Alkogolizm, alkogol psixozlar to’liq malumot oling
Alkogolizm (surunkali ichkilikbozlik, aroqxo`rlik) tez-tez va ko`p miqdorda spirtli ichimliklar iste`mol qilish oqibatida kelib chiqib, unga hirs qo`yish bilan kechadigan surunkali kasallik hisoblanadi.
Mundarija
скрыть
Bosh og`riqqa ehtiyoj, shaxsning o`ziga xos o` zgarishi somatik vaijtimoiy oqibatlar bilan o`tadi. Alkogolizm sabablari spirtli ichimliklar ichishdir. Alkogolizm rivojlanish davrida odamlarga xushchaqchaqlik, ruhiy kayfiyat, ko`tarinkilik, quvnoqlik beradi. Alkogol ichilganda odamning markaziy asab tizimi faoliyatiga tez ta`sir qiladi, bunda oily asab faoliyati izdan chiqadi. Ichkilik ichgan odamda diqqat-e`tibor susayib, u harakatlarini yo`qotib qo`yadi. Bunda aqliy ish qobiliyat buziladi, qattiq gapirib, maqtanchoqlik qiladi. Bularning hammasi oddiy mastlik holatiga olib keladi. Mastlik – bu alkogol bilan o`tkir zaharlanish bo`lib, spirtli ichimliklarning psixotrop ta`siridan kelib chiqadi. Bu insonning ruhiy, vegetativ asab buzilishlariga olib keladi.
Klinik manzarasi. Mastlikning quyidagi turlari mavjud:
I. Oddiy mastlik holati, uning 3 darajasi bor. 1. Yengil darajasida kayfiyatning ko`tarilishi, tetiklik, mamnunlik, shirin xayollar paydo bo`ladi. Bunda nutqning baland bo`lishi, tezlashishi, imo-ishoralarning jonlanishi, harakatda aniqlikning yo`qolishi bilan xarakterlanadi. Bu darajada ichgan odamlar bajarayotgan ishning hajmi, sifati pasayadi. Vegetativ belgilardan yuzning qizarishi yoki oqarishi, jinsiy maylning oshishi namoyon bo`ladi. Mastlikning yengil darajasida barcha voqealar bemorning xotirasida saqlanib qoladi. 2. O`rtacha og`ir darajasida ko`tarinki kayfiyat, jahldorlik, tajanglik, xafachilik bo`lib turadi. Mast kishi o`z qobiliyatini yuqori baholaydi, o`z-o`zini tanqid qilish pasayadi, harakatning chuqurroq buzilishi, ataksiya va dizartriya namoyon bo`ladi. Fikrlashning susayishi, nutqning sekinlashuvi, bir so`zni qayta-qayta takrorlashi paydo bo`ladi. Bemorning diqqat-e`tibori pasayadi. 3. Mastlikning og`ir darajasida karaxtlik belgilari paydo bo`lib, koma holatiga tushadi. Bunda bemorlarda muvozanat buziladi, mushaklar atoniyasi, amimiya, dizartriya belgilari namoyon bo`ladi.
Bemorlarda bosh og`riq, bosh aylanish, ko`ngil aynish, qusish, nafas olish va yurak-qon tomir faoliyatida o`zgarishlar bo`ladi. Natijada qo`loyoqlarning sovuq qotishi, ko`karib qolishi, haroratning pasayishi, tutqanoq xurujlari paydo bo`lib, ixtiyorsiz tagiga siyib yuborish va axlat chiqishi kuzatiladi. Mastlik holatining bu darajasida kishi xotirasi butunlay saqlanmaydi.
II. Oddiy mastlikning o`zgargan turi- asoratli mastlik bo`lib, bunda ruhiy buzilishlar kuchayib yoki pasayib ketadi. Oddiy mastlikning quyidagi o`zgargan turi mavjud: 1. Eksploziv turi – mastlikka xos baland kayfiyat kamroq bo`lib, qisqa vaqt bo`ladigan jahldorlik, norozilik bilan almashinib turadi. 2. Disforik
turi, bunda ruhiy taranglik, g`amginlik, jahldorlik, tushkunlikka tushish, atrofdagi kishilarga xavf solish paydo bo`ladi. 3. Isterik turida harakat buzilgan, qo`llarini qiyshaytirib, bezovtalanadi, bunda o`ziga yengil jarohat yetkazishi mumkin. Bemorda isterik tutqanoq xuruji paydo bo`lishi mumkin. 4. Depressiv turida kayfiyat pasayadi, bemorlar ko`pincha yig`laydilar, g`amginlik, bezovtalanish, o`ziga suiqasd qilish fikrlari paydo bo`ladi. 5.
Somnolensiya turida qisqa vaqt ko`tarinki kayfiyatdan so`ng uyqu kelishi va uxlab qolish mumkin. 6. Epileptoid turida epilepsiya xuruji va harakat qo`zg`alishlari kuzatiladi. 7. Paranoid turida harakat va nutq qo`zg`alishi kuchayib, atrofdagi kishilarni haqorat qiladi, urush va janjal qiladi.
III. Kasallikka xos mastlik o`ta o`tkir o`tkinchi psixoz bo`lib, spirtli ichimlik ichish natijasida paydo bo`ladi. Alkogolni tez-tez iste`mol qilish natijasida odam unga o`rganib qoladi va surunkali alkogol kasalligiga chalinadi. Surunkali alkogol kasalligining quyidagi bosqichlari mavjud:
1. Asosiy belgisi ichkilikka xos moyillik (intilish) bo`lib, oddiy ichkilikbozlikdan kasallikka o`tiladi. Birlamchi ichkilikka moyillik faqat ichkilik ichish bilan o`tadigan marosim paytida paydo bo`ladi. Bemorlar ichkilik ichish maqsadida bunday marosimlarni o`ylab topadilar va tezlatadilar. O`zlari esa jonlanib ketadilar. Hamma ishlarni tashlab, ichkilik ichishga shoshiladilar, agar bemorlar oldida to`siqlar paydo bo`lsa, ularning ruhiyati, kayfiyati pasay. Birinchi bosqichda bemorlar mast bo`lishlari uchun ichkilik miqdorini 2–3 barobar oshirib ichadilar. Ichkilikka chidamlilikning oshishi, qayt qilishning yo`qolishi bilan kuzatiladi va mastlik holatiga olib keladi. Bemorlar bu mastlik holatidagi voqealarni xotirada saqlab qolmaydilar (giyohvand amneziya).
2. Kasallikning birinchi bosqichdagi belgilarning kuchayishi bilan abstinent belgi (bosh og`riq) paydo bo`ladi. Bunda bemorda mastlik tugashi bilan behollik va vegetativ o`zgarishlar kuzatiladi. Bosh og`rig`i, bosh aylanishi, yurak urishi, yuz va ko`z olmasining qizarishi, tinka qurishi, lanjlik paydo bo`lishi bilan davom etadi. Bu holat kecha-yu kunduz paydo bo`ladi. Agar bemor ozgina ichsa, uning ahvoli yaxshilanadi. Alkogolizm rivojlanib borsa, abstinent holati ham og`irlashib boradi. Bunda vegetativ o`zgarishlar bilan birga somatik o`zgarishlar ham qo`shiladi. Bularga yurak qon tomir urishining buzilishi, ishtahaning kamayishi, ich buzilishi, qayt qilish, qorindagi og`riqlar kiradi. Asab-ruhiy sohasida esa butun tanada titroq, xavotirlik, vasvasalar, o`z-o`zini ayblash, jahldorlik, ko`rolmaslik, yomon tush ko`rishlar, gallutsinatsiyalar paydo bo`ladi.
Abstinent holati 2–5 kun davom etib, bemorlar ertalabdan bosh og`rig`i uchun ichadilar. Bunda bemorni ichkilik ichishdan to`xtatib bo`lmaydi. Ichkilikka bo`lgan chidamlilik bir necha yil davom etadi. Bemorlarda mastlik holati o`zgaradi, eyforiya davri qisqarib, psixopatsimon holatlar uchraydi.
3. Ichkilikka bo`lgan chidamlilikning kamayishi kasallikning 3-bosqichga o`tishini bildiradi. Bunda bemorlar oz-ozdan kun bo`yi ichadilar, ichish bir necha haftadan bir necha oyga cho`ziladi. Bunda birinchi kuni ko`p ichib, oxirgi kunlari esa ichkilikka chidamlilik kamayib boradi. Jismoniy o`zgarishlar yuzaga kelib, butunlay ichmay qo`yadilar. Bemorlar uyatsiz, sharm-hayosiz, urishqoq, yolg`onchi bo`lib qoladilar. Bunda gepatit, yurakdagi o`zgarishlar tuzalmaydigan darajaga keladi. Kasallikning kechishi ichkilik ichgandan uning ikkinchi bosqichi boshlanguncha, 6–7 yil vaqt o`tadi. Bu tez rivojlangan turi hisoblanadi. O`rtacha rivojlangan turi 7–15 yilgacha, asta-sekin rivojlangan davrida 15 yildan ko`proq vaqt o`tadi.
Davosi. Surunkali alkogolizm uch bosqichda davolanadi:
B i r i n c h i b o s q i c h. Zararsizlantirish (dezintoksikatsion terapiya);
umumiy davolash 40 % li 20 ml glukoza bilan 5 % li 5,0 askorbin kislotasi tomir ichiga 15 kun, 5 % li unitiol 3–5 ml 6–10 marta mushak orasiga; 30 % li tiosulfat natriy 15–20 ml 10–15 marta tomir ichiga; 0,9 % li natriy xlor 1–2 litr tomir ichiga tomchilatib yuboriladi; gemodez, reopoliglukin 400,0 ml tomir ichiga 4–5
kun, 25 % li magneziy sulfat 5–10,0 ml eritmasiga 40 % li glukoza qo`shib tomir ichiga 14 kungacha beriladi. Vitamin B12 1000 mg, B1 100 mg, nikotin kislotasi katta dozada beriladi. Abstinent holatlarda va surunkali davrlarda qo`llaniladi. Abstinent holatida vegetative astenik asab o`zgarishlarida nootrop dorilar, fenazepam 1–2 mg, 0,5 % li seduksen 2–4 ml, pirroksin 1–3 ml 2–6 marta qilinadi.
Ruhiy o`zgarishlarda aminazin, tizersin, galoperidol, teralin, melleril, depressiyada amitriptilin buyuriladi.
I k k i n c h i b o s q i c h d a. Davolash kasallikka, ichkilikka moyillikni
bartaraf etishdan iborat, bunda psixoterapiya usullari ham qo`llaniladi. Ichkilikka bo`lgan moyillikni bartaraf etish uchun psixotrop dorilar – karbiden 90–150 mg, neuleptil 30 mg, meleril 150 mg, teralen, etaperazin, pirogenal 250–1500 mpd buyuriladi. Spirtli ichimlikka jirkanchlik hissini uyg`otish maqsadida shartli reflekslarni keltirib chiqarish uchun 0,5 % li apomorfinning yangi tayyorlanganidan 0,2–1,0 ml gacha teri ostiga yuboriladi. Dori ta`sirida qayt qilish refleksi kuchayadi. Bemorga 30–50 ml spirt ichish tavsiya etiladi. Qayt qilishni kuchaytirish maqsadida qo`shimcha emitin 0,05 mg, ipekakuana 0,25–0,5 mg, mis kuporosi eritmasini 0,5–0,75 mg 150 ml distillangan suvda eritib ichish buyuriladi. Bemor organizmida ichkilikka nisbatan chidamsizlik hissi uyg`otiladi. Bunda teturam (antabus) dorisini 0,125–0,5 g dan har kuni 30 kun davomida beriladi. Dorining ta`sirini mustahkamlash maqsadida teturam-alkogol sinamasi qo`yiladi. Bu sinama o`tkazishdan 3–4 kun oldin teturam 1,0 g gacha oshirib boriladi. Bemor ichgandan so`ng behushlik, yurak sohasidagi og`riq, qon bosimining oshishi, tutqanoq xurujlari kuzatiladi. Bu o`zgarishlarning oldini olish maqsadida, sinov oldidan bemorlarga 8,4 % li bikarbonat natriy, 10 % li kalsiy xlor eritmasini 10 % li glukozada aralashtirib, tomir ichiga yuboriladi. Bemorlarga ichkilikka qarshi chidamsizlikni keltirib chiqarish uchun metronidazol (trixopol) 1000–2000 mg har kuni, 3–4 hafta davomida; furazolidon 300–800 mg 10 kun davomida; siamid 50–100 mg 5–6 kun, nikotin kislota 100– 400 mg 3–4 hafta davomida berib boriladi. Bu usulni uzoq muddat qo`llash mo`ljallanganda, mushak ichiga esperal va radeter dorilarni jarrohlik yo`li bilan kiritiladi.
Uc h i n c h i b o s q i c h d a davolash – natijalarni barqaror qilish, kasallik qaytalanishining oldini olish usullaridir. Bunga psixoterapiya usullari, psixotrop dorilari qo`llaniladi. Kasallik qayta avj olishining oldini olish uchun teturam 0,25–0,75 g, trixopol 0,75–1 g, nikotin kislotasi har kuni 1–3 oy davomida berib boriladi. 1–2 oy o`tgach bu kurs yana qaytariladi.
Alkogol psixozi yoki ichkilik jonsarakligi o`tkir, to`satdan boshlanadigan, bemorning o`zi va atrofdagilar uchun xavfli kasallikdir. Boshning shikastlanishi, yuqumli kasalliklar, uzoq uyqusizlik, og`ir ruhiy kechinmalar uning paydo bo`lishiga olib keladi. Kasallikdan oldin uyquning buzilishi, bemorning vahimali tushlar ko`rib chiqishi kuzatiladi. Ko`proq erkaklarda uchraydi. Buning kelib chiqishida miya to`qimalari ichkilik ta`sirida zaharlanadi. Unda moddalar almashinuvi buziladi. Alkogol psixozi, asosan, abstinent holatida boshlanadi. Alkogol psixozning klinik manzarasi deliriy, gallutsinozlar, vasvasalar, ensefalopatiya ko`rinishida bo`ladi. Bundan tashqari, psixozlarning aralash va o`zgargan turlari ham bo`ladi.
Alkogol deliriy (oq alahlash) turi uch bosqichda bo`ladi:
1. Emotsional harakatlar, hayajonlanish, ko`p gapirish, fikrlar va so`zlarning ko`payishi, imo-ishoralarning kuchayishi, o`ta sezuvchanlik, kayfiyatning tez o`zgarishi, uyqusizlik va vegetativ o`zgarishlar paydo bo`ladi.
2. Yuqoridagi o`zgarishlarga ko`rish illuziyasi va gallutsinatsiyalari qo`shiladi.
3. Tashqi hodisalarga vaqt va joyga bo`lgan mo`ljallarning yo`qolishi qo`shiladi. Deliriy psixozdagi bemorlarda gallutsinatsiyalar hosil qilish, masalan, bemor yumuq ko`zlari ustiga barmoq bilan sekin bosib, ularga har xil ko`rinish gapirilganda, ularda ko`rish gallutsinatsiyasi paydo qilish mumkin. Bemor toza qog`ozda har xil yozuvlarni ko`rishi mumkin yoki uzib qo`yilgan telefon bilan gaplashadi. Deliriyda har doim titroq, gandiraklash, yurakning tez urishi, ko`p terlash holatlari kuzatiladi. Alkogolli deliriy 2–8 kun davom etadi va chuqur uyqu bilan tugallanadi.
Alkogolli gallutsinozlar. Kasallik kechishi o`tkir, o`rtacha o`tkir va surunkali turlarga bo`linadi. O`tkir turi bir necha soatdan bir necha haftagacha yoki 1 oygacha davom etadi. Bu birdan boshlanib, kechqurun yoki tunda uyqusizlik, eshitish gallutsinozlari kuzatiladi. O`rtacha og`irlikdagi turi bir oydan olti oygacha cho`ziladi va eshitish gallutsinozlari bo`ladi. Surunkali turi olti oydan oshib ketadi. Bunda eshitish gallutsinozlari doimiy bo`lib, bemorlar bu ovozlar bilan bahslashadilar, urishadilar, keyinchalik bu ovozlarga ko`nikib qoladilar. O`zlari tinchlanib, keyinchalik ish qobiliyatlarini tiklab oladilar.
Alkogolli vasvasali psixozning quyidagi turlari mavjud:
1. Alkogolli paranoid (ta`qib qilish vasvasasi), bunda bemorda bosh og`riq kuchayadi, bezovtalanish, hayajon, qo`rqish, harakat qo`zg`aluvchanligi namoyon bo`ladi. Bemorga har qanday kishi ta`qibchi bo`lib tuyuladi. Tez orada ko`rish va eshitish illuziyalari paydo bo`ladi. Bemorlar ta`qibchilardan qochishi yoki o`zlariga jarohat yetkazishi mumkin. Kechga borib esa delirioz belgilar, eshitish gallutsinatsiyalari paydo bo`ladi.
2. Rashk vasvasalari ko`proq erkaklarda uchraydi. Bemorlarda o`z xotini o`ynash topib olgandek fikrlar paydo bo`ladi. Ular, ko`pincha, dalil va ashyolar qidirib, xotinlarining orqasidan kuzatib, kiyimlarini tekshirib yuradilar. Bemorlar o`z xotinlariga nisbatan tan jarohati yetkazishlari mumkin.
Alkogolli ensefalopatiya – bunda o`tkir ruhiy o`zgarishlar, somatik (terining oqarib qolishi, ko`z oqining sarg`ayishi, haroratning ko`tarilishi, yurakning tez urishi, qon bosimning pasayishi, hushdan ketish, jigarning kattalashishi) va asab tizimidagi (titroq, gandiraklash, mushaklar tortishishi yoki bo`shashish, nistagm, ko`rishning pasayishi, patologik reflekslarning paydo bo`lishi, ensa mushagining qotishi) o`zgarishlar kuzatiladi. Korsakov psixozi surunkali alkogol psixozida kuzatiladi. Bunda xotiraning pasayishi, joyni, vaqtni, atrof-muhitni
bemorlar bilmaydi, konfabulatsiya va polinevritga xos belgilar paydo bo`ladi. O`tmishda bo`lib o`tgan voqealar esda bo`ladi, kasbga, mehnatga bo`lgan qobiliyat saqlanib qoladi. Alkogol falaji ko`proq erkaklarda uchraydi. Ruhiy o`zgarishlar, fikrlash, bilimlar, o`z-o`ziga tanqidiy qarashlar kamayadi. Eyforiya, hazillar, o`ziga ishonish kuchi yuqori bo`ladi, xotira buzilishlari kuzatiladi.
Davosi. Alkogolli psixoz zaharlanish bosqichida bemorlarni davolashda gemodez, reopoliglukin 400,0 ml 2 mahal kuniga, 5 % li 400,0 ml glukoza eritmasini tomir ichiga tomchilatib quyish buyuriladi. 30 % li 10,0 ml natriy tiosulfat, 5 % li 5–10,0 ml unitiol, 10 % li 10,0 ml kalsiy xlor, 25 % li 10,0 ml magneziy sulfat dorilari tavsiya etiladi. Bemor qo`zg`alganda, seduksen, GOMK; alkogolli vasvasalar, gallutsinatsiyalarda aminazin, galoperidol o`rtacha dozada (hamma vaqt vitaminlar bilan birga) beriladi. Miya shishganda mannit, laziks hamda kokarboksilaza, askorbin kislotasi, eufillin yaxshi yordam beradi. Jigar zararlanganda, metionin, essensial 3–4 mahal buyuriladi. Alkogolli ensefalopatiyada vitaminlar, pirasetam, aminazin, ensefabol, asefenlar bilan birga, bosh miyada qon aylanishini yaxshilovchi dorilar – kavinton, stugeron yoki sinnarizin, sermion buyuriladi. Alkogolizmga qarshi davolashni psixoz tugagandan bir necha oydan keyin boshlash mumkin.
Giyohvandlik – zaharli moddalarga organizmning o`rganib qolishi natijasida yuzaga keladi. Giyohvand moddalar, asosan, bir marta iste`mol qilganda kayf beruvchi, surunkali iste`mol qilganda esa jismoniy va ruhiy ko`nikish hosil qiluvchi moddalardir. Giyohvand moddalarni uzluksiz iste`mol qilish giyohvandlikga olib keladi. Giyohvand moddalar iste`mol qilinganda, asosan, asab tizimi faoliyatiga ta`sir qilib, uning ish faoliyatini buzadi. Ya`ni eslash, fikrlash, sezish, gapirish qobiliyatining pasayishiga olib keladi, natijada ularning ish qobiliyati yo`qoladi. Giyohvand moddalarni qayta iste`mol qilganda organizmda ruhiy moyillik, ya`ni shu moddalarga nisbatan kayf, mastlik holatlari yuzaga keladi. Bunda, ayniqsa, bolalarda o`qishga bo`lgan qiziqish yo`qoladi. Jismoniy moyillik esa organizmning giyohvand moddalarga bo`lgan moyilligi ortishi natijasida, giyohvand modda iste`mol qilmagan taqdirda, organizm me`yoriy faoliyat ko`rsatmasligi mumkin. Oqibatida qo`1-oyoq bo`g`inlarida, mushaklarda kuchli og`riq, qaltirash, tirishish holatlari bo`lib o`tadi. Bemorlarda bezovtalik, yaxshi uxlamaslik, injiqlik, bosh og`riq, tez-tez ich ketish, qattiq qo`rquv holatlari kuzatiladi. Bu holatlar giyohvand moddalar qabul qilgandan keyin tezda o`tib ketadi. Bu moddalarni surunkali iste`mol qilish natijasida, organizmda jismoniy moyillikning kuchayishi, ya`ni o`zini o`zi boshqara olmasligi, nazorat qilishi yo`qoladi, bundan keyin kayf qilish uchun emas, balki shu moddalarsiz organizmning me`yoriy faoliyat ko`rsatmasligi natijasida, tura olmaslik holatlariga olib keladi. Giyohvand moddalarni surunkali iste`mol qilish homilador ayol organizmiga va homilaga zararli ta`sir qiladi. Natijada homila rivojlanishining dastlabki uch oyligida asab tizimi, barcha tana a`zolari va to`qimalari shakllanib borayotganda salbiy ta`sir qilib, tug`ma nuqsonlar paydo bo`lishiga olib keladi. Bunda homila rivojlanishi susayadi, homilaning erta tushishi, o`lik tug`ilishi, bolaning aqliy zaif bo`lib qolishi, mayib-majruh tug`ilishiga olib keladi. Giyohvandlikni keltirib chiqaruvchi omillardan biri ijtimoiy omildir. Bunga bolalarni oilada noto`g`ri tarbiyalash, tevarak-atrofdagi chekuvchilarning ta`siri va ularga bolalarni qiziquvchanligi, kayfiyatga tez beriluvchanlik hamda turli xil qiyinchilikdan qochishi kiradi. Giyohvand moddalarni uzoq muddat iste`mol qilganda kishi unga o`rganib qoladi. Bemorlar ko`proq og`riq qoldirivchi dorilar (promedol, morfin, omnopon, barbituratlar)ni qabul qilgandan keyin unga organism o`rganib qoladi. Agar bemorlar bunday dorilarni qabul qilmasa, organizmda abstinensiya (xumor tutish) belgilari paydo bo`ladi. Bular bosh og`riq, lanjlik, tajanglik, yurak o`ynashi, kayfiyat va ruhiyatning yomonlashuvi, ich ketish, uyqusizlik va vahima bosish belgilari paydo bo`ladi. Abstinensiya davrida bemorlar giyohvand moddalarni qo`lga kiritish uchun harakat qiladilar va jinoiy ishlar ham qiladilar. Ba`zi bemorlar darddan qutilish uchun shifoxonaga yotib oladilar. Og`riqqa chidolmasdan morfin qilishlarini so`raydilar. Vaqt o`tishi bilan morfin miqdori kamlik qiladi va qanoatlantirmay qo`yadi.
Giyohvandlikka o`rganib qolgan bemorlarning ishtahasi yo`qoladi, terisi quruq, shilviragan, qo`l-barmoqlarda titrash (tremor), bo`g`immushaklarda og`riq, uyqusi buzilgan, yurakning o`ynab turishi, ish qobiliyatining susayishi va irodaning pasayishi kuzatiladi. Bemorlarda ko`pincha yolg`on gapirish, kulish yoki yig`lash hamda xotiraning pasayishi namoyon bo`ladi. Agar nasha chekilganda eyforiya, fikrlashning tezlashishi, hirsning kuchayishi, illuziyalar (kichik ariq xuddi katta ariq bo`lib ko`rinadi), bachkanalik, kulguli holatlar, tashnalik, ochlik paydo bo`lsa, giyohvandlikda kuchli asteniya – xavotirlanish, mushaklar uchishi, ich ketish, tutqanoq xurujlari, talaffuzning buzilishi, titroq, muvozanatning yo`qolishi holatlari kuzatiladi.
Toksikomanlar. Ularda tabiiy va sun`iy zaharlovchi moddalarni iste`mol qilish natijasida organizmda shu moddalarga nisbatan moyillik, xumor tutish holatlari kuzatiladi. Bu holat ko`pincha psixotrop dorilar bilan uzoq davolangan bemorlarda kuzatiladi. Bu dorilardagi xumor holatlarida bosh og`rig`i, bosh aylanishi, yurak urishining tezlashishi, titroq bosish, behushlik holatlari, tutqanoq xurujlari va psixoz holatlari kuzatiladi. Psixotrop dorilar uzoq muddat iste`mol qilinganda ularga chidamlilik oshadi, xumor holatlari (qo`rquv, uyqusizlik, ko`p terlash, titroq) paydo bo`ladi. Miya faoliyatini tetiklashtiruvchi dorilar (kofein) iste`mol qilganda, bemorlarda tetiklashish, kuchga to`lish, yengillashish kabi holatlar kuzatiladi. Bu holatlar qisqa vaqtdan keyin bo`shashish, tushkunlik, bosh og`riq, tananing qaqshashi bilan tugallanadi. Shuning uchun bemorlar qayta shu dorilardan olishga majbur bo`ladilar. Bundan tashqari, bemorlarda vasvasalar, eshitish, ko`rish gallutsinatsiyalari ham kuzatiladi. Parkinsonizmga beriladigan dorilar (siklodol, parkopan, romparkin, artan) ko`p dozada berilib borilganda bemorlarda eyforiya, mastlik, gallutsinatsiyalar bo`lishiga olib keladi. Bu moddalarning dozasi oshib ketganda qo`rqinchli ko`rish gallutsinatsiyasi, deliriy yoki ovoz eshitish gallutsinatsiyasi, o`tkir sezish, ta`qib qilish vasvasasi bilan o`tadigan psixozlar kuzatiladi. Xumor holatida qo`l va tananing titrashi, mushaklardagi og`riq hamda tortishishlar, yurakning tez urishi, bo`g`im va umurtqa pog`onasidagi og`riqlar, xavfsirash, qo`rqish belgilari namoyon bo`ladi. Benzin, bo`yoq, lok erituvchilar, yelimlar, kremlar hidlaganda ko`pincha nafas yo`li orqali o`tkir zaharlanishga, mastlik holatiga olib keladi. Bunda eyforiya, gallutsinatsiyalar paydo bo`ladi. Agar bemorlar bu moddalarni 2–3 kun iste`mol qilmasa, yurak o`ynashi, qon bosimining o`zgarishi, qo`l titrashi, qovoq uchishi, tanada shishlar paydo bo`lishiga olib keladi. 5–7 kunga kelib esa depressiya, apatiya, bo`shashish, asteniya belgilari uchraydi.
Davosi. Kasallik 3 bosqichda davolanadi. 1. Organizmdagi zaharli toksinlarni suyuqliklar quyish natijasida chiqarib yuborish, organizmni umuman mustahkamlash va tetiklashtirish, giyohvand moddalar qabul qilishni to`xtatish.
2. Giyohvand moddalarga qarshi qaratilgan usullar. 3. Xumor holatini to`xtatib turuvchi davolash usullari. Xumor holatlarida tinchlantiruvchi dorilardan pirroksan buyuriladi, bu uyqusizlik va giyohvand moddalarga bo`lgan intilishni kamaytiradi. Dori 5–7 kun davomida beriladi. Xavotirlanish, xavfsirash, qo`rqish, uyqusizlikda hamda vegetativ o`zgarishlarda elenium, seduksen, sibazon, relanium, rudotel qo`llaniladi. Depressiyada tazepam, nozepam, frenalon, galoperidol; giyohvand xumor holatida sulfazin 5,0–10,0 ml 2–4 kun davomida kuniga 1 marta berish kerak. Davo kursini 5–6 marta takrorlash kerak. Pirogenal 250–1000 mpd kunora, 30 % li tiosulfat natriy 5–10,0 ml, magneziy sulfat, unitiol, vitaminlar; astenik holatlarda kalsiy glitserofosfat 0,2 g, fitin 0,25 g 3 mahal ichish uchun beriladi. Bezovtalik, uyqusizlikda tizersin, dimedrol, pipolfen hamda 2,5 % li 1,0–3,0 ml aminazin 5–7 kungacha har kuni beriladi. Bundan tashqari, elektruyqu, psixoterapiya, oyoqlarni iliq suvda ushlab turish yaxshi natija beradi.
Tamaki chekish (kashandalik). Eng ko`p uchraydigan hamda butun dunyo bo`yicha keng tarqalgan, ko`pgina xalqlarning kundalik turmushiga singib ketgan zararli odatdir. Chekish erkaklar va ayollar orasida hamda hozirgi davrda yoshlar va bolalarda ko`proq uchramoqda. Chekishning xotin-qizlar orasida odat bo`lishi bu aholi o`rtasida har xil nasl va irsiy kasalliklarning ko`payishiga olib kelmoqda. Tamaki chekkanda organizmga o`tadigan zahar bu nikotindir. Chekish vaqtida organizm nikotinga asta-sekin o`rganib boradi va kashandalarda o`tkir zaharlanish hollari yuz bermaydi. Nikotin eng avval asab tizimiga ta`sir qiladi. Chekishga birinchi marta uringan kishilarda chekkan vaqtida birdan ko`ngil aynish, qusish, bosh aylanish, bosh og`riq, quloq shang`illashi, yurakning tez urishi, badanni sovuq ter bosish, teri rangining oqarib ketishi, uxlab qolish hamda holsizlanish belgilari namoyon bo`ladi.
Tamakini chekib yurgan kishilarning nafas a`zolari, yurak-qon tomir tizimida, oshqozon-ichak yo`llarida bir qancha kasalliklar paydo bo`ladi. Chekish kasalliklarni og`irlashtiradi, uning sog`ayishni esa kechiktiradi. Chekish ateroskleroz, yurak sanchig`i, infarkt miokardning avj olishiga olib keladi. Yurak ishemik kasalliklarining boshlanishida muhim ahamiyatga ega. Kislorod kelib turishi va uning gemoglobin bilan birikishini qiyinlashtiradi. Shuning uchun to`qimalarga kislorod o`tishi kamayadi. Surunkali bronxit kasalligining ko`payishiga olib keladi. Chekadigan kishilarda oshqozon va 12 barmoq ichak yarasi kasalligi, chekmaydiganlarga nisbatan ikki baravar ko`p uchraydi.
Chekish kislota-ishqor muvozanatini buzadi va natijada oshqozonning kislotali muhiti ko`payib yara paydo bo`lishiga olib keladi. Ayollar homiladorlik davrida cheksa, nikotin homilaning rivojlanishiga ta`sir qilib, homilaning erta tushishi, o`lik tug`ilishi va homila rivojlanmay, mayib-majruh tug`ilishiga olib keladi. Jahon Sog`liqni Saqlash Tashkilotining ma`lumotlariga qaraganda, chekish odat bo`lgan mamlakatlarda, saraton kasalligi ko`p uchrab, o`lim hollari tobora ko`paymoqda. Chekadigan kishilar yon atrofdagi odamlarga ham zararli ta`sir ko`rsatadi. Tamaki tutuni ta`siridan yurak sanchig`i boshlanib qolishi yoki astmasi bor bemorlarning nafasi qisilib qolishi mumkin.
Davosi quyidagilardan iborat:
– nikotin abstinentini bartaraf etish va tamaki hidiga salbiy reaksiya hosil qilish;
– qo`lga kiritilgan natijalarni mustahkamlash va quvvatlab boruvchi dorilarni davom ettirish. Chekish to`xtatib qo`yilganda abstinensiya belgilari: odamning aqliy va jismoniy ish qobiliyatining kamayishi, lanjlik, xafachilik, uyquning buzilishi, tajanglik, bosh og`riq, quloq shang`illash holatlari kuzatiladi. Chekuvchilarda bu holatlar chekkan vaqtda o`tib ketadi.
Chekishni tashlayotgan kishilarga dorilar bilan psixoterapiya, refleksoterapiya, fizioterapiya usullari birgalikda qo`llaniladi. Dorilardan tabeks, lobesil, pilokarpin beriladi, bu dorilar nikotin xumorini kamaytiradi. Tamakiga bo`lgan maylni bosish uchun seduksen, tazepam, fenazepam, etaperazin, neuleptil, teralen buyuriladi. Bular bilan birga, neyroleptiklar berish yaxshi samara beradi. Lanjlik holatlarida esa vitaminlar tavsiya etiladi.
Kasalliklar
alkogol psixozlar, Alkogolizm