AGNOSTITSIZM haqida malumot bilib oling.
AGNOSTITSIZM (yun. a – inkor qoʻshimchasi, gnosis — bilish) — borliqni, voqelikdagi narsa va hodisalarni, ularning mohiyatini bilish mumkinligini qisman yoki mutlaqo inkor etuvchi nazariya. A. vakillari borliqning cheksizligi, nihoyasizligi va murakkabligi, inson sezgi aʼzolari imkoniyatlarining cheklanganligiga asoslanib borliqni bilish mumkin emas deb hisoblaydi. Agnostitsizmning yirik vakillaridan biri ingliz faylasufi David Yum, inson aqli sezgilarimiz bergan maʼlumotlarga tayanib voqelikni biladi, lekin, sezgi aʼzolarimiz bizga toʻgʻri va toʻliq maʼlumot beradimi, sezgilarimiz aks ettirayotgan voqelikning oʻzi mavjudmi, degan masalalarni oʻrtaga tashlagan va shu asosda olamni bilish mumkinligini rad etgan, obyektiv voqelikning mavjudligiga shubha bildirgan (bu jihatdan Yum A. i skeptitsizmning bir koʻrinishi sifatida namoyon boʻladi). Agnostitsizmning ikkinchi bir yoʻnalishi nemis faylasufi Immanuil Kant falsafasida ifodalangan. I. Kant tashki olamni ikkiga: «biz uchun narsa» va «narsa oʻzida»ga ajratib tushuntiradi, olamning biz bilgan va bilib olishimiz mumkin boʻlgan qismini «biz uchun narsa» deb ataydi. Olamning «narsa oʻzida» qismining ayrim jihatlarinigina bilish mumkin boʻlsa ham, uning asl mohiyatini bilish mumkin emas deydi. Bilish obyektining cheksizligini, nihoyasizligini, hodisalar ichki mohiyatining tubsizligini mutlaqlashtirish Agnostitsizmning gnoseologik ildizlariga kiradi. Haqiqatda, har qanday narsani bir qarashda, bir zumda har taraflama bilib boʻlmaydi, uni bilib olish uchun muayyan vaqt kerak boʻladi. Shuningdek, har qanday narsani va uning mohiyatini bilib olishimiz uchun yordamchi qurol va vositalarning qay darajada takomillashganligi jiddiy ahamiyatga ega. Bizga nisbatan keyingi avlodlarimizning tajribalari yanada boyib, takomillashib boradi va natijada ular bizlarga nisbatan koʻproq narsalarni biladi. Biz sezgi aʼzolarimizning bilish imkoniyati yetmagan obyektlarni aql va tafakkur kuchi bilan bilib boramiz. Bilish shu tarzda yaxlit va uzluksiz jarayondir. Inson aql-tafakkuri fan va amaliyetni taraqqiy ettirishga, bilish va izlanish vositalarini takomillashtirishga yoʻl ochadi.
Baxtiyor Toʻrayev.
Ensiklopediya.uz
AGNOSTITSIZM