ALGOLOGIYA haqida malumot bilib oling.

Ensiklopediya
ALGOLOGIYA haqida malumot bilib oling.

ALGOLOGIYA (lot. alga — suvoʻt, yun. logos — taʼlimot) , fikologiya — botanikaning suv oʻtlarini oʻrganadigan boʻlimi. Algologiyaning oʻrganish obyekti bir hujayrali mikroskopik oʻlchamdagi prokariot (koʻk-yashil suv oʻtlari, proxlorfitsimonlar) hamda koʻp hujayrali yirik (uz. 60 m gacha) eukariot (yashil, sariq-yashil, qoʻngʻir, qizil va b.) organizmlardir. Mikroskopik kattalikdagi suv oʻtlari baʼzan mikrobiologiyaning oʻrganish obyekti hisoblanadi. Algologiyaning mustaqil fan sifatida rivojlanishi 19-a. ning ikkinchi yarmida ota-bola Agerdlar hamda Kyutsin de Bari, G. Tyure, N. Prins-geym, L. S. Sentkovskiyning suv oʻtlarining morfologiyasi va sistematikasi sohasidagi tadqiqotlari b-n bogʻliq, 20-a. ning ikkinchi yarmida suv oʻtlaridan tibbiyot, q. x., oziq-ovqat va xalq xoʻjaligining boshqa tarmoqlarida foydalanish borasida erishilgan muvaffaqiyatlar Algologiyaning tez surʼat b-n rivojlanishiga olib keldi. Oʻrta Osiyoda, shu jumladan Oʻzbekistonda Algologiyaning rivojlanishi akad. Algologiya Muzaffarov nomi bilan bogʻlangan. Uning bevosita ishtiroki va rahbarligida Oʻzbekiston algoflorasining tarkibi oʻrganilib, natijada ularning tarqalish qonuniyatlari kashf etildi. Suv oʻtlarni sunʼiy yoʻl bilan koʻpaytirib, ulardan xalq xoʻjaligining turli tarmoqlarida foydalanish mumkinligi ilmiy tomondan tahlil qilindi. Oʻzbekistonda algoflorani rivojlantirishga qaratilgan yirik ilmiy asarlar nashr etildi. «Oʻrta Osiyo togʻ suv havzalarining suvoʻtlar florasi», «Suvoʻtlarning geografik tarqalishi», «Oʻrta Osiyo koʻk-yashil soʻvoʻtlari aniqlagichi», «Xlorella va uni qoʻllash», «Oʻrta Osiyo suv havzalari va algoflorasining rivojlanishi va tarqalish qonuniyatlari», «Oʻrta Osiyo protokokk suv oʻtlari aniqlagichi» kabi qator asarlar shular jumlasidandir. Bu sohadagi ishlar ayni vaqtda Oʻzbekiston FA Botanika in-tida davom ettirilmoqda.

Ensiklopediya.uz
ALGOLOGIYA