻi Jahonnamo (Jahon koʻzgusi). Amir Temur Samarqanddan 7 farsax (42 km) narida, Zarafshon togʻi etagida qurdirgan (1398). Unda saroy va qalʼa boʻlgan. «Zafarnoma»da yozilishicha, bu bogʻning hududi benihoyat katta boʻlib, yoʻqolib qolgan ot 6 oydan soʻng topilgan ekan.

Bogʻi Maydon. Amir Temur Samarqandning shim. da, Choʻponota tepaligi etagida qurdirgan. Tarixiy manbalarga Karaganda, bogʻda hashamatli bir ayvon (koʻshk) va qimmatbaho toshlardan yasalgan taxt boʻlgan. Mirzo Ulugʻbek bu bogni yanada obod qilgan. Bobur shu haqda bunday deb yozadi: «Bu bogʻning oʻrtasida (Ulugʻbek) bir oliy imorat qilibdur. Chil (qirq) sutun derlar, du (ikki) oshyona (kavat), sutunlari tamomi toshdin. Bu imoratning toʻrt burchida toʻrt manordek burjlar qoʻporibturlarkim, yuqorigʻa chiqar yoʻllar bu toʻrt burjdindur. Oʻzga tamom yerlarda toshdin sutunlardir. Baʼzini morpech xiyora (burama, koʻpqirrali) qilibturlar. Yuqorigi oshyonaning toʻrt tarafi ayvondir, sutunlari toshdan. Oʻrtasi chordora uydir. Imorat kursisini tamom toshdan farsh qilibdirlar». Bu bogʻ oʻrni hozir ham Bogʻi Maydon deb ataladi.

Bogʻi Nav (Yangi bogʻ). Amir Temur Samarqandning jan. da qurdirgan (1404). Lolazor qishlogʻi oʻrnida joylashgan. Bu bogʻ toʻrtburchak shaklda boʻlib, atrofi baland paxsa devor bilan oʻralgan, har burchagida minora qad koʻtarib turgan. Markazida boshqa bogʻlardagiga nisbatan kattaroq qasr, uning oldida hovuz boʻlgan.

Bogʻi Chinor. Amir Temur Samarqandning sharqida (Konigilning jan.-gʻarb tarafida, hoz. «Qoʻsh tamgalik» tepaligi oʻrnida) barpo qildirgan (1404). Unda chinorlar koʻp boʻlgan. Markazida xochsimon tarxli saroy joylashgan.

Bogʻi Shamol. Amir Temur 1397-y. nabirasi (Mironshohning qizi)ga atab qurdirgan. Samarqandning gʻarbida boʻlgan. Undagi saroy toʻrtburchak shaklda boʻlib, har tomoni 1500 qadamni tashkil qilgan. Devorlariga marmar qoplanib, sahni qora yogʻoch va fil suyagidan ishlangan. Bu bog joylashgan hudud va u yerdagi ariq hozir ham «Bogʻi Shamol» deb ataladi.

Samarqand atrofida bulardan tashqari yana bir qancha bogʻlar boʻlgan. Chunonchi, Bogʻi Boʻldu, Bogʻi Zogʻon, Bogʻi Naqshi Jahon, Bogʻi Amirzoda Shohrux, Bogʻcha, Bogʻi Dilafroʻz, Bogʻi Sheron, Gulbogʻ, Lolazor, Bedana qoʻrugʻi, Chumchuqlik, Gʻozxona va b. shular jumlasidandir. Amir Temurning bogʻ qurish anʼanasini temuriylardan Shohrux, Ulugʻbek, Bobur va b. ham davom ettirishgan.

Oʻtkir Alimov.

Ensiklopediya.uz
AMIR TEMUR BOGʻLARI