AKTINIYALAR haqida malumot bilib oling.

Ensiklopediya
AKTINIYALAR haqida malumot bilib oling.

AKTINIYALAR (Actiniaria) — dengiz boʻshliqichlilari turkumi; marjonpoliplar sinfi olti nurlilar kenja sinfiga mansub. Koʻpchilik turlari yakka yashaydi. Tanasi silindr shaklida, yorqin rangli, kundalang kesimi bir necha mm dan 1,5 m gacha, pastki yassi tomoni tovon deyiladi. Aktiniyalar muskulli tovoni yordamida sekin harakatlanishi mumkin. Ayrim turlari suv tubiga yopishib yoki qumga koʻmilib olib harakatsiz yashaydi, suzib yuradigan turlari ham maʼlum. Tanasining yuqori uchida juda koʻp paypaslagichlar bilan oʻralgan ogʻzi joylashgan. Aktiniyalar yirtqich, mayda umurtqasizlar, hatto mayda baliqlar bilan oziqlanadi. Oʻljasini otuvchi hujayralar bilan qurollangan paypaslagichlar yordamida falajlaydi yoki oʻldiradi. Otuvchi hujayralari zahari odam terisini ham kuydirib, ogʻriq paydo qilishi mumkin. Jinsiy va jinssiz — boʻyiga yoki koʻndalangiga boʻlinish orqali kupayadi. 1500 ga yaqin turi Orol va Kaspiy dengizidan boshqa barcha dengizlarda tarqalgan. Koʻpchilik turlari zohid qisqichbaqalar va b. umurtqasizlar b-n simbioz yashaydi.

Ensiklopediya.uz
AKTINIYALAR