Aloe yuzdagi ajin va toshmalarga qarshi haqida malumot

Aloe yuzdagi ajin va toshmalarga qarshi haqida malumot

Aloe o‘simligi beozor giyoh hisoblanib, uni go‘zallik timsoli deyishadi. Uning foydalilik xususiyatlari esa uch ming yil muqaddam aniqlangan. Azaldan uning barglaridan tabobatda foydalanib kelingan. Ayniqsa, ko‘z kasalliklari, teridagi yaralarni davolashda aloe o‘simligidan tayyorlangan surtmaning foydasi bisyor. Arab tilidan tarjima qilinganda «aloe» «achchiq, kakra» ma’nolarini anglatadi. Arablar ushbu o‘simlikni qurg‘oqchilikka chidamliligi uchun sabr-bardosh, qanoat timsoli sifatida qadrlashadi.

Aloe joy tanlamaydigan o‘simlik bo‘lgani uchun uni uy sharoitida o‘stirish juda oddiy va qulay.

Aloe sharbati o‘simlikning aynan uyda o‘stirilgan turidan olinadi. Aloe sharbati zararlangan joyni tezda tiklash xususiyatiga ega bo‘lib, mikroblardan tozalovchi vosita hamdir. Shuningdek, aloe ko‘z shilliq pardasidagi va boshqa yallig‘lanishlarni davolashda samarali yordam beradi.

Aloe sharbati va surtmasi teridagi o‘tkir va surunkali kasalliklarni davolaydi. Yaralar, jarohatlar va kuyishlarni bartaraf etib, terini avvalgi holatiga qaytaradi.

Tashqi go‘zallikni ixtiyor etgan bekalarimiz uchun ham aloe bebaho topilma hisoblanadi. Uning barglari bilan ertalab va kechqurun yuzingizni artsangiz, chehrangiz tiniqlashib, yanayam ochilasiz.

Aloe sharbati ajinga qarshi

Ertalab ko‘zgu oldida yuzingizga razm solib, husningizga soya solayotgan ajinlarning ko‘payganidan kayfiyatingiz tushdimi? Unda aloe sharbati sizga yordamga keladi. Buning uchun 2-3 dona aloe bargini olib, uni bir litr qaynab sovutilgan suvga solasiz va 5 daqiqa mobaynida qaynatasiz. So‘ngra uni dokadan o‘tkazib, sizdirib oling va soviting. Tayyor bo‘lgan losonni muzlatgichda saqlab foydalanishingiz mumkin.

Havo sovishi bilan ko‘pgina xotin-qizlarning labi yoriladi. Bunda aloe sharbatini labingizga surtsangiz, u tez fursatlarda avvalgidek muloyim va chiroyli ko‘rinishiga qaytadi.

Muzlatilgan aloe

Aloe sharbatidan tay­yorlangan muz bo‘lakchasi eng zo‘r pardoz vositasi ekanidan xabaringiz bormi? Buning uchun 2-3 qoshiq aloe sharbati bilan birga marvarak o‘simligini qaynating. Uni yaxshilab aralashtirib, ma’lum bir ko‘rinishga keltiring va muzlatgichga qo‘ying. Ushbu muz bo‘lakchasi bilan yuzingizni ertalab va kechqurun artishni kanda qilmang. Bu malham yuzingizni toshmalardan xalos etib, tiniqlashtiradi.

Aloedan maxsus niqoblar

Bir qoshiq aloe sharbatiga bir qoshiq smetanani aralashtiring. Aralashmaga qizilpoycha o‘simligi va qoshiqchada asal soling. Tayyor niqobni yuzingizga surtib, 12-15 daqiqadan so‘ng yuzingizni issiq va sovuq suvda galma-gal yuvib tashlang. Ushbu niqob yuzingizni yoshartirib, ajinlarni silliqlaydi.

2 osh qoshiq yangi aloe sharbati 1ta tuxum oqi bilan aralashtiriladi va 15 daqiqaga yuzga surtiladi. Niqob teridagi mayda toshmalarni yo‘qotishda yaxshi samara beradi.

2 osh qoshiq aloe sharbatiga 1 osh qoshiq moychechak damlamasini, shuncha miqdordagi asalni qo‘shib aralashtiring. Niqob yuzni taranglashtirib, yallig‘lanishlarni bartaraf etadi.

Tabiat in’omi

Aloening vatani-Janubiy Amerika. XX asrning 30-yillariga kelib aloedan tibbiyotda keng foydalanila boshlandi. Bular asosan immun tizimini mustahkamlovchi dorilar edi.

Aloe sharbati tabiatning antiseptik in’omi hisoblanib, unda salitsil kislota, fenol, oltingugurt va o‘simlik balzami – lupeol mavjud. Ushbu elementlar yallig‘lanishga qarshi samarali vosita hisoblanadi.

Aziz dugonajonlar, ona tabiat biz, xotin-qizlarning sog‘lom va go‘zal bo‘lishimiz uchun barcha shart-sharoit va imkoniyatlarni muhayyo etgan. Bizdan ozgina qunt va xohish bo‘lsa kifoya. O‘zingiz uchun har kuni hech bo‘lmaganda yarim soat ajrating va maftunkor bo‘ling.

© Muxlisa Hakimova.

Beka.uz nashri.

Kasalliklar
Aloe yuzdagi ajin va toshmalarga qarshi