AHOLI MIGRATSIYASI haqida malumot bilib oling.

Ensiklopediya
AHOLI MIGRATSIYASI haqida malumot bilib oling.

AHOLI MIGRATSIYASI — aholining yashash joyini oʻzgartirishi bilan bogʻliq koʻchishi. Ah-m. aholining muhim muammolaridan biri boʻlib, unga kishilarning oddiy mexanik koʻchish harakati deb emas, balki ijtimoiy-iqtisodiy xayotning koʻp tomonlarini qamragan murakkab ijtimoiy jarayon sifatida qaraladi. Aholi migratsiyasi aholini joylashishi, yerni xoʻjalik jihatdan oʻzlashtirish, ishlab chiqaruvchi kuchlarni rivojlantirish, irqlar, tillar va xalqparning paydo boʻlishi va aralashib ketish jarayonlari bilan bogʻliq. I. ch. ni joylashtirishdagi oʻzgarishlar bevosita mehnat resurslarini hududiy qayta taqsimlash extiyojini keltirib chiqaradi, bunga esa migratsiya yordamida erishiladi.

Yoʻnalishiga koʻra tashqi Aholi migratsiyasi va ichki Aholi migratsiyasi farqlanadi. Tashqi Aholi migratsiyasi mamlakatdan chiqib ketish (muhojirlik), ichki Ahm. esa mamlakat doirasida, viloyat va tumanlararo yashash joyining oʻzgarishi. Migratsion jarayonlarda ishtirok etuvchilar — migrant (muhojir) lar, migratsiya oqimi shakllanuvchi hudud — migrantlar chiquvchi, ular borgan hudud — migrantlar oʻrnashuvchi region deyiladi. Muayyan mamlakatdan boshqa biron-bir mamla-katga aholining koʻchib ketish jarayoni emigratsiya, unda ishtirok etganlar esa emigrantlar deyiladi. Va, aksincha bi-ron bir boshqa mamlakatdan maʼlum mamlakatga aholining koʻchib kelishi immigratsiya, unda ishtirok etganlar immigrantlar (kelgindilar) deyiladi.

Aholi migratsiyasi doimiy (turar joyni uzil-kesil oʻzgartirish), vaqtincha (shartnoma asosida maʼlum muddatga ishga, oʻqishga va b. sabablar bilan mamlakatdagi bir maʼmuriy-hududiy birlikdan boshqasiga borish, yoxud xorijga ketish), mavsumiy (iqtisodiyot tarmoqlari — q. x., undiruvchi sanoat sohasi yumushlari, davolanish, dam olish va b. sabablarga koʻra koʻchish), mayatniksimon (mokisimon) (ertalab ishga, oʻqishga ketib, kechqurun uyiga qaytib kelish) migratsiya turlari boʻladi. Maʼlum vaqt davomida hududga koʻchib kelgan va koʻchib ketgan kishilar soni oʻrtasidagi farq migratsiya saldosi deyiladi. Baʼzan migratsiyaga turizm, kurortga borish, ziyorat, shuningdek mokisimon qatnovchilarni ham kiritadilar, lekin tu-rar joyni oʻzgartirmagani uchun ularni Aholi migratsiyasiga kiritish mumkin emas.

Qishloq aholisi hisobiga shaharlarda yashovchi aholining toʻxtovsiz oʻsib borish tendensiyasi ham mavjud. Qishloqlarda yashash sharoitining shaharlarga nisbatan maʼlum darajada noqulayligi, uning ayniqsa yoshlarni iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy jihatlardan toʻla qondira olmasligi bu tendensiyaga sabab boʻladi.

Oʻzbekistonda Aholi migratsiyasi jarayoni yangi z-d va f-kalarning qurilishi, 50—60-y. larda Navoiy, Zarafshon, Uchquduq, Bekobod, Angren, Olmaliq, Yangiyer va b. sanoat shaharlarining barpo etilishi hamda ularni ishchi kadrlar bilan taʼminlash maqsadida shoʻrolar davrida SSSRning markaziy sanoat r-nlaridan aholini ommaviy koʻchirib keltirish hisobiga boʻldi. Natijada bu shaharlarda tub joy aholisi ozchilikni tashkil etib, koʻpchiligi Respublika tashqarisidan yoʻllanma bilan kelgan kishilar boʻldi. 1966-y. gi Toshkent zilzilasidan soʻng Toshkent sh. aholisi ham ikki baravardan ziyod ortdi. Urush yillarida oʻz yurtlaridan qochoq boʻlganlar va badargʻa qilinganlar ham Oʻzbekistonda qoʻnim topdilar.

Ah-m. jarayoniga tarixiy va milliy anʼanalar ham taʼsir koʻrsatadi. Oʻrta Osiyo xalqlarida, jumladan oʻzbeklarda tugʻilib oʻsgan joyga mehri balandligidan migratsiyaga moyillik ancha sust.

Nurislom Toʻxliyev.

Ensiklopediya.uz
AHOLI MIGRATSIYASI