
ALMAIY NOMIDAGI NAMUNA ISH MAKTABI haqida malumot bilib oling.
ALMAIY NOMIDAGI NAMUNA ISH MAKTABI — Toshkent sh. ning Beshyogʻoch dahasidagi sobiq rus-tuzem maktabi binosida mahalliy aholi bolalari uchun 1918-y. da ochilgan maktab. Maktabga Nazir Inoyatov rahbarlik qilgan. Dastlab bolalar uyi tarzida tashkil qilingan. 1922-y. dan Almaiy nomidagi namuna ish maktabiga aylantirilgan va Turkiston Xalq Maorifi Komissarligi ixtiyoriga oʻtkazilgan. Maktabda mehnat va politexnika taʼlimidan boshlangʻich tushunchalar amalga oshirilgan (oʻquvchilar oʻz yumushlarini oʻzlari bajarganlar, q. x. ishlari bilan shugʻullanganlar, etikdoʻzlik, toʻquvchilik, tikuvchilik, duradgorlik, chilangarlik, muqovachilik va b. ishlarni oʻrganishgan); musiqa va drama toʻgaraklari boʻlgan. Maktabda Tesha Zohidov, Olim Sharafuddinov, Yunus Rajabiy, Usmon Dadamuhamedovlar oʻqituvchilik qilishgan. Bu maktab respublikaning boshqa maktablari uchun ham oʻzbek tili, adabiyoti va b. fanlardan oʻquv dastur va metodik qoʻllanmalar ishlab chiqish hamda ularni tajribadan oʻtkazishda katta yordam bergan. Olim va yozuvchilar Izzat Sulton, Mirtemir, Parda Tursun, Hasan Poʻlat, Azimov Sulaymon shu maktabda oʻqishgan. 1929-y. da boshqa maktablarga qoʻshib yuborilgan.
Ensiklopediya.uz
ALMAIY NOMIDAGI NAMUNA ISH MAKTABI