ALKOGOLIZM haqida malumot bilib oling.

Ensiklopediya
ALKOGOLIZM haqida malumot bilib oling.

ALKOGOLIZMtibbiyot nuqtai na-zaridan spirtli ichimliklarni mudom ichaverish oqibatida roʻy beradigan surunkali kasallik; ashaddiy ichkilikbozlik. Keng maʼnoda — spirtli ichimliklarni meʼyoridan ortiq ichishning kishilar sogʻligʻi va mehnat qobiliyatiga, maʼnaviy va maishiy hayotiga, shuningdek jamiyat farovonligiga yetkazadigan zararlari majmui. Alkogolizm individual va ijtimoiy hayotning hamma shakllariga taʼsir koʻrsatadi. Ichkilik taʼsirida odamlar jamiyat va davlat oldida masʼuliyat sezish hissini yoʻqotib qoʻyadi, bezorilik va qonunni buzishga aloqador boshqa xatti-harakatlarni qilishi mumkin. Alkogolizm ishlab chiqarishga zarar yetkazadi, mehnat intizomining buzilishi va unumdorligining pasayishi, odamlarning xastalanib qolishi va hatto bevaqt halok boʻlishiga olib keladi. Mastliqda odamning muvozanatni yaxshi saqlay olmasligi, diqqati chalgʻib, atrofdagi vaziyatni aniq bila olmasligi baxtsiz hodisalarga sabab boʻladi.

Alkogolizm rivojlanishida boshlangʻich, oʻrta va soʻnggi bosqich alomatlari kuzatiladi. Boshlangʻich bosqich — asosan alkogolga nisbatan haddan ortiqroq maylning paydo boʻlishi va unga boʻlgan chidamlilik (tolerantlik)ning oshishi, qusish himoya refleksining yoʻqolishi, yashirin yoki yolgʻiz ichib mast boʻlish, ichayotgan alkogol miqdorini nazorat qila olmay qolishi, perforatsion amneziya, faqat ichaverish toʻgʻrisidagi istakning miyaga oʻrnashib qolishi, alkogoldan oʻzni tiyganda holsizlanish (asteniya) holatining yuzaga chiqishi bilan ifodalanadi. Oʻrta bosqichda — alkogolga boʻlgan chidamlilik juda oshadi, «alkogol ochligi» — humor (abstinent) holatining yuzaga kelishi, alkogolga bogʻlanib qolish, soxta mayzadalik (psevdozapoy), alkogol psixozlari va shaxsning ruhiy jihatdan tubanlashuvi kuzatiladi. Soʻnggi bosqich esa alkogolga chidamsizlik (intolerantlik), muttasil ichishning davriy tuye olishi, chin mayzadalik, ruhiy va jismoniy zaiflashish, nerv va ichki aʼzolar faoliyatining izdan chiqishi, dispeptik holat, oʻtkir va surunkali alkogol psixozlari, xotira va es-hushning aynishi bilan ifodalanadi. Alkogolizm odam organizmidagi hamma sistemalar va aʼzolar faoliyatiga putur yetkazadi. Ichkilikboz odam oʻzi ichayotgan ichkilik miqdorini bilmay qoʻyadi, markaziy va periferik nerv sistemasi faoliyati buzilib (psixik kasalliklar, nevritlar va b. paydo boʻladi), ichki aʼzolar funksiyasi izdan chiqadi. Ichkilikning zaharli taʼsiri moddalar almashinuvi, ayniqsa vitaminlar almashinuvining buzilishiga olib keladi. Ichkilikboz odam qoʻl barmoqlari, koʻz qovoqlari, til uchining titrab turishi, shuningdek har kuni bajarib yurgan odatdagi ishini bajara olmay qolishi mumkin. Koʻp ichadigan odamda koʻz xiralashib, baʼzan quloq ham ogʻir tortib qoladi. Ichkilikning meʼdaga taʼsiri natijasida shu aʼzoning barcha funksiyalari buziladi. Ichkilik ayniqsa jigarga zararli taʼsir koʻrsatib, jigar sirrozi yuzaga keladi. Alkogolizm pankreatit, kand kasalligi, stenokardiya va miokard infarkti kasalliklariga ham sabab boʻladi. Ichkilik ichki sekretsiya bezlari va birinchi galda jinsiy bezlarga zarar qiladi, mijoz susayib, jinsiy zaiflik paydo boʻladi. Ayollar ichkilik taʼsirida tez soʻlib qoladi, pushti susayib, homiladorlik vaqtida har xil asoratlar koʻproq uchraydi. Mudom ichib yurish kishining barvaqt qarib, nogiron boʻlib qolishiga olib keladi.

Alkogolizmning oldini olish. Alkogolizm belgilari paydo boʻlganda, ichkilikbozni narkologiya shifoxonalariga yotqizib, uzoq vaqt davomida narkolog vrach kuzatuvida muntazam davolanishni tashkil qilish kerak.

Mirqobil Xalilov.

Ensiklopediya.uz
Alkogolizm