ALPOMISH OʻYINLARI FESTIVALI haqida malumot bilib oling.

Ensiklopediya
ALPOMISH OʻYINLARI FESTIVALI haqida malumot bilib oling.

«ALPOMISH OʻYINLARI» FESTIVALI — Oʻzbekistonning eng yirik milliy sport oʻyinlari musobaqalari. 2 y. da bir marta oʻtkaziladi. OʻzR Vazirlar Mahkamasining «Alpomish» dostoni yaratilganligining 1000-yilligini nishonlash toʻgʻrisidagi»gi qarori (1998-y. 13 yanv.) asosida tashkil qilingan. Maqsadi — xalq oʻyinlarini keng ommalashtirish, Oʻzbekistonda Alpomish kelbatli yoshlarni koʻpaytirish, ularni vatanparvarlik, fidoyilik ruhida tarbiyalash. Festival nizomiga koʻra, u 3 bosqichda oʻtkaziladi. 1-bosqich tumanlar miqyosida tashkil qilinadi. Tuman musobaqasi gʻoliblari 2-bosqichda viloyat musobaqalarida qat-nashadilar. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyat va Toshkent sh. musobaqalari gʻoliblari 3-bosqich — respublika final bahslarida qatnashish huquqini qoʻlga kiritadilar. «Alpomish oʻyinlari festivali» f. 6 milliy sport turi; milliy kurash (buxorocha, fargʻonacha usullar), «Turon», kamondan oʻq otish, tosh koʻtarish, armrestling (bilak kuchi kurashi) hamda xalq oʻyinlari: «tortishmachoq», «mindi», «boʻron», «yelkada kurash» boʻyicha oʻtkaziladi. Musobaqalarda 15 yoshdan 50 yoshgacha boʻlgan kishilar ishtirok etishi mumkin. Oilaviy jamoalarning qatnashishiga ham ruxsat beriladi. «Alpomish oʻyinlari festivali» f. gʻoliblari pahlavonlik, mardlik va oriyat timsoli sifatida hurmatga sazovor boʻladilar. Birinchi «Alpomish oʻyinlari festivali» f. 1998-y. 13—14 noyab. da Termiz shahridagi «Alpomish» stadionida boʻlib oʻtdi. Unda umumjamoa hisobida Surxondaryo viloyati vakillari gʻolib chiqdi. 2-oʻrinni Andijon viloyati, 3-oʻrinni Toshkent sh. jamoasi oldi.

Ensiklopediya.uz
ALPOMISH OʻYINLARI FESTIVALI