ALEKSANDR haqida malumot bilib oling.

Ensiklopediya
ALEKSANDR haqida malumot bilib oling.

ALEKSANDR, Iskandar Maqduniy (Sharq mamlakatlarida Iskandar, Iskandar Zulqarnayn nomi bilan mashhur) (mil. av. 356, Pella — 323.13.6, Bobil) — makedoniyalik sarkarda va davlat arbobi. Makedoniya podshosi Filipp II va uning rafiqasi Olimpiadaning oʻgʻli. Aristoteldan taʼlim olgan, harbiy ishni otasidan oʻrgangan. 336-y. Filipp II fitnachilar tomonidan oʻldirilgach, Makedoniya taxtiga oʻtirgan. 334-y. A. Eronga yurish boshlaydi; bu bosqinchilik urushi otasi Filipp II davridayoq boshlangan boʻlib, uning oʻlimi tufayli toʻxtab qolgandi.

Aleksandr qoʻshinida sarkardalardan Antipatr, Parmenion, Ptolemey Lag va b., shuningdek 30 mingga yaqin piyoda jangchi, 5 ming otliq, yengil qurollangan yordamchi otryadlar va 160 kema boʻlgan. A. Granik (334-y.), Iss (333-y.) va Gavgamela (331-y.) janglarida Doro III qoʻshinlarini yenggan. A. Eronning markaziy shaharlari — Bobil, Suza, Persepol, Ekbatana hamda Misrni egallagan. Aleksandr 329-y. Baqtriyani egallagach, satrap Bess, Oke (Ukuz, Amudaryo) dan kechib oʻtib, Navtaka (Qashqadaryo vohasi) ga chekingan. Ammo Bess tezda qoʻlga olinib, qatl etilgan. Soʻng, Aleksandr Samarqand (Marokanda) ni egallab, Sirdaryo tomon yoʻl oladida, u yerda shahar barpo etib, uni Aleksandriya Esxata (Chekka Iskandariya) deb ataydi. Umuman Aleksandrning Oʻrta Osiyoga nisbatan bosqinchilik siyosati qattiq qarshilikka uchragan.

Usrushonadagi yettita shahar-qalʼa Aleksandrga qattiq qarshilik koʻrsatgan. Bularning ichida eng kattasi — Kiropol boʻlib, Kir II uni boshqa shaharqalʼalarga nisbatan baland devor bilan oʻrattirgandi. Uning ichida mahalliy aholining koʻpchilik qismi, eng jangovar jangchilar toʻplangandi. Aleksandr shahar atrofiga xandaq qazittirgan, manjaniqlar (devorteshar mashinalar) bilan devorning bir necha yeridan teshik ochib, u yerdan shaharga bostirib kirmoqchi boʻlgan. Bu urinishi natijasiz chiqqach, u harbiy hiyla ishlatib, shahar ichidan oʻtgan quruq daryo oʻzani orqali oʻzining xos jangchilari bilan shaharga kirgan. Kiropol mudofaachilari bilan Aleksandr jangchilari oʻrtasida shiddatli jang boʻlgan. Unda Aleksandr boshi va boʻyniga tosh tegib yarador boʻlgan, bir qancha lashkarboshilari (Krater va b.) kamon oʻqidan shikastlangan. Makedon qoʻshini katta qiyinchilik bilan shaharni egallagan. Shahar mudofaachilari (jami 15 ming) dan 8000 ga yaqini halok boʻlgan, qolgani ichki qoʻrgʻonga yashiringan, soʻng tashnalikdan qiynalib taslim boʻlgan. Makedon qoʻshini qolgan shaharlarni ham shu tariqa qiyinchilik b-n egallagan. Aleksandr mahalliy xalqning jasoratidan shu qadar xavotirga tushganki, Ptolemeyning aytishicha, u oʻz jangchilariga asir olingan kishilarni boʻlib berib, to bu mamlakatdan chiqib ketmagunlaricha ularni zanjirband holda saqlashni topshirgan.

A. Sugʻdiyonada Spitamen qoʻzgʻolon koʻtarib, Marokandani qamal qilgani (q. Spitamen, Spitamen qoʻegʻoloni) va Tanais ortidan saklar podshosining ukasi Kartazis boshchiligidagi katta qoʻshin unga yordamga yetib kelgani haqida xabardor boʻlgach, qoʻzgʻolonchilarga qarshi 2000 kishilik qoʻshin joʻnatib, oʻzi saklar tomon qoʻshin tortgan (q. Tanais daryosi boʻyidagi jang). Mazkur qoʻshin tor-mor keltirilgach, Aleksandr shaxsan oʻzi katta kuch bilan Spitamenni dasht chegarasigacha taʼqib qilib borib, ortga qaytishda 120 mingdan ortiq tinch aholini qirib tashlaydi, koʻplab qishloq va qalʼalarni vayron qiladi, ekinzor, bogʻ-rogʻlarni payhon etadi.

Aleksandr mil. av. 329—328-y. lar qishini Zariaspa (Balx, Baqtra)da oʻtkazadi. Bahorda uning huzuriga xorasmiylar podshosi Farasman 1500 jangchisi bilan kelib oʻzaro ittifoq tuzishni taklif etadi. Aleksandr 328—327-y. boshida Sugʻdiyonadagi togʻlar ustida joylashgan qalʼalardagi qoʻzgʻolonchilarni boʻysundirishga juda koʻp kuch sarflaydi, ularni magʻlub qilgach, Oksiartning qizi Roxshanak (Roksana) ga uylanadi (q. Soʻgʻd qoyasi, Xoriyen kalʼasi va b.). Mil. av. 327-y. yozida Aleksandr soʻgʻdlik Oropiyni Soʻgʻdiyona hokimi etib tayinlab, oʻzi Hindistonga yurish qiladi-da, Gidasp daryosi (Hind d. irmogʻi) sohilida katta qiyinchilik b-n podsho Por qoʻshini ustidan zafar qozonadi. Shu tariqa A. Panjobni egallab, Gang daryosi vodiysiga yurishni davom ettirmoqchi boʻladi. Biroq safar va kasallik azobidan holdan toygan qoʻshinning ochiqdan-ochiq qarshiligiga duch keladi. Shu bois A. Gifasis daryosi (Hind d. sharqiy irmogʻi) boʻyidan ortga qaytishga majbur boʻladi.

Aleksandr oʻz davlatining poytaxti qilib Bobil sh. ni tanlagan va shu yerda yangi yurishlarga tayyorgarlik koʻrish asnosida bezgak kasaliga yoʻliqib, vafot etgan.

Aleksandr yurishlari natijasida vujudga kelgan ulkan saltanat hududi Hind daryosidan Dunayga qadar choʻzilgan boʻlib, u qad. dunyoning eng yirik davlati edi. Lekin mustahkam ichki aloqalari boʻlmagan bu saltanat Aleksandr vafot etgach, tezda parchalanib ketgan va uning hududida bir qancha ellinistik davlatlar vujudga kelgan.

Aleksandr harbiy sanʼat tarixida yirik sarkarda sifatida mashhurdir. Qadim zamonlardan (mil. av. 200-y.) A. haqida koʻplab rivoyat, afsona, doston va miniatyuralar yaratilgan. Ular oʻrta asr adabiyotiga ham kirib kelgan.

Ad.: Kovale v S. I., Aleksandr Makedonskiy, L., 1937,Trever K., Aleksandr Makedonskiy v Sogde, «Vestnik istorii», 1947, № 5; Be rte l s Ye. E., Roman ob Aleksandre i yego glavnыye versii na Vostoke, M. — L., 1948.

Faxriddin Hasanov.

Ensiklopediya.uz
ALEKSANDR