AJARIYA haqida malumot bilib oling.

Ensiklopediya
AJARIYA haqida malumot bilib oling.

AJARIYA, Ajariya Muxtor Respublikasi — Gruziya Respublikasi tarkibida. 1921-y. 16-iyulda tashkil topgan. Zakavkazyening jan.-gʻarbida, Qora dengiz sohilida joylashgan. Mayd. 3 ming km2, aholisi — 385 ming kishiga yaqin (1999). Ajariyada 5 tuman, 2 shahar, 7 shaharcha bor. Poytaxti — Batumi sh.

Tabiati. Ajariya dengiz sohili pastbaland, boshqa joylari togʻli. Turkiya b-n chegara boʻylab baland Shavshet togʻ tizmasi oʻtadi. Mesxeti; Arsiyan tizmalari ham bor. Ajariya hududida 500 m gacha balandlikda iqlim subtropik, togʻlarda moʻtadil sovuq. Pasttekislikda yanv. ning oʻrtacha t-rasi 4°, 7°, iyulya a 20°, 23°, toglarda yanv. da — 2°, iyulda 16°. Yillik yogʻin miqdori ichki vodiylarda 1000—1400 mm. sohilda 2400—2800 mm. Eng katta daryosi — Chorox; Batumi sh. yaqinida Qora dengizga quyiladi. Bu daryoning yuqori oqimi Turkiyada, uning irmogʻi — Ajarisskali Sharq-an Gʻarbga butun mamlakatni kesib oʻtadi. Foydali qazilmalari: mis va polimetall rudalar, oltingugurt kolchedani, oʻtga chidamli tuproqlar. Tup-oqlari togʻlarda togʻ-oʻtloq va togʻ-oʻrmon, dengiz sohilidagi togʻ oldida qizil tuproq. Hududining 50% dan koʻprogʻi oʻrmonlar b-n qoplangan. Togʻ yon bagʻirlarida kashtan, dub, grab, archa, pixta, dengiz boʻy i da subtropik oʻsimliklar (palma, magnoliya va sh. k.) oʻsadi. Evkalipt, bambuk ham uchraydi. Kintrishi qoʻriqxonasi bor.

Axolisi. Ajariyada gruzin (ajar)lar, shuningdek ruslar, armanlar, ukrainlar va b. yashaydi. Aholining oʻrtacha zichligi — 1 km2 ga 135,3 kishi. Aholining 48% shaharlarda istiqomat qiladi. Ajarlar tili gruzin tili lahjalaridan biri hisoblanadi. Yirik shaharlari: Batumi, Kobuleti.

Tarixi. Mil. av. 6—2-a. larda Ajariya Kolxida podshohligi, soʻngra Gʻarbiy Gruziya davlati tarkibiga kirgan. 11—15-a. larda Ajariya hududi birlashgan gruzin davlatining bir qismi boʻlgan. 16-a. ning 2-yarmida Gruziyaning zaiflashuvi sababli Ajariyani Turkiya bosib oldi va aholi orasida musulmon dinini tarqata boshladi. 1877—78 y. gi Rossiya-Turkiya urushi natijasida A. Rossiyaga qoʻshib olindi. 19-a. ning 80-y. larida Ajariyada sanoat rivojlana boshladi. 1897—1907-y. larda Boku — Batumi neft kuvuri yotqizildi. 1918-y. apr. da Batumi, Axalsixe, Ardagan va Guriyaning bir qismini turk qoʻshinlari, dek. da esa butun Ajariyani ingliz qoʻshinlari bosib oldi. 1920-y. iyulda ular hokimiyatni mensheviklarga topshirdi. 1921-y. martda sovet hokimiyati oʻrnatildi. 1921-y. iyulda Gruziya SSR tarkibida Ajariya ASSR tuzildi. 1990-y. dek. dan A. Muxtor Respublikasi.

Xoʻjaligi. Q. x. Ajariya iqtisodiyotining asosini tashkil kil ad i. Subtropik ziroatchiligi, ayniqsa sitrus mevalari yetishtirish rivojlangan. Makkajoʻxori asosiy q. x. ekini hisoblanadi. Bogʻdorchilik, tokchilik, tamakichilik katta oʻrin oladi. 1949-y. dan Ajariyaning butun sohil boʻylariga choy ekila boshladi. Chorvachilik, parrandachilik, pillachilik, asalarichilik, sohilda baliqchilik bilan shugʻullaniladi. Sanoat korxonalarining aksariyati Batumi sh. da joylashgan. Shaharning koʻpchilik aholisi portda va Qora dengizning sharqiy sohilidagi neftni qayta ishlash z-dida ishlaydi. Ajariyada mashinasozlik, kemasozlik, taxta tilish, yogʻochsozlik, faner va mebel f-kalari, oziq-ovqat va yengil sanoat korxonalari, bir necha yirik choy f-kasi bor. Batumi kofein z-di mashhur. Elektr energiyaning yagona mahalliy manbai Ajarisskali GESi, shuningdek bir necha issiqlik elektr st-yalaridir. Ajariya hududidan Batumi — Boku t. y.. Batumi — Samtredia, Batumi — Axalsixe avtomobil yoʻli oʻtadi. Asosiy dengiz porti — Batumi sh. A. da Batumi, Maxinjauri, Sixisdziri, Beshumi, Kobuleti, Yashil Burun kurortlari bor. Ajariya chetga neft mahsulotlari, yangi va konservalangan sitrus mevalar, choy, hoʻl meva, uzum, tung va efir moylari, tamaki mahsulotlari, choy va vino sanoati uchun asbob-uskuna, faner, mebel chiqaradi. Chetdan metall, asbob-uskuna, qurilish materiallari, un, toʻqimachilik mahsulotlari oladi. Madaniyati. Ajariyada barcha turdagi umumiy taʼlim maktablarida 65 mingdan ortiq oʻquvchi oʻqiydi. Oʻrta maxsus oʻquv yurtlari, Batumi dengizchilik akademiyasi, Batumi un-ti, Batumi politexnika in-ti, akvarium, delfinariy, i. t. muassasalari, botanika bogʻi, ommaviy kutubxonalar, klub muassasalari, kino qurilmalar bor. Gruzin va rus tillarida gaz. chiqadi. Radioeshittirishi va retranslyatsiya telekoʻrsatuvi mavjud. Ajariya adabiyoti — gruzin adabiyotining tarkibiy qismi. Yozuvchilardan M. Varshanidze, 3. Gorgiladze, P. Loriya, N. Malazoniya, Sh. Rokva, P. Rurua, F. Xalvashi, G. Salukvadze, A. Shervashidze va b. uni rivojlantirishga oʻz hissalarini qoʻshganlar. Ajariya meʼmorlik obidalari: Goniadagi qalʼa, Vizantiya davridan qolgan Sixisdziridagi Petr qalʼa-shahri (6-a. da asos solingan), Tamarissixe qalʼasi, Sxaltdagi ibodatxona (13-a.), Maxunseti, Dandalo, Saputkretidagi bir arkali koʻpriklar va b. A. da qadimdan amaliy bezak sanʼati (yogʻoch oʻymakorligi, zarb qilish, kashtachilik) rivojlangan. Keyingi yillarda professional sanʼat oʻsdi (rassomlar Sh. Xoluashvili, S. Artmeladze, X. Inaishvili; haykaltaroshlar T. Chanturia, M. Bolkvadze va b.). Batumida Davlat qoʻshiq va raqs ansambli, xalq ijodi uyi, musiqa xoreografiya jamiyati bor. 1937-y. dan Batumida I. Chavchavadze nomidagi teatr ishlab turibdi. Teatrdagi Yu. Kobaladze, A. Mgeladze, N. Tetradze kabi mashhur artistlarning ijodi diqqatga sazovor. 1980-y. dan qoʻgʻirchoq teatri, 1993-y. dan opera teatri ishlaydi. Batumi sh. dagi oʻlkashunoslik muzeyida Ajariya aholisi etnografiyasiga oid buyum va ashyolar mavjud.

Ensiklopediya.uz
AJARIYA