ALYOR haqida malumot bilib oling.

Ensiklopediya
ALYOR haqida malumot bilib oling.

ALYORxalq qoʻshiqlarining bir turi, oʻtmishda joʻra (ulfat)lar davrasida qadah tutib aytilgan. Kosagul (soqi) qoʻlida boʻza yoki may toʻddirilgan qadah tutib, davradagilarga: «Alyor boʻlsin-ay, Xoʻjam yor boʻlsin-ay, Xoʻjam bergan bu davlatga dushman zor boʻlsinay», — deya murojaat qilgan. Qadahni (kosani) olgan suhbatdosh oʻz navbatida joʻraboshi xohishiga koʻra, biror qoʻshiq yoki raqs ijro etgan. Bunday paytda childirma joʻrligida kuylanadigan maxsus qoʻshiqlar ham boʻlgan. Ular koʻnalar, haqqonlar va boʻzagarlar qoʻshigʻi deb ham ataladi. Boʻzagarlar qoʻshiqlari ikki band (toʻrtlik)dan iborat boʻlib, birinchi bandning birinchi misrasi qaysi soʻz bilan boshlansa, ikkinchi bandning birinchi misrasi ham oʻsha soʻz bilan boshlanishi shart. Alyordan xalq dostonlarida ham keng foydalanilgan. Mas, Barchinni izlab borayotgan Hakimbek yoʻlda, qabristonda uxlab qolganida, ular ruhining aytishuvi: «Kosa ushlab qoʻlim toldi, Biyning qizi mahtal boʻldi, Xon toʻram, sizga ne boʻldi, Oling, alyor-alyor», buning yorqin dalilidir.

Ensiklopediya.uz
ALYOR