ALANLAR haqida malumot bilib oling.
ALANLAR — mil. 2—9-a. larda Quyi Volga boʻyi, Jan. Uraloldi, Don boʻyi, Shim. Kaspiy boʻyi (Dneprgacha) mintaqalarda yashagan kabilalar; sarmatlarnipt avlodi. Oʻzlarini ironlar deb ataydilar, Vizantiya manbalarida alanlar, gruzin manbalarida oslar, rus yodnomalarida yaslar deb ataladilar. Mil. av. 2-a. dan roksolanlar nomi bilan maʼlum. Hind-yevropa til oilasining eron tarmogʻiga mansub tilda soʻzlashgan. Alanlarning asosiy xoʻjaligi chorvachilik va qisman dehqonchilik boʻlib, keyinchalik hunarmandchilik, kulolchilik, zargarlik va metallurgiya taraqqiy etadi. Alanlar ijtimoiy hayotida qabila boshliqlari muhim oʻrin tutgan. Alanlar 4-a. da (372) gunnlar va 6-a. da avarlar tomonidan qattiq zarbaga uchraydilar. Ularning bir qismi xalqlarning buyuk koʻchishida ishtirok etib Gʻarbiy Yevropa va Shim. Afrikaga borib oʻrnashadi. U yerda Alanlar vandallar bilan birgalikda 6-a. oʻrtasigacha mavjud boʻlgan davlat barpo etganlar. Dogʻistondan Kuban boʻyigacha Alanlar yashagan hudud 7—10-a. larda Xazar xoqoni tasarrufida boʻlgan. Bu davrda A. Xazar xoqonligi, Vizantiya va Arab xalifaligiga qarshi kurashdilar. 10—12-a. larda Alanlarning ilk davlati tuziladi. Shu davrda Alanlarda yunon alifbosi asosida yozuv vujudga keladi. 1238—39 ylarda moʻgʻullar Alanlarga qaqshatqich zarba berib Kavkazoldi tekisliklarini egallaydilar. Omon qolgan A. Markaziy Kavkaz togʻlari va Kavkazorti (Jan. Osetiya)ga ketadilar va u yerdagi mahalliy Kavkaz aholisi b-n qoʻshilib ketganlar. Alanlar qabilalari oʻrtasida 7-a. da xristian dini, 14-a. da islom dini tarqaladi. Alanlar osetin xalqining bevosita ajdodi boʻlib, ular Shim. Kavkazning mahalliy aholisi etnogenezida hamda madaniyatining vujudga kelishida muhim rol oʻynagan.
Ensiklopediya.uz
ALANLAR