AFROSIYOB KULOLLIGI haqida malumot bilib oling.

Ensiklopediya
AFROSIYOB KULOLLIGI haqida malumot bilib oling.

AFROSIYOB KULOLLIGI — Afrosiyobda olib borilgan arxeologik qazilmalar natijasida topilgan qad. oʻzbek xalq amaliy sanʼati namunalari. 9 — 13-a. larda Afrosiyob kulollari tomonidan ishlangan bejirim, nafis sirli idishlar Islom dunyosida keng tarqalgan. Bu idishlar oʻzining mohirona ishlanganligi, naqshlarining aniq va mazmundorligi bilan ajralib turadi. Afrosiyob kulollari dastlab arablar istilosi (8-a.) gacha boʻlgan sanʼat anʼanalariga asoslanib, 9—10-a. larda keng tarqalgan falsafiy gʻoyalarni turli ramzlar, arab alifbosida yozilgan ezgu niyatlar, xalq maqollari, shuningdek kabutar, xoʻroz, burgut, ot, yoʻlbars, sher tasvirlari, ov manzarasi hamda islimiy gullar va giriqlar bilan oʻz asarlarida mujassam etganlar. Bezakda asosiy oʻrin tutgan kufiy yozuvlar, ayniqsa chuzib yozilgan harflar bilan tik yozilgan «Alif» va «Lom»ning uygunligi naqshning taʼsirchanligini oshirgan. Keyingi davrlar (11—13-alar) da Afrosiyob kulolligi dagi bezaklar oʻrnini umumlashtirilgan qushlar tasviri, mazmundor arab soʻzlari, murakkab gullar, naqshlar oladi. Bundam bezaklar idishlarning kurkamligini burttirib koʻrsatadi. Bu uslub bizning davrimizgacha yetib kelgan. Afrosiyob kulolligi dagi bezaklar buyum shakliga mosligi, ranglarining yorqinligi va nafisligi bilan kishi diqqatini oʻziga jalb etadi.

Ad.: Pugachenkova G. A., Rempel L. I., Ocherki iskusstva Sredney Azii, M., 1982.

Ensiklopediya.uz
AFROSIYOB KULOLLIGI