AHMADIYA haqida malumot bilib oling.
AHMADIYA — 19 – a. oxirida Hindistonda vujudga kelgan diniy harakat. Mirza Gʻulom Ahmad Kodiyoniy (1835—1908) asos solgan. U 19-a. ning 70-y. larida Panjob musulmonlari oʻrtasida yirik ulamo va avliyo sifatida nom chiqargan. Islom tarixi va ilohiyot boʻyicha bir necha asar yozgan. 1891-y. da «Anjumani Ahmadiya» diniy tashkilotini tuzgan. Izdoshlari uni «paygʻambar», deb eʼlon etgan. Vafotidan keyin uning oʻrniga Hakim Nuriddin qolgan. Bashar Ahmad ibn Gʻulom ham taniqli Ahmadiya arboblaridan hisoblanadi, «Siyrat ul Mahdiy» («Mahdiyning hayot yoʻli»), «Kalimat ul-fadl» («Ajratuvchi soʻz») va b. kitoblari bor.
Ahmadiya aqidalari islomga zid. Ahmadiya aqidasi boʻyicha:
1) Gʻulom Ahmad vaʼda qilingan Iso Masih emish;
2) Alloh roʻza tutar, namoz oʻqir, uxlar, uygʻonar, yozar, imzo chekar, baʼzan adashar emish;
3) Muhammad (sav) oxirgi paygʻambar emas, chunki Alloh oʻz ehtiyojiga koʻra yer yuziga paygʻambarlar yuborib turar, ulardan eng afzali Gʻulom Ahmad emish;
4) Jabroil (as) Gʻulom Ahmadga vahiy olib tushar emish;
5) Kodiyon qishlogʻi Makkai-mukarrama va Madinai-munavvaradan afzal emish;
6) araq ichish, afyun va b. mast qiluvchi narsalarni isteʼmol qilish mumkin. Hoz. kunda ahmadiylar Hindiston va Pokistondan tashqari, bir necha arab mamlakatlari, Eron, Afgʻonistan, Afrika hamda Gʻarb mamlakatlarida tarqalgan. Londonda ularning katta markazi bor. Ahmadiylar MDH hududiga keyingi yillarda kirib keldi. Koʻproq ishbilarmon, tojir va xayriya jamiyati vakillari sifatida Tatariston va b. joylarda rasmiy roʻyxatdan oʻtgan. Robita al-alam al-islomi (Islom olami ittifoqi) Ahmadiyani «islomga yot oqim» deb eʼlon qilgan.
Abduqayum Azimov.
Ensiklopediya.uz
AHMADIYA