Alisher Navoiy ruboiylari haqida

Alisher Navoiy ruboiylari haqida
alisher navoiy ruboiylari haqida 65cb46fb45908

alisher navoiy 1 640x400 1

Alisher Navoiy ruboiylari haqida

Mundarija скрыть
Alisher Navoiy ruboiylari haqida
DO`STLARGA ULASHING:

DO`STLARGA ULASHING:

Shayx Ahmad bin Xudoydod Taroziy “Funun al-balogʻa” asarida (hijriy 840–milodiy 1436–1437-yillar) oʻz davridagi oʻnta sheʼriy janrlarga tavsif beradi (qasida, gʻazal, qitʼa, ruboiy, masnaviy, tarjeʼ, musammat, mustazod, mutavval, fard). Biz yaxshi bilamizki, Navoiy ijodida – “Xazoyin ul-maʼoniy”da sheʼriy janrlarning 16 ta xili mavjud. Ularning orasida eng barakalilaridan biri ruboiy ekanligini mutaxassislar koʻp marta taʼkidlashgan.
“Nazm ul-javohir” (“Gavharlar tizmasi”) asari, asosan, tasavvuf gʻoyalari targʻibiga bagʻishlangan. Unda tasavvufdagi asosiy tushuncha va tamoyillar nihoyatda sodda va tushunarli tilda talqin qilinadi. Masalan, “Roʻa aboka yuroʻuka” (“Otangga rioyat qil – bolangdan qaytadi”) hadisi uchun quyidagi ruboiy keltirilgan:
Farzand ato qulligʻin chu odat qilgʻay,
Ul odat ila kasbi saodat qilgʻay,
Har kimki atogʻa koʻp rioyat qilgʻay,
Oʻgʻlidin anga bu ish siroyat[1] qilgʻay.
Adib otaga xizmat qilishning sharofatini birinchi ikki misrada koʻrsatib bermoqda. Keyingi misrada esa yana shu fikrga qaytilgandek koʻrinadi, ammo endi natijada ayirma bor. Har kim ekkanini oʻradi, deganlaridek, otaga qilingan hurmat va ehtirom, albatta, qaytadi, ammo uni qaytaruvchi odam mutlaqo boshqa boʻladi. Mana shu boshqa odam esa keyingi avlod vakili – otasiga yaxshi munosabatda boʻlgan oʻgʻilning farzandlaridir.
Yoki insoniy fazilatlar mavzusida boshqa bir toʻrtlik yaratiladi:
El qochsa birovdin, el yomoni bil oni,
Ahvolida idbor nishoni bil oni,
Feʼl ichra ulus baloyi joni bil oni,
Olam elining yamon yamoni bil oni.
Demak, koʻpchilik (“el”) bir fikr bildirar ekan, bu tasodifiy boʻlmaydi. Ular bir kishidan oʻzini olib qochsa, oʻsha odam elning yomoni boʻladi. Buning sababi esa oʻsha kishining feʼl-atvoridir (“ahvolida idbor nishoni”). Bunday odamning yomonligi faqat oʻzi uchun emas, balki barcha uchun ham zararlidir. Adib uni “ulus baloyi joni”, yaʼni “elning joniga bitgan balo” sifatida taʼriflamoqda. Tugal xulosa esa oxirgi misrada ifodalangan. Bunday odam oʻzining yoki oʻzi mansub boʻlgan elninggina emas, balki butun “olam elining yomoni”dir. Shoirning “yamon” soʻzini ikki marta qoʻllashi orqali aytmoqchi boʻlgan fikri alohida taʼkidlanyapti.
Navoiy lirikasida odam va olam, hayot va uning goʻzalliklari madh etiladi. Adib lirikasida yuksak insonparvarlik, ezgulik gʻoyalari ruboiy orqali ham aks etgan. Navoiyning “Xazoyin ul-maʼoniy” asari, aslida, toʻrtta mustaqil devondan tashkil topgan. Shuning uchun ham u xalq orasida “Chor devon” – “Toʻrt devon” nomi bilan mashhur boʻlgan edi. Navoiy ijodini uzoq yillar davomida jiddiy oʻrgangan taniqli adabiyotshunos Abduqodir Hayitmetov shunday deb yozgan edi: “Mabodo Navoiy boshqa asar yozmasdan faqat “Xazoyin ul-maʼoniy”ni, hatto uning tarkibidagi bitta devon – “Gʻaroyib us-sigʻar” yoki “Navodir ush-shabob”, yoxud “Favoyid ul-kibar”ni yaratganda ham adabiyotimiz tarixida eng ulugʻ shoirlarimizdan biri boʻlib qola berar edi”.
Bunga qoʻshimcha qilib aytish mumkinki, agar Navoiy boshqa janrlarda ijod qilmasdan, faqat ruboiylari tufayli ham mana shunday ulkan obroʻ va martabaga ega boʻlaverar edi.
“Xazoyin ul-maʼoniy”da Navoiy oʻz zamonasidagi deyarli barcha lirik janrlar namunasini bergan. Ular orasida gʻazal, qasida, ruboiy, tuyuq, qitʼa, muxammas, musamman, tarjiʼband, tarkibband, mustahzod, masnaviy, soqiynoma, muammo, sevgi va sadoqat ulugʻlanadi. Ayni paytda adolatsizlik, jaholat, loqaydlik, eʼtiqodsizlik qoralanadi.
Adib sheʼriyatining mavzu qamrovi nihoyatda keng. Ularda falsafiy, ijtimoiy-siyosiy, axloqiy-taʼlimiy fikr va mulohazalar yuksak badiiylik bilan ifoda etilgan.
Navoiy sheʼriyati bilan muloqot kitobxonlarning ichki olami, maʼnaviyatining boyishiga katta hissa qoʻshadi.
Navoiyning vatan va vatanparvarlik haqidagi sheʼrlari faqat oʻsha davr kishisining kechinmalari sifatidagina emas, balki bugungi avlod, xususan, yoshlar uchun ham ibrat va namuna maktabi boʻlishi tabiiydir.
Gʻurbatda gʻarib shodmon boʻlmas emish,
El anga shafiq-u mehribon boʻlmas emish.
Oltun qafas ichra gar qizil gul bitsa,
Bulbulgʻa tikandek oshiyon boʻlmas emish.
Navoiy ruboiylari tuygʻular va fikrlarning yetukligi, tabiiyligi, favqulodda goʻzal va taʼsirchanligi, soʻz maʼnolarining kamalakdek tovlanishi bilan ajralib turadi.
Navoiy sheʼriyati bilan muloqot kitobxonlarning ichki olami, maʼnaviyatining boyishiga katta hissa qoʻshadi.
Navoiyning vatan va vatanparvarlik haqidagi sheʼrlari faqat oʻsha davr kishisining kechinmalari sifatidagina emas, balki bugungi avlod, xususan, yoshlar uchun ham ibrat va namuna maktabi boʻlishi tabiiydir.
Koʻz bila qoshing yaxshi, qabogʻing yaxshi,
Yuz bila soʻzing yaxshi, dudogʻing yaxshi,
Eng bila menging yaxshi, saqogʻing yaxshi.
Bir-bir ne deyin, boshdin ayogʻing yaxshi.
Mazkur ruboiy turkiy tilning ichki imkoniyatlarini, har qanday hol va holatning, narsa va predmetning, hodisaning tasvirini ona tilida yaratib bera olish imkoniyatini yaqqol koʻrsatib berishi bilan ham eʼtiborga molik. Unda maʼshuqa portretini chizib koʻrsatish asosiy maqsad sifatida namoyon boʻlgan.
Dastlab yuzning yuqori qismidagi uzvlar koʻz, qosh va qaboq qalamga olinadi. Ularning barchasi yor uchun mos va munosib. Bu hukm “yaxshi” soʻzi orqali ravshanlashadi. Bu soʻzning misra oxirida kelishi uning gapdagi vazifasi kesim ekanligini koʻrsatib turibdi. Odatda, gapdagi hukmning asosiy mazmun va mohiyati kesimda oʻz ifodasini topadi.
Keyingi qismda yuzning navbatdagi uzvlar: yuz bilan dudoq qoʻyiladi. Ayni paytda roʻyxatga yuz bilan bevosita bogʻlanmagan yana bir jumla (“soʻz”) ham jalb etiladi. Demak, shoir maʼshuqaning faqat tashqi koʻrinishini emas, balki uning maʼnaviy olamini ham nazarda tutadi. Zero, inson maʼnaviyati uning nima deyishida, nimani qanday aytishida ham oʻz aksini topadi.
Soʻng yana zohiriy belgilarga oʻtiladi: yuz, yuzdagi xol, iyaklarning mos va mutanosibligi qayd etiladi.
Oxirgi bayt ruboiyga yakun yasaydi. Bu yerda yana bir yangi soʻz oʻyiniga duch kelamiz. U “boshdin oyogʻing yaxshi” tarzida shakllantirilgan. Bu yerda ham soʻzlarning oʻz va koʻchma maʼnolari mujassamlashgan. Yaʼni, “boshing ham, oyogʻing ham yaxshi” degan sanoq va boshingdan oyogʻinggacha boʻlgan hamma uzvlaring goʻzal degan mulohaza oʻz ifodasini topgan.
“Adabiyot” (Boqijon Toʻxliyev, Bahodir Karimov, Komila Usmonova. Oʻrta taʼlim muassasalarining 10-sinfi va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarining oʻquvchilari uchun darslik-majmua. “Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi” davlat ilmiy nashriyoti, Toshkent–2017) darsligidan.

[1] S i r o ya t – ichiga oʻtish, taʼsir; yuqish.
saviya.uz

Alisher Navoiy ruboiylari haqida