Aleksandr Pushkin. She’rlaridan namunalar. to’liq malumot oling
ALEKSANDR SERGEYEVICH PUSHKIN
(1799 — 1837)
Pushkin ulug‘ rus adibi, yangi rus adabiyotining asoschisi. Otasi Sergey Lvovich qadimiy dvoryanlar avlodidan, gvardiya ofitseri bo‘lib, frantsuzcha she’rlar yozib turardi. Onasi Nadejda Osipovna Pyotrning tarbiyasida bo‘lgan habash A. P. Gannibal (asli ismi Ibrohim) ning nevarasi edi. Ota-onasi yosh Pushkinni buvisi Marya Alekseevna va enagasi Arina Rodionovna tarbiyasiga topshirgan. Uning amakisi Vasiliy Lvovich o‘sha davrning ko‘zga ko‘ringan shoirlardan bo‘lib, Pushkinlarnikiga taniqli shoirlar tez-tez mehmon bo‘lib kelardi. Bu muhit Pushkinda she’riyatga havas uyg‘otdi. 1811-1817 yillarda u Sarskoe selodagi litseyda ta’lim olgan. Pushkinning dastlabki she’ri matbuotda 1814 yildayoq bosilgan edi. 1833 yil dekabrida Nikolay I Pushkinni kamer — yunker qilib tayinlagan. 1837 yilda yosh frantsuz ofitseri Jorj Dantes bilan duelda Pushkin og‘ir yaralanib, vafot etadi.
Pushkinning ko‘plab asarlari o‘zbek tiliga tarjima qilingan («Boris Godunov», «Dubrovskiy», «Kavkaz asiri» Cho‘lpon tomonidan (1936-37), «Yevgeniy Onegin» Oybek tomonidan (1937), «Boqchasaroy fontani» Usmon Nosir tomonidan (1937), «Kapitan qizi» Abdulla Qahhor tomonidan (1939), «Ruslan va Lyudmila» Mirtemir tomonidan (1948) tarjima qilingan).
Asarlari: «Erkinlik» (1817, oda), «Chaadaevga» (1818), «Qishloq» (1819), «Hanjar» (1821), «Qur’onga taqlid», «Andrey Shene», «19 oktyabr», «Stenka Razin haqida qo‘shiq», «Sibirga maktub», «Armon» kabi she’rlari, «Ruslan va Lyudmila», «Kavkaz asiri» (1820-21), «Aka-uka qaroqchilar» (1821-22), «Boqchasaroy fontani» (1823), «Graf Nulin», «Poltava», «Mis chavandoz» (1833), «Gavriiliada» kabi poemalari, «Yevgeniy Onegin» (she’riy roman), «Buyuk Pyotrning habashi» kabi romanlari, «Boris Godunov» (tragediya), «Arzrumga sayohat», «Dubrovskiy» (povest, 1832-33), «Kapitan qizi» (1836, povest), «O’q», «Bo‘ron» kabi nasriy asarlari, «Pop va uning xizmatkori Balda haqida ertak» (1830-34), «Baliqchi va baliq haqida ertak» (1830), «Shoh Saltan haqida ertak» (1831), «Oltin Xo‘roz haqida ertak» (1834) kabi ertaklari va boshq.
SEN VA SIZ
Havoyi Siz o`rniga yanglish
Qiz nogahon Sen deya aytdi.
Shu dilbar so`z ko`nglimda yonish,
O`ylarimda orzu uyg`otdi.
Termulaman so`z derga ojiz,
Sehri tamom rom etgan meni.
Sirtda deyman: qanday yaxshisiz,
Qalbda esa: sevaman Seni.
HOFIZDAN
Jang shavqini dilda uyg`otma,
Yonma, yigit, zafar, shon bilan.
Qonli harbga o`zingni otma
Karabaxlik olomon bilan.
Balki seni o`ldirmas qotil,
Maydon aro, qilichlar aro.
Barnoliging ko`rgan Azroil
Yubormagay bemahal qazo.
Bir narsadan qo`rqaman faqat:
Oshno bo`lib jangda beboklik,
Senda qolmas dilbar nazokat,
Bu mayinlik, go`zallik, poklik.
EPIGRAMMA
Ta’na bilan jonimga tegding,
Javob senga muxtasar, oshnam.
Ha, men ishchan emasman, lekin
Sen omilsan yalqovlikda ham.
EPIGRAMMA (2)
Illatlari haddan ziyoda,
Nopok yashab keldi bu odam.
Gunohlarin yoysa dunyoda
Joy qolmagay qo`ymoqqa qadam.
Insof kirdi unga nihoyat,
Asta-sekin yo`l topdi to`g`ri.
Mana endi durust, xayriyat,
Nomi bo`ldi qartaboz o`g`ri.
KAR
Kar karni kar qozining hukmiga to`g`riladi,
Kar dedi: Bu kar mening molimni o`g`irladi.
Kar karga javob berdi: Bekor aytibsan, ey kar,
Sen aytgan u qo`riqqa yetti pushtim don ekar.
Kar qozi hukm qildi, pok ish bulsin, bir yo`l bor,
Yigitni uylantiring, qiz bo`lsa ham gunohkor.
Erkin Vohidov tarjimalari
MEN SIZGA ACHINMAYMAN
Men sizga achinmayman, vafosiz sevgilarda
Behuda oqib o’tgan bahorimning yillari!
Men sizga achinmayman u otashin naylarda
Ehtiros-la kuylangan, ey tunlarning sirlari.
Men sizga achinmayman, bevafo do’st, jo’ralar,
Bazmlarning tojlari, davrada aylangan jom.
Men sizga achinmayman, xiyonotkor go’zallar,
Meni xayol band etgan, xursandchilik qilmas rom
Qayda, qayda qoldingiz, yoshlikdagi orzular,
Va qalbning sokinligi erkalatgan kezlari1!
Qani avvalgi otash, ilhom baxsh etgan zavqlar,
Keling, keling, mushtoqman, bahorimning yillari.
SADOQATLI GREK QIZI
Sadoqatli grek qizi, yig’lama, yoring
Dushman o’qi ko’ksin teshib shon bilan o’lgan.
Sen emasmi, kuzatarkan o’z bahodiring,
Qonli shuhrat janglariga yo’llanma bergan?
Dil sezarkan ayriliqning og’ir hijronin,
So’ng bor ochdi yoring senga issiq quchog’in,
Go’dagiga baxt tiladi tiyolmay yoshin,
Lekin, qora yalov erk-la hilpirab ketdi.
Xuddi Aristogitonday qilich o’ynatib,
Jangga o’zin otdi-marding yiqila turib
Juda buyuk va muqaddas ish qilib ketdi.
….GA
Yoq, yo’q, muhabbatning jo’shqin ra’yiga
Endi men bo’lmasman telbalarcha qul.
Ozor ham bermayman dil oromiga
Yonish, o’rganishga hech qo’ymayman yo’l,
Bas endi, shaydolik yetar! Va ammo,
Ne uchun xayolga tolmayin bir zum,
Nogahon samoviy, nozli, musaffo
Qiz ko’z oldimdan o’tarkan mas’um?
Tomosha qilmoqqa totli shavq bilan
Nahotki, qolmadi zarra ijozat?
Sukutda kuzatmoq, nigor izidan,
Tilamoq mumkinmas baxtu saodat.
Nahot tilab bo’lmas hayot ne’matin
Unga halovatu orom va shodlik?
Hattoki barnoning qalbiga yaqin
Rafiqa atovchi kimsaga tole?
VIDOLASHUV
Xayolimda dilkash qiyofang
Erkalayman bukun so’nngi bor.
Qalbda umid uyg’otib arang,
Qo’rqoq, g’amli huzurla sevging
Eslamoqni qildim ixtiyor.
O’tib borar umrimiz yillar —
O’zgartirib har ikkimizni,
Endilkda shoirga sendan
Sovuq qabr epkini yelar,
Va sen uchun shoir ham so’ngan.
Yuragimning so’nggi vidosin
Qabul etgin, e yiroq jonon:
Go’yo beva qolgan bir xotin,
Jo’natarkan quvg’inga do’stin,
Sukut ichra qolgan do’stsimon.
KECHIRARMIKINSAN
Kechirarmikansan orzumdagi rashk,
Ishqdagi bu sifat telba yonishni?
Sodiqsan! Ne uchun sevasan, yakkash —
Fikru xayolimga qo’rquv solishni.
Jazmanlar qurshagan sening atrofing,
Ko’rinmak istaysan barchaga dilbar.
Goh munis, goh ma’yus sening nigohing
Hammaga nechun puch umid baxsh etar?
Aqlimni band etib, o’zimni maftun,
Bu baxtsiz sevgimga ishonchim komil,
Ko’rmaysan, shovqinli gurungda butun
Suhbatga begona iztirobda dil, —
Tanholik hasratin chekaman tolib,
Mahrumman iltifot va shavqatingdan…
Ketmoqchi bo’laman: qo’rqib, yolvorib
Ko’zlaring qidirmas mening izimdan
Ishvali so’zlar-la qilmoq bo’lib rom,
Meni gapga tutib qolsa bir jonon. —
Sen beg’am, osuda, quvnoqsan mudom,
Bu ta’nang men uchun o’limdan yomon!
Gapirchi ne uchun mening raqibim,
Menu sen ikkovni ko’rarkan xilvat,
Senga nechun sirli qiladi ta’zim?..
Ayt-chi, kim beribdi bunga ijozat?
So’yla-chi! Ne uchun to’lg’anar rashkda,
Ne uchun oqarar jamoling ko’rib?
Ne uchun kun va tun o’rtasi paytda
Onangsiz, sen tanho olasan kutib?!
Lekin men sevimli… Men-la qolganda
Shu qadar munissan, shu qadar dildor1!
Bo’sang o’t! sen ishqdan suhbat ochganda
Samimiy yuraging etilar izhor1!
Senga kulgilidir mendagi azob
Va lekin sevasan yetadi aqlim.
Azizim, qiynama, hech qolmadi tob.
Bilmaysan, naqadar kuchlidir ishqim,
Bilmaysan, qanday zo’r menda iztirob.
…GA
Esimdadir ajib dam hali:
Ko’z oldimda bo’lding namoyon,
Pok go’zallik dahosi kabi,
Bir lahzalik xayol, tushsimon.
G’am-alamdan dilim yonganda
Tushlarimda ko’rdim chehrangni,
Hayotdagi bo’m-bo’sh suronda
Kelib turdi tovshing jarangi.
Yillar o’tdi. Isyon bo’roni
Xayollarim sovurdi dildan.
Va unutdim dilbar sadongni,
O’chdi aziz chehrang yodimdan.
Quvg’inlikning changida nursiz
G’amga to’lib kunlarim botdi;
Xudo, ilhom, ko’z yoshisiz,
Ishq, iztirob, hayotsiz oqdi.
Mana, qalbga oshno bo’ldi nay,
Ko’z oldimda bo’lding namoyon,
Go’zallikning sof parisiday,
Bir lahzalik ajib tushsimon.
Ruhim yana uyg’ondi bu dam,
Yana unda tirildi najot;
Yana dilda xudo va ilhom,
Ko’z yoshi-yu muhabbat, hayot.
AGAR SENI ALDASA HAYOT
Agar seni aldasa hayot
Sen noumid bo’lma hech qachon.
G’amli kunga qilgin itoat,
Xushnud kunlar keladi, ishon!
Qalb kelajak ishqi-la yashar;
Bu kunimiz qayg’u va dog’li:
Bari oniy, o’tishga shoshar,
O’tgan esa, hamisha totli.
QONIMDA YONADI ORZU OTASHI
Qonimda yonadi orzu otashi,
Sen mening dilimga solding jarohat;
Bo’sa ol:sharobu boldan ham shirin
Sening bo’salaring,bag’ishlar rohat.
Kel, mehru sevgi-la boshimga egil,
Beisyon, oromda tin olsin jonim:
Quvnoq, kun botguncha ufqqa yengil,
Quyulguncha tunning tumanlari jim.
O’YLADIMKI
O’yladimki, yurak unutdi
Muhabbatning ezgu azobin,
Dedim o’tgan barisi o’tdi,
O’tdi. Qaytib kelmaydi tag’in.
O’tib ketdi zavqda, qayg’uda
Va havoyi yengil umidlar…
Ammo o’tkir husn oldida
Tushdi yana larzaga ular.
Zulfiya tarjimalari
O‘TINCH
O‘zing asra endi meni, tumorim,
Quvg‘in chog‘larimda meni asray qol.
Qalbimni chulg‘asa shubha va malol,
O‘zing asra endi meni, tumorim.
To‘lqinlar buzishib sabru qarorim,
Tegramni chulg‘ashib olsalar mutloq,
Bulutlar solsalar vahshiy qaldiroq,
O‘zing asra endi meni, tumorim.
Begona ellarda yozib xumorim,
Erinchak sukunat qo‘ynida qolsam,
Olovli jang hissin qalbimga solsam,
O‘zing asra endi meni, tumorim.
Sirli va muqaddas oftob uzorim,
Aldoqchi, g‘aroyib, laziz tuyg‘ular…
Xiyonat ko‘kida botdilar ular…
O‘zing asra endi meni, tumorim.
O‘tgan xotiralar . dildagi zorim,
Qalbim jarohatin tirnamasin, bas,
Alvido, umidlar, tinch uxla, havas,
O‘zing asra endi meni, tumorim.
HAMMASI TUGADI
Hammasi tugadi, oramiz ochiq…
So‘ng bor qo‘llaringni o‘parkan, pari,
Sha’ningga to‘qiyman mungli bir qo‘shiq,
Tinglayman javobing: .Tugadi bari….
Endi aldovlarni qilmasman rasm
Va seni alam-la axtarmoq nechun?!
O‘tdi… o‘tganlarning unut hammasin,
Sevgi yaralmagan faqat men uchun.
Sen yoshsan, qalbingning go‘zal mahali,
Sevimli bo‘larsan ko‘plarga hali…
HIKMAT
Kulbada bittagina sham yonib turar edi.
Ravshan bo‘ldi yoqishgach yana bitta shamchiroq.
Bejiz emas, qadimgi donolar deyar edi:
To‘y yaxshiyu va lekin kengashli to‘y yaxshiroq.
YANGILIK
Xo‘sh, dunyoda nima gap, qanaqa yangilik bor?..
U esa tura berdi bejavob, yutib nafas.
Oxir dedi: .O, do‘stim, ezmalik kimga darkor,
Sen . ahmoqsan, bu esa aslo yangilik emas..
TO‘G‘RI BASHORAT
Kasalim tuzalarmi?.. Sher eshakdan so‘radi.
Eshak esa o‘ylamay dedi: .Ayo shoh jahon,
O‘lmasangiz, yashaysiz, o‘lmaganlar turadi..
Ikki karra ikki . to‘rt, bu eshakka ham ayon.
DUNYO
Shundoq edi bu dunyo, shundoq bo‘lur hamisha,
Ko‘hna bir haqiqatning do‘koni yopilmaydi:
Dono odam juda kam, garchi ko‘p ilm pesha,
Bisyordir tanish-bilish, lekin do‘st topilmaydi.
Abdulla Oripov tarjimalari
* * *
G’ussali tun pardasin osmish
Mudroq osmon ravoqlarida.
Vodiylarni sukunat bag’riga bosmish,
O’rmon oppoq tuman quchoqlarida.
Sal shildirar emanzor soyasida shoshgan soy,
Sal pichirlar uyquchan shabboda barg-o’tlarda.
Suzib yurar kattakon oqqush yanglig’ to’lin Oy —
Kumushrang bulutlarda.
…Bunda ko’rdim: sarviga chirmashibdir majnuntol,
Soyalari jimirlar suvning billur mavjida.
Dalalar malikasi nilufar mag’rur, xushhol,
Dabdabasi, ziynati, go’zalligi avjida.
G’adir-budur tog’lardan tushar bеbosh sharshara,
Marvarid daryo bo’lib oqar, qaynashar,
U yonda, sokit ko’lda pari qizlar sho’x, sara,
Erinchoq to’lqinlarni sachratishar, o’ynashar.
* * *
Bo’ron, zulmat osmonni tutar,
Qor quyuni qiladi o’yin.
Dam hayvondеk bo’kirib o’tar,
Dam go’dakday yig’loqi bir un.
Eski tomdan poxol tortadi,
Guvlab, birdan soladi shovqin,
Darchamizni kеlib qoqadi —
Dam kеch qolgan yo’lchiday yupun.
Ko’hna kulbam, kichkina uyim
Ham g’amgin, ham zulmat qo’ynida.
Sеn nimaga, bеchora buvim,
Jimjit qolding oynak tagida?
Charchatdimi bo’ron uvlashi,
Zеrikdingmi, buvim yo esa?
Yo mudratgan duging tovshimi,
Horidingmi yoki bo’lmasa?
Kеl, ichaylik, mеhribonginam,
Sho’rlik yoshligimning hamrohi…
Mirtemir tarjimalari
MANBA:https://kh-davron.uz/yangiliklar/muborak-kin/aleksandr-pushkin-poetry.html
Biografiya
Aleksandr Pushkin. She’rlaridan namunalar.