Alsgeymer kasalligidan himoyalanishning oson usuli topildi
Alsgeymer — ko`proq keksa yoshli insonlarda uchraydigan xastalik. U asta-sekin xotira susayishi, bosh miya faoliyati buzilib, aqliy qobiliyat pasaya borishi bilan namoyon bo`ladi.
Yapon olimlari ushbu kasallik yuzasidan olib borgan izlanishlari natijasida oddiy nafas mashqlari orqali uning oldini olish mumkinligini aniqladi. Bu haqda SSV matbuot xizmati xabar qildi.
Tadqiqot uchun 108 nafar ko`ngilli jalb etilib, ulardan tegishli qon tahlillari olindi va xastalik xavfini ko`rsatuvchi biomarkerlar tekshirildi.
Keyin ishtirokchilar ikki guruhga ajratildi. Birinchi guruh har kuni oddiy nafas mashqlarini bajarib bordi. Ikkinchi guruh esa aqliy faoliyati va xotira butunligini saqlashga qaratilgan meditasiya mashg`ulotlari bilan band bo`ldi.
O`z navbatida, haftada bir bor barcha ishtirokchilar qon tahlillari olinib, Alsgeymer biomarkerlari hisoblangan amiloid-40 va 42 darajalari tekshirib borildi.
To`rt haftadan so`ng tadqiqotchilar hayratlanarli natijaga duch keldi. Birinchi guruhdagi nafas olish mashqlari bilan shug`ullanuvchilar qonida beta-amiloid miqdori sezilarli darajada pasaygani aniqlandi. Bu ularda Alsgeymer kasalligi rivojlanish xavfi kamayganidan dalolat beradi.
Ikkinchi guruh natijalari esa xavotirli bo`ldi: 4 haftalik tajribadan so`ng ularning qonida beta-amiloidlar darajasi oshgani ma`lum bo`ldi.
Shunga asoslanib, yapon olimlari kuniga 10-15 daqiqa nafas olish mashqlarini bajarish Alsgeymer rivojlanishining oldini olishda samarali usul, degan xulosaga keldi.
Eslatib o`tamiz, JSST ma`lumotlariga ko`ra, sayyoramizda har 3 soniyada bir kishi Alsgeymerga chalinadi. Hozir Er yuzida 50 milliondan ortiq odam ushbu xastalikdan aziyat chekmoqda. 2030 yilga borib bu ko`rsatkich 65 million nafardan oshishi mumkin.
Sog`liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.
@ssvuz | @ssvmatbuotkotibi |Facebook | Instagram
Salomatlik, Salomatlik sirlari, Salomatlik sirlari, Xirurgiya
Alsgeymer kasalligidan himoyalanishning oson usuli topildi