AERODINAMIKA haqida malumot bilib oling.

Ensiklopediya
AERODINAMIKA haqida malumot bilib oling.

AERODINAMIKA (aero… va dinamika) — gidroaerodinamikaning havoning harakat qonunlarini va jismlar sirtida vujudga keladigan kuch qonuniyatlarini hamda jismlarning havoga nisbatan harakatini oʻrganadigan boʻlimi. Asosiy masalalaridan biri — uchish apparatlariga taʼsir etuvchi aerodinamik kuchlarni hisoblash usuli b-n ularning loyihasini ishlab chiqish. Aviatsiya rivojlanganligi tufayli Aerodinamika mustaqil fan sifatida 20-a. boshlarida vujudga keldi. Samolyot qanotining koʻtarish kuchini, samolyot va uning detallari aerodinamik qarshiliklarini havo vintining tortish kuchini hisoblash usullari nazariyasini ishlab chiqish va yaratish talab qilinadi. Qanotning koʻtarish kuchini hisoblashga imkon beruvchi nazariyani 20-a. boshlarida Rossiyada K. E. Siolkovskiy, N. Ye. Jukovskiy va S. A. Chapligin, Germaniyada V. Kuttoy, Angliyada F. Lanchester ishlab chiqishgan. Uchish nazariyasini ishlab chiqish bilan bir vaqtda aerodinamik laboratoriyalar qurila boshlandi. Vujudga keladigan masalalarni yechish usuliga koʻra A. nazariy va tajriba A. lariga boʻlinadi. Nazariy Aerodinamikada gidroaerodinamikaning asosiy qonunlari tenglamalar shaklida nazariy taxlil qilinadi. Tajriba Aerodinamikasida harakatning aylanish qonunidan keng foydalaniladi. Shunga muvofiq v tezlik bilan harakatlanayotgan jismga taʼsir etuvchi kuch qoʻzgalmas qilib mahkamlangan shu jismga taʼsir etuvchi va shu v tezlikda havo oqimini haydovchi kuchga teng boʻladi.

Aviatsiya va raketa texnikasining rivojlanishi munosabati bilan yangi fanlar — giper tovush tezliklari Aerodinamikasi, siyrak gaz A. si va kosmik Aerodinamika vujudga keldi. Aerodinamika natijalaridan qitʼalararo raketalar, yer sunʼiy yoʻldoshlari, kosmik kemalarni loyihalash va yaratishda, issiqlik texnikasi, kimyo sanoati va b. da foydalaniladi.

Sanoat A. sida havo haydagichlar, shamol dvigatellari, oqimli apparatlar (ejektorlar), shamollatish texnikasi (xususan, havo konditsioneri)ni hisoblash bilan bogʻliq boʻlgan, shuningdek yerdagi transportlar (avtomobillar, poyezdlar) harakatida vujudga keladigan aerodinamik kuchlar b-n, bino va inshootlarga shamolning taʼsiri bilan bogʻliq masalalar koʻrib chiqiladi.

Ensiklopediya.uz
AERODINAMIKA