Alisher Navoiy lirikasi
DO`STLARGA ULASHING:
Alisher Navoiy lirikasi
Alisher Navoiy lirikasi o‘rta asrlar o‘zbek lirikasining eng yuksak bosqichinin tashkil etadi. Ulug‘ shoir o‘zigacha rivojlanib kelgan lirik she’riyatni mavzu, g‘oya, vazn va badiiy uslub jihatlarini ulkan mehnat va mahorat bilan misli ko‘rilmagan darajada takomillashtirdi.
Navoiy turkiy va forsiy tillarda birday mahorat bilan qalam tebratgan zabardast zullisonayn shoir edi. Ammo turkiy tilda she’r bitishda hech kim Navoiydek kamolot qozonmagan.
Navoiyning “Orazin yopqach” so‘zlari bilan boshlanadigan g‘azaliga mavlono Lutfiy bergan bahodan kelib chiqadigan bo‘lsak, shoir bu davrda 14-15 yoshlarda edi. Demak, Alisher 1455-1456 — yillardayoq shoir bo‘lib yetilgan.
Shoirning sakkizta devoni mavjud. Shulardan yettitasini rasmiy devon uslubida bevosita Navoiyning o‘zi tuzgan. Dastlabki devonni uning mashhur bo’lib ketgan she’rlarini jamlab shoirning zamondoshlari, muxlislari tuzgan.
Alisher Navoiy o‘zi tuzgan birinchi rasmiy devonini “Badoe ul-bidoya” (Go‘zallikning boshlanishi) deb nomlagan. Ushbu devon 1469-yildan keyin, ya’ni Huayn Boyqaro saltanatni qo‘lga kiritganidan so‘ng, uning topshirig‘i bilan tuzilgan.
Ikkinchi rasmiy asarini Alisher Navoiy “Navodir un-nihoya (Nihoyasiz nodirliklar) deb atadi. 1480-1487 yillar oralig‘ida tuzgan bu devoniga shoir birinchi devoni tuzilganidan keyin yozgan barcha o‘zbekcha she’rlarini kiritdi.
Alisher Navoiy 1492-1498 yillar mobaynida oldingi rasmiy devonlariga kirgan va keyinchalik yaratilgan she’rlarini hamda muayyan sabablarga ko‘ra, avvalgi devonlariga kirmagan o‘zbekcha she’rlarini jamlab, to‘rt mustaqil devondan iborat lirik qulliyoti “Xazoyin ul-maoniy” (Ma’nolar xazinasi)ni yaratdi. Ushbu lirik qulliyot ulug‘ shoirning butun umri mobaynida yozgan, 16 lirik turga mansub ellik ming misradan ortiq qariyb hamma o‘zbekcha she’rlarini qamrab oldi.
Alisher Navoiy umrining oxirlarida Foniy taxallusi bilan forsiy tilda yaratgan o’n ikki ming misradan ortiq she’rlarini to’plab, “Devoni Foniy” (Foniy devoni)ni yaratdi.
Alisher Navoiy lirikasida tabiat, jamiyat, vatan, komil inson, ma’naviyat, ahloq sohalarininng sanoqsiz muammolari chuqur badiiy tahlil etilgan.
Alisher Navoiy lirikasi
Related Posts