Adisson kasalligi — belgilari, sabablari, tashxislash va davolash usullari haqida malumot
Addison kasalligi (buyrak usti bezining po‘stloq qismi yetishmovchiligi yoki gipokortizm) – endokrin tizimi kasalligi bo‘lib, buyrak usti bezi yetarli miqdorda kortizol va aldesteron gormonini ishlab chiqara olmasligidir. Kasallik har qanday yoshdagi insonda uchraydi, ayollar va erkaklar deyarli bir xil nisbatda kasallanadi. Ba’zi hollarda kasallik to‘satdan paydo bo‘lib, bemor hayotiga xavf solishi mumkin. Xalq orasida ushbu kasallik “Bronza kasalligi” nomi bilan yuritiladi. Addison kasalligini davolash uchun gormonlar o‘rnini bosuvchi preparatlar buyuriladi va ular organizmda yetishmayotgan gormon miqdorini qoplab beradi.
Addison kasalligi belgilari
Odatda kasallik belgilari sekin-astalik bilan, bir necha oylarda namoyon bo‘ladi, ular quyidagilar:
- Mushaklar kuchsizligi, holsizlik alomatlari;
- Ishtahaning pasayishi, tana vaznining kamayishi;
- Arterial qon bosimning pasayishi, hushdan ketish;
- Tuzlarga bo‘lgan ehtiyojning oshishi;
- Qon tarkibida glyukoza miqdorining kamayishi (gipoglikemiya);
- Ko‘ngil aynishi, qusish, ich ketishi (diareya);
- Bo‘g‘imlarda va mushaklarda og‘riq;
- Qo‘zg‘aluvchanlik ortishi;
- Depressiya;
Addisonik kriz belgilari
Ayrim hollarda kasallik belgilari to‘satdan, qisqa muddatlar ichida paydo bo‘ladi. Bunday holat addesonik kriz deb nomlanadi va quyidagi belgilar bilan yuzaga chiqadi:
- Bel qismida, qorinda va oyoqlarda og‘riq;
- Qaytalanuvchi qayt qilishlar va ich ketishlari, degidratatsiya (suvsizlanish);
- Arterial bosimning pasayishi;
- Hushdan ketish;
- Qonda kaliy miqdorining ortishi (giperkaliyemiya).
Addison kasalligida qanday holatlarda shifokorga murojaat qilish kerak?
Quyidagi belgilar namoyon bo‘lsa, zudlik bilan shifokorga murojaat etish kerak:
- Teri qoplamining qorayishi (to‘qlashishi) – giperpigmentatsiya;
- Kuchli holsizlik;
- Tana vaznining sababsiz kamayishi;
- Oshqozon ichak tizimidagi kamchiliklar: ko‘ngil aynishi, qusish, qorindagi og‘riqlar;
- Bosh aylanishi va hushdan ketishlar;
- Tuzga bo‘lgan talabning haddan ortishi;
- Mushak, bo‘g‘imlarda kuchli og‘riq bo‘lsa.
Shifokor mutaxassislar yuqoridagi simptomlarning Addison kasalligiga tegishli yoki tegishli emasligini aniqlashda yordam beradi.
Addison kasalligi sabablari
Addison kasalligi sababi buyrak usti bezining po‘stloq qavati funksiyasining buzilishidir. Buning natijasida kotrizol va aldesteron gormonlarining organizmda yetishmovchiligi kelib chiqadi. Buyrak usti bezlari endokrin tizimining muhim qismi hisoblanadi. Ular bezlar bo‘lib, ikkala buraklarning ustida joylashadi va ikki qismdan tuzilgan: po‘stloq qismi va mag‘iz qismi. Buyrak usti bezining po‘stloq qavatida steroid gormonlar ishlab chiqariladi (sintezlanadi) – glyukokortikoid, mineroalokortikoid va androgenlar (erkaklik jinsiy gormoni).
- Glyukokortikoidlar. Organizmda “yoqilg‘i” ishlab chiqarish qobiliyatiga javob beradigan gormon. Ovqatdan olingan energiyani qayta ishlash funksiyasini bajaradi. Shu bilan bir qatorda bu gormon yallig‘lanishga qarshi va antistress ta’sir ko‘rsatadi.
- Mineralokortikoidlar. Bu guruh gormonlariga aldesteron kiradi. Uning vazifasi natriy va kaliyni balansini normada ushlab turish, arterial qon bosimini stabil ushlab turishdan iborat;
- Androgenlar. Erkaklar organizmida ko‘proq, ayollarda esa kam miqdorda sintezlanadi. U gormon mushak massasiga, inson kayfiyatga ta’sir qiladi.
Birlamchi buyrak usti bezining funksiyasi buzilishi va gormonlarning yetarlicha sintezlanmasligining sababi, ko‘p hollarda autoimmun jarayonlardir. Birlamchi buyrak usti bezi yetishmovchiligining boshqa sabablariga – tuberkulyoz (sil), buyrak usti bezining infeksion va onkologik kasalliklari, buyrak usti bezida qon quyilishlar kiradi.
Ikkilamchi buyrak usti bezi yetishmovchiliklariga sabab gipofiz bezidagi o‘zgarishlar bo‘la oladi. Gipofiz bezi adrenokortikotrop gormonlar sintezlaydi (AKTG), bu gormon esa buyrak usti bezi ishini stimullaydi. AKTG gormonining sintezlanishi buzilishi sog‘lom buyrak usti bezlaridan ham yetarlicha gormon ishlab chiqarmasligiga olib keladi.
Addison kasalligi kelib chiqishiga eng asosiy sabablardan biri, bemorlarning qabul qilayotgan kortikosteroid gormon prepratlarini qabul qilishni birdan to‘xtashidir, ya’ni ayrim surunkali kasalliklarni davolash uchun (astma yoki artrit) gormon preparatlar buyurilgan bo‘lsa, ularni qabul qilishni birdan to‘xtatish kerak emas.
Addison kasalligi diagnostikasi
Addison kasalligiga shubha qilinganda bemor shikoyatlari va anamnezidan tashqari, quyidagi tekshiruvlardan o‘tish talab etiladi:
- Qon analizi. Qon tarkibidagi natriy, kaliy, kortizol va AKTG miqdorini aniqlash Addison kasalligi tashxisini qo‘yishda yordam beradi. Qonning antitelo analizi esa ushbu kasallikda kuzatiladigan autoimmun jarayonlarni aniqlab beradi.
- AKTGni stimulyatsiya qilish. Bu test yordamida qondagi kortizol miqdori aniqlanadi. Bunda sun’iy AKTG gormoni qonga yuborilishdan oldin kortizol miqdori o‘lchanadi va AKTG yuborilgandan keyin kortizol miqdori qayta o‘lchanadi. Agar bemorda buyrak usti bezi yetishmovchiligi kuzatilayotgan bo‘lsa, kortizolga bo‘lgan sezgi past ko‘rsatkichda yoki umuman yo‘q bo‘ladi.
- Insulinli gipoglikemiya sinamasi. Bu test ikkilamchi buyrak usti yetishmovchiligini aniqlash maqsadida o‘tkaziladi, ya’ni gipofiz bezi kasalliklari natijasida kelib chiqadigan holatlarda. Bu test o‘tkazish uchun qonda insulinni ma’lum vaqt oralig‘ida yuborib, glyukoza va kortizol miqdori aniqlanadi. Normada glyukoza miqdori kamayadi, kortizol miqdori esa oshadi.
- Visual test. Shifokor ko‘rsatmasiga binoan bemor qorin bo‘shlig‘i KT (kompyuter tomografiyasi) tekshiruvi o‘tkaziladi. Bunda buyrak usti bezining hajmi va ehtimoliy patologiyalar o‘rganiladi. Agar ikkilamchi buyrak usti bezi yetishmovchiligiga shubha qilinsa, bosh miya MRT tekshiruvi buyuriladi. Bunda gipofiz bezining holati o‘rganiladi.
Addison kasalligini davolash
Addison kasalligini davolash maqasadida, gormon o‘rnini bosuvchi gormonal preparatlar buyuriladi, organizm o‘zi mustaqil ravishda sintezlay olmayotgan gormonlar miqdori normal miqdorga kelishi uchun. Bunday preparatlar quyidagicha qabul qilinadi:
- Peroral kortikosteroidlar;
- Ineksion kortikosteroidlar. Agar peroral qabul qilish imkoni bo‘lmasa, ularni ineksiya ko‘rinishida tavsiya etiladi;
- Androgen o‘rnini bosuvchi gormonal preparatlar. Ayollar va erkaklarda androgen gormoni yetishmaganda, uning o‘rnini bosuvchi preparatlar buyuriladi. Bu bilan bemorlarning kayfiyati va jinsiy hayoti tiklanadi;
Og‘ir ruhiy zo‘riqishlarda, tana harorati ko‘tarilganda va oshqozon ichak tizimi kamchiliklarida va stress holatlarida (operatsiyadan oldin, infeksion kasalliklarda) shifokor ko‘rsatmasiga binoan natriyli preparatlar ham tavsiya etilishi mumkin.
Addisonik kriz
Agar Addison kasalligi davolanmasa, har qanday ruhiy stress (travma, infeksiya yoki biror bir kasallik) Addison kasalligini avj oldirib yuborishi mumkin.
Bunday patologik holatda avvalo davolovchi terapevt ko‘rigidan o‘tish kerak. Ammo, ayrim hollarda to‘g‘ridan-to‘g‘ri endokrinolog huzuriga ham borsa bo‘ladi. Shifokor huzuriga borganda bir qator savollarni oldindan yozib oling, ya’ni sizda kuzatilayotgan o‘zgarishlar haqida ko‘proq ma’lumot oling.
Addisonik kriz – bemor hayotiga xavf soluvchi holatdir. Unga quyidagi simptomlar xos:
- Arterial qon bosimi pastligi;
- Qonda glyukoza miqdorining pastligi;
- Qonda kaliy miqdorining pastligi.
Addisonik kriz zudlik bilan tibbiy yordam olishni talab qiladi. Tibbiy davoda vena ichiga gidrokortizon gomorni, izotonik eritma va glyukoza (dekstroza) yuboriladi.
Addison kasalligida quyida keltirilgan chora tadbirlar shoshilinch holatlarda hayotingizni saqlab qolishga yordam berishi mumkin:
- Doimo yoningizda kasallikni ko‘rsatib turuvchi kartochka yoki braslet taqib yuring. Unda berilgan kasallik haqidagi ma’lumotlar, shifokor uchun holatinigiz haqida ma’lumot beradi va davo choralari tezroq qo‘llaniladi.
- Yoningizda kerakli dori preparatlarini olib yuring, yoki ularni ish joyingizda, uyingizda, portfelinigizda olib yuring. Har bir prepratni o‘z vaqtida qabul qiling. Bundan tashqari o‘zinigiz bilan kortikosteroid preparati va shprits olib yuring, shoshilich hollarda ineksiya qilish uchun.
- Davolovchi shifokorinigiz bilan muntazam aloqada bo‘lib turing, agar ehtiyoj sezilsa, u gormon preparatlar dozasini o‘zgartirishi ham mumkin.
Maqola 29.05.2018 sanasida yangilandi.
Kasalliklar
Adisson kasalligi — belgilari, sabablari, tashxislash va davolash usullari