ALLOH haqida malumot bilib oling.
ALLOH (arab, «al-iloh» — ilohiy kuch, xudo) , Olloh — islom dinida butun mavjudotni yaratgan oliy ilohiy kuch; xudoning nomi. Keyingi yillardagi adabiyotlarda mahalliy talaffuzga moslab Olloh shaklida ham qoʻllanib kelingan. Odatda Allohga taolo (ulugʻ, oliy) sifati qoʻshib aytiladi.
Shim. Arabistonda istiqomat qilgan samud qabilasining ibodatgohidan topilgan mil. 2—3-a. larga tegishli yozuvda aytilishicha, oʻsha paytda ularning bosh xudosi — A. boʻlgan. Boshqa shim. arab (safoviy) yozuvida «hollo» soʻzi uchraydiki, bu yerda «ho» hoz. zamon arab adabiy tilidagi aniqlik yuklamasi «al» ning oʻrnini bosadi. Alloh islom yoyilishi arafasida baʼzi arablarning, xususan, Makka axlining xudolaridan biri boʻlgan, degan fikr ham bor. Dastlab Alloh soʻzi maʼno jihatidan «Iloh» (xudo) va «rabb» (parvardigor, ega) soʻzlaridan farq qilmagan. Bunga Muhammad (sav)ning otalari Abdulloh ismida boʻlganlari dalildir. Qad. rimliklarda Yupiter, yunonlarda Zevs, yahudiylarda Yaxve, slavyanlarda Perun, turkiy tilli xalqlarda esa Tangri bosh xudo hisoblangan. Binobarin yakka xudoga eʼtiqod qilish (q. Tavxid) islomdan ancha ilgari boshlangan. Bevosita islom yoyilishi arafasida oʻzlarini Ibrohim (as)ga mansub deb bilgan haniflar arab qabilalarini oʻz sanamlaridan voz kechishga va yagona Alloh (Iloh)ga eʼtiqod qilishga daʼvat etganlar. Koʻpxudolikni rad etib, aynan shu Ibrohim (as) va b. ulugʻ ajdodlarning yakkaxudolik diniga qaytishni arablar orasida astoydil targʻib qilishga kirishish Muhammad paygʻambar(sav)ga birinchi bor vahiy kelgan yil — 610-y. dan boshlangan.
Islom diniga binoan Alloh — yakkayuyagona xudo, olamning yaratuvchisi va qiyomat kunining egasi. U Muhammad paygʻambar(sav)ni insoniyatga oʻzining soʻnggi elchisi sifatida yuborgan. Islomning eng asosiy talabi hisoblangan kalimai shahodat «Lo iloha illalohu Muhammadun rasululloh» («A. dan boshqa iloh yoʻq, Muhammad — A. ning paygʻambari»), deb uqtiradi. Islomga koʻra, Qurʼon Muhammad (sav)ga nozil qilingan Allohning soʻzidir. Qurʼoni karimda Allohning yagonaligi va buyukligi juda koʻp bor taʼkidlanadi. Shuningdek Qurʼonda doimo Allohning mukammalligi, qodirligi va ulugʻligi haqida gapiriladi. Alloh «alim», yaʼni biluvchidir, u boʻlib utgan ishlarni, endi boʻladigan ishlarni, xoh katta, xoh kichik, barchasini biladi; A. «murid», yaʼni xohlaguvchidir — dunyodagi ishlarning har biri Alloh taoloning irodasi va xohishi ila boʻladi, u xohlagan ish boʻlmay qolmas va xoxlamagan ish aslo boʻlmas; A. «qadir», yaʼni har ishga qudrati yetuvchidir; A. «basir», yaʼni koʻruvchi — yer va osmondagi, qorongʻu va yorugʻdagi, katta va kichik narsalarning barchasini koʻradi; A. «samiʼ», yaʼni eshituvchi — qattiq boʻlsin, sekin boʻlsin har qanday ovozlarni eshitadi; A. «mutakallim», yaʼni soʻzlaguvchi — Qurʼoni karimdagi barcha oyatlar, shuningdek Tavrot, Injil, Zabur kitoblari Alloh taoloning soʻzidir; A. «mukavvin», yaʼni boʻldirguvchi — dunyodagi barcha narsalar uning boʻldirmogʻi ila boʻlgandir; A. «rabbun», yaʼni tarbiya qiluvchi — barcha jonli va jonsiz narsalarni tarbiya qiladi; A. taolo «odil», yaʼni toʻgʻrilik qiluvchi — har bir hukmni va har bir ishni toʻgʻrilik ila qiladi, hech kimga jabr va zulm qilmaydi. U rahmdil, mehribon va kechirimli. Odamlar butunlay unga itoat etishlari (islomga kirishlari), xudodan qoʻrqib vijdonli boʻlishlari, barcha narsada Allohga va uning irodasiga ishonishlari lozim. Alloh oʻzi xohlagan paytda yerdagi barcha narsani barbod etadi, oʻliklarni tiriltiradi va ularni oʻz huzuriga hukm qilish uchun yigʻadi; u yerda har kishining qilgan amaliga koʻra jahannam (doʻzax) azobiga duchor qiladi yoki jannat bilan mukofotlaydi.
Alloh haqidagi taʼlimot musulmon dini va ilohiyot fanining asosi boʻlib qoldi. Alloh tabiatining turli qirralari hadislarda, tafsir va ilohiyotga oid maxsus asarlarda tilga olinib, tushuntirildi. Shunga koʻra, Uning sifatlari inson sifatlaridan tubdan farq qiladi. Baʼzi ulamolar fikricha, Alloh taoloning zoti va sifatlari toʻgʻrisida chuqur baxs yuritish sharʼan man etiladi. Alloh biror narsaga oʻxshatilmaydi va biror narsa ham Allohga oʻxshatilmaydi.
Allohning ilohiy sifatlari Qurʼoni karimda tilga olingan 99 ismida yaqqol koʻrinadi ( q. Al-asmo al-husno).
Alloh bilan odamlarning oʻzaro munosabatlari muammosi islomdagi ikki oqim — sunniylik va shialik oʻrtasidagi farklanishning asosini tashkil etadi. Sunniylar Muhammad (sav) vafotidan soʻng Alloh bilan odamlar oʻrtasidagi bevosita aloqa toʻxtab qolgan deb hisoblaydilar. Shialar esa bu aloqa imomlar orqali davom etmoqda, deb biladilar.
Ensiklopediya.uz
ALLOH