ADVOR haqida malumot bilib oling.

Ensiklopediya
ADVOR haqida malumot bilib oling.

ADVOR (arab. — aylanalar, turkumlar; birligi — davr) — Oʻrta va Yaqin Sharq musiqa nazariyasida mazmunan universal, shaklan tugal va muntazam takrorlanuvchi jarayonlarni ifodalaydigan badiiy-estetik qonuniyatlar va ilmiy-nazariy qoidalar tizimi. Advor tushunchasi Oʻrta Osiyo madaniyatida qad. davrlar (taxm. mil. av. 1-ming yillik) da vujudga keladi. Dastlab u umumiy kosmogonik mazmunga ega boʻlib, tabiat jarayonlaridagi (mas, yil fasllarining almashuvi, muchal-burjlar va osmon jismlarining harakat doiralari va h. k.) muntazam takrorlanuvchi holatlar bilan bogʻliq deb faraz etilmish badiiy-estetik qonun-qoidalarga tayanadi.

Advor ilk bor Kindiy (801—879) ning musiqiy risolalarida maxsus ilmiymusiqiy atama sifatida «ritmik doiralar» maʼnosida, Forobiy asarlarida musiqa asarlarining muvaqqat-fazoviy (ritmik, shakliy) nisbatlarni, «Ixvonus-safo» (10-a.) risolalarida esa universal-estetik tushunchalarni ham ifodalovchi atama sifatida qoʻllaniladi. 12—13-a. larda Advorning maʼno doirasi yanada kengayib, unda turkum (Oʻn ikki maqom, navbat, amal va b.), alohida ijro etiladigan musiqa asarlarining tuzuklari (parda va tovush-qatorlar tizimi) va ritmik doiralari (usul va zarblar) aks ettirilgan. Ushbu universal musiqiy maʼnolardagi Advor atamasi 13—15-a. larda, ayniqsa, al-Urmaviyning «Kitobul-advor» («Aylanalar kitobi») asaridan keyin musiqa istilohida «maqom» atamasiga teng maʼnoda muhim oʻrin egallagan. Urmaviyning mazkur asari va undan keyin yozilgan boshqa risolalarida Oʻn ikki maqom kuy tuzuklari va usullari muayyan nisbatlar asosida oʻzaro mutanosib aylanalar shaklida ifoda etilgan. Oʻrta asrlar musulmon Sharqi musiqa ilmida ritmik vaqt birligi hamda ushbu birliklardan tashkil etilgan ritmik tuzilma (usul)lar ham davr yoki Advor deb atalib, risolalarda aylana shaklida ifoda etilgan.

Ad.: Rajabov I., Maqomlar masalasiga doir, T., 1963.

Abdumannon Nazarov.

Ensiklopediya.uz
ADVOR