AGRAR TANGLIK haqida malumot bilib oling.

Ensiklopediya
AGRAR TANGLIK haqida malumot bilib oling.

AGRAR TANGLIK — q. x. da yuz beradigan iqtisodiy inqiroz. Uning mahsulotlarni koʻp i. ch. tufayli yoki mahsulotlarni kam i. ch. oqibatida yuz beradigan koʻrinishlari bor. Birinchi turdagi Agrar tanglik sababi bozor iqtisodiyotidagi noaniqlikning bulishidir, buning natijasida talab va taklif muvozanati buziladi. Talab ortib borganda narx koʻtarilib xoʻjaliklar foydani koʻp koʻradilar, ular i. ch. ni kengaytiradilar, mahsulotlar haddan ortiq koʻpayib ketib, ularning taklifi talabdan oshib boradi. Mahsulotlarning bir qismi sotilmay qoladi yoki oʻta past narxda sotiladi. Bozorning kasodligi dehqonlarni ogʻir ahvolga solib qoʻyadi, ular i. ch-. ni qisqartirishga majbur boʻladilar, oʻz sarf-xarajatlarini qoplay olmay xonavayron boʻladilar. Shunday tangliklar 20-a. mobaynida bir necha bor yuz bergan. Uning eng dahshatlisi 1929 — 32 y. lardagi tanglikdir. Bu A. t. butun dunyodagi mamlakatlarni, q. x. ning barcha tarmoqlarini chulgʻab oldi.

Agrar Tanglikning ikkinchi turi agrar munosa-batlar eskirib qolganda, ular i. ch. ni ragʻbatlantirmay qoʻyganda yuz beradi. Dehqonlar mahsulotni koʻpaytirishdan manfaatdor boʻlmay qoladi, chunki ularning daromadi qisqarib ketadi. Bozor narxlarining oʻzgarishi dehqonlar zarariga boʻladi, yaʼni dehqonchilik mahsuloti narxiga nisbatan sanoat mahsuloti narxi tez oʻsadi. Natijada dehqonlar sanoat mahsulotini olish uchun oʻz mahsulotini tobora koʻproq sotishga majbur boʻladilar. Bunday Agrar tanglikdan chiqish uchun q. x. isloh etiladi: yerga mulkchilik oʻzgartiriladi, yer dehqonlar mulkiga aylantiriladi, ijarachilikka keng yoʻl beriladi, serkapital inshootlar (irrigatsiya), yoʻllar va energetika sohalari davlat hisobidan rivojlantiriladi va h. k.

Rivojlangan mamlakatlarda Agrar tanglikni bartaraf etish uchun q. x. boʻyicha maxsus qonunlar qabul qilingan boʻlib, davlat q. x. mahsulotlarini sotish mumkin boʻlgan narxlarning eng quyi chegarasini belgilab qoʻyadi («fermerlarni qoʻllab-quvvatlash narxi»), ortiqcha q. x. mahsulotini xarid etib, uning zaxiralarini tashkil etadi, ortiqcha mahsulotni bozorga chiqarmay turgan yoki ekin maydonini bozorga qarab qisqartirgan fermerlarga subsidiya beradi va b. Qishloqdagi mulkiy munosabatlar va xoʻjalik yuritish usullarini oʻzgartirish i. ch. ni rivojlantirib, Agrar tanglik t-. dan chiqish imkonini beradi.

Ahmadjon Oʻlmasov, Erkin Yusupov.

Ensiklopediya.uz
AGRAR TANGLIK