ALYASKA haqida malumot bilib oling.

Ensiklopediya
ALYASKA haqida malumot bilib oling.

ALYASKA — AQSH shtati. Shim. Amerikaning shim.-gʻarbida, AQSHning asosiy qismidan uni Kanada yerlari ajratib turadi. Mayd. 1519 ming km2. A. materik qismdan va bir qancha orollar (Aleksandr arxipelagi, Aleut o. lari, Pribilov, Kadyak va b.)dan iborat. Shim. Muz okeani va Tinch okean (Bering dengizi) bilan oʻralgan. Maʼmuriy markazi — Juno sh. Tinch okean sohilida igna bargli oʻrmon bilan qoplangan baland togʻ tizmalari bor. Gid-roenergiyaga boy eng yirik Yukon daryosida kema qatnaydi. Aholisi 599 ming kishi (1993), anchagina qismi harbiy xizmatchilardir. Mahalliy aholi — indeyslar, aleutlar va eskimoslar. Aholining 3/4 qismi Alyaskaning jan.-sharqiy va jan. sohil qismida yashaydi. Alyaskani 18-a. 1-yarmida ruslar egallab, qishloklar qura boshlagan. 1799-y. da yer osti va yer usti boyliklaridan tanho foydalanish huquqini olgan Rossiya-Amerika kompaniyasi tashkil etildi. 1867-y. da Rossiya hukumati Alyaskani AQSH ga 7,2 mln. dollarga sotib yuborgan. Alyaska 1884-y. gacha AQSH harbiy vazirligi tasarrufida boʻlgan, 1884—1912-y. larda okrug, soʻngra hudud, 1959-y. dan shtat. 19-asrning 90-y. larida Alyaskaning markaziy qismida va Syuard ya. o. da oltin konlari topilishi bilan Alyaskaning ichki qismlarida ham aholi turar joylari paydo boʻldi. 1911—38 y. larda Alyaskada mis konlari ishga solindi. 1915—23 y. larda t. y. qurilib, Alyaskaning markaziy qismi sohil bilan bogʻlandi. Baliq ovlash va baliq sanoati, oʻrmon sanoati, foydali qazilmalar chiqarish va qisman moʻynachilik A. xoʻjaligining asosini tashkil etadi. Oltin qazib chiqarish Alyaska kon sanoatining asosiy. tarmogʻidir. Shuningdek, kumir, neft, qalay, platina, simob, xromit qazib olinadi. Ishlab beruvchi sanoat asosan konserva va taxta tilish korxonalaridan iborat. Ketchikan va Sitka sh. larida 2 ta ulkan sellyulozaqogʻoz z-di bor. Q. X. bilan deyarli shugʻullanilmaydi, faqat Matanuska vodiysida, Kenay ya. o. da kartoshka ekiladi, qoramol, parranda boqiladi. Moʻynali hayvonlar ovlanadi. Tashqi aloqalari, asosan, dengiz floti, shuningdek havo yoʻllari orqali amalga oshiriladi. Alyaska avtomobil yoʻli va t. y. orqali Kanada b-n bogʻlangan. Ichki yuklar t. y., shuningdek avtomobil yoʻllarida tashiladi. Xeyns — Ferbenks neft quvuri (1000 km) qurilgan. Alyaskada aerodromlar, harbiydengiz bazalari, raketodromlar bor.

Ensiklopediya.uz
ALYASKA