Amerikaliklar inson ichak mikrobiomini ko‘paytirishga muvaffaq bo‘ldi to’liq malumot oling
Stenford universiteti olimlari inson ichak mikrobiomasiga xos boʻlgan mikroorganizmlar jamoasini yaratishga muvaffaq boʻldi. Buning uchun 104 turdagi bakteriyalar birlashtirildi. Keyinchalik fekal mikroorganizmlar ham jamoaga qoʻshildi va bu hamkorlik sichqonlarga patogen oshqozon tayoqchasi kasalligiga qarshi kurashda yordam berdi. Tadqiqot natijalari Cell jurnalida eʼlon qilingan.
Ichak mikrobiomasi koʻplab organizm turlaridan iborat murakkab jamoa boʻlib, uni modellashtirish juda qiyin. Olimlar oz sonli aniqlangan turlar yordamida mikrobiomaning kichik shaklini yaratishga yoki juda xilma-xil, ammo aniq tarkibga ega boʻlmagan tabiiy jamoalarning ishlarini kuzatishga muvaffaq boʻladi xolos. Bu mikrobiomaning inson hayotidagi rolini oʻrganishni juda qiyinlashtiradi. Hozirga qadar qaysi mikroorganizm patologiyaning sababchisi ekani va ularning qaysi biri bemorlarga yordam berish uchun ishlatilishi mumkinligi toʻliq aniq emas.
Stenford universiteti xodimi Maykl Fishbax boshchiligidagi olimlar guruhi inson ichak mikrobiomasining eng ilgʻor modelini yaratish va sinab koʻrishga muvaffaq boʻlgan koʻrinadi. Buning uchun ular “Inson mikrobiomasi” (Human Microbiome Project) loyihasi maʼlumotlarini tahlil qildi. Loyiha 2014-yilda tanamiz ichi va tashqarisida yashovchi organizmlarni oʻrganish maqsadida yoʻlga qoʻyilgan.
Maʼlum boʻlishicha, “Inson mikrobiomasi” loyihasining bir qismi sifatida oʻrganilgan inson ichagidagi mikroorganizmlarning taxminan yarmi bir-biriga mos keladi va olimlar mikrobiomaning ushbu alohida qismini qayta yaratishga eʼtibor qaratgan. Barcha organizmlar uchun mos yashash sharoitlarini kompleks tarzda tanlash orqali olimlar 104 turdan iborat jamoani yaratishga muvaffaq boʻldi. Bu boshqa modellar doirasida toʻplash mumkin boʻlganidan 2 baravar koʻp demakdir.
Keyin tadqiqotchilar tomonidan bu jamoa ichak mikrobiomiga ega boʻlmagan sichqonlarga kiritildi (odatda bunday sichqonlar ularni mikrobioma hosil qilish imkoniyatidan mahrum qiladigan steril sharoitda oʻstiriladi). Kemiruvchilar boʻyicha natijalar tahlil qilingach, 104 turdan 103 tasi jonzot ichagiga muvaffaqiyatli oʻrnashgani aniqlandi.
Mikrobioma qanchalik toʻliq va barqaror ekanini tekshirish uchun yanada koʻproq organizmlarni unga qoʻshishga urinib koʻrish mumkin va jamoa oʻzini yangi turlar bilan boyitishi yoki oʻzgarishsiz qolishi shunda maʼlum boʻladi. Olimlar sichqonlarga inson axlatidan olingan mikroorganizmlar jamoasini inyeksiya qildi va maʼlum boʻldiki, kemiruvchilarda yangi turlar bilan uchrashganda mikrobioma xilma-xilligi ortdi. Bu esa jamoa toʻliq emasligini va uni yangi turlar bilan kengaytirish mumkinligini anglatadi. Buning uchun sichqon ichagi mikrobiomasiga qoʻshimcha turlar kiritiladi. Yangi jamoa ham sichqonlarning ichagida tezda koʻpayib, ularga mustahkam oʻrnashib oldi. Ammo patogen oshqozon tayoqchasining koʻpayishiga imkon bermadi. Maʼlum boʻlishicha, mikrobiomaning olimlar hCom2 deb belgilagan ikkinchi shakli birinchisiga qaraganda toʻliqroq va barqarorroq boʻlib chiqdi.
Shakllantirilgan mikroorganizmlar jamoasini sichqonlarga kiritish davom ettirildi, shundan keyin kemiruvchilarga nazorat bosqichi sifatida inson axlatidan olingan mikrobiom yoki fosfat buferi (PBS) kiritildi. Olimlar tomonidan yaratilgan mikroorganizmlar jamoasi yangi turlar bilan toʻldi va hCom2 nomli yangi jamoa hosil boʻldi. Elis G. Cheng / Cell nashri, 2022-yil
Olimlar hCom2 nomli jamoa joylashgan sichqonlar bilan inson axlatidan olingan mikroorganizmlar kiritilgan kemiruvchilar qanchalik oʻxshashligini tekshirishi kerak edi. Maʼlum boʻlishicha, sichqonlarning ikkala guruhi ham bir-biriga oʻxshash ekan. Ulardagi immun tizimi hujayralarining kichik turlari bir xil, shuningdek, siydik va axlatdagi metabolitlar darajasi ham juda oʻxshash boʻlgan. Ushbu kuzatuv shuni koʻrsatadiki, mikrobiologlar tabiiy mikrobiom jamoasiga juda oʻxshash ichak mikrobiomasining talabga javob beradigan modelini hosil qildi.
Tadqiqot mualliflari oʻz ishlarida kamchiliklar mavjudligini va modelni toʻldirish mumkinligini tan oladi. 119 turdagi mikroorganizmlar turli hisob-kitoblarga koʻra, 150–300 turni oʻz ichiga oladigan haqiqiy ichak mikrobiomasining tarkibini toʻliq tasvirlab bermaydi. Shunga qaramay, mikrobiologlar oʻz ishlarining natijasini inson tanasida yashaydigan mikroorganizmlarning murakkab jamoalarini koʻpaytirishga keyingi urinishlar uchun maʼqul asos deb hisoblaydi.
Oʻzingizni olimdek his qilishingiz uchun uy sharoitida mikrobioma hosil qilish imkonsiz, lekin tanangizda “kimlar” yashashini bilmoqchi boʻlsangiz, barcha maʼlumotlar bilan bu yerda tanishib chiqish imkoniyati mavjud.
Muallif: Polina Grebenkina. Ushbu maqola nplus1.ru saytidagi “Американцы воспроизвели микробиом кишечника человека” nomli maqolaning tarjimasi.
Muqova surat: Melinda A. Engevik / BMC Microbiology, 2021-yil
Boshqa mavzular
Amerikaliklar inson ichak mikrobiomini ko‘paytirishga muvaffaq bo‘ldi