ACHCHI (ATCHI) SURILMASI haqida malumot bilib oling.

Ensiklopediya
ACHCHI (ATCHI) SURILMASI haqida malumot bilib oling.

ACHCHI (ATCHI) SURILMASIOhangaron daryosi yuqori oqimining chap sohilida 1972-y. bahorida vujudga kelgan ulkan surilma. Sahni 8 km2 boʻlgan 800 mln. m3 hajmdagi togʻ jinsi surila boshladi. Achchi (atchi) surilmasining dastlabki belgilari 70-y. lar avvalida namoyon bulgan. Mikrorelyefda eng koʻp jiddiy uzgarishlar 1973-y. dan boshlangan (yirik yoriqlar paydo boʻldi, turar joy binolari va inshootlar shikastlandi, avtomobil yoʻllari va Ohangaron daryosi koʻprigi deformatsiyalandi). Surilma Teshiktosh shaharchasini, «Yerostigaz» st-yasi va Angren sh. quyi qismini bosishi hamda Angren GRESga suv beruvchi kanalni toʻsib, koʻmir havzasini suv ostida qoldirish xavfini tugʻdirdi. Surilma tezligi dastlab sutkasiga 1—2 mm, keyinroq 17 mm ga yetdi. Dunyoda eng katta surilmalardan biri boʻlgan Achchi (atchi) surilmasining paydo boʻlishiga u yerda 8 km2-maydonda 1947-y. dan shaxta usulida uzluksiz koʻmir qazib olinishi, 1961-y. dan koʻmirning bir qismini yer ostida gazga aylantirilishi natijasida boʻshliq paydo boʻlishi, 40—65 m qalinlikda 60 mln. m3 kon chiqindilari toʻkmasi (otval)ning uyumlanishi, yaʼni nazoratsiz antropogen omillar sabab boʻldi. Bularning barchasi togʻ jinslari qatlamida tabiiy muvozanatning buzilishiga olib keldi. Koʻmirning shaxta usulida qazib olinishi, 100—130 m chuqurlikda 5—15 m qalinlikdagi koʻmir qatlamining gazga aylantirilishi 1960-y. dayoq 60 ga yerda surilma sodir bulishiga, yer usti qatlamining 45 m gacha surilishi va 4—15 m choʻkishiga sabab bulgan edi. Zagsan surilmasi ham yer osti suvlari rejimini oʻzgartirdi. Achchi (atchi) surilmasi favqulodda murakkab va xavfli vaziyatni vujudga keltirdi. Uni bartaraf etish maqsadida respublika hukumatining maxsus qarori asosida tezkor ekspert-metodik kengash tashkil qilinib, unga tegishli tashkilotlar jalb qilindi. Koʻlami jihatidan ulkan falokat keltirib chiqarishi ayon boʻlgan surilmaning zudlik bilan toʻxtatib qolish chora-tadbirlari belgilandi. Tavsiyalarni muvofiqlashtirish va amaliy ishlarni bajarish Geologiya va mineral resurslar davlat qoʻmitasining «Oʻzbekgidrogeologiya» birlashmasi zimmasiga yuklandi. Yuzdan ortiq burgilash ishlari olib borildi va surilma maydonining muhandislik-geologik va gidrogeologik holatlari oʻrganildi. Surilmani toʻxtatish uchun 120 mln. m3 hajmda togʻ jinsi keltirilib daryo buyiga 3,2 km masofaga yotqizildi va damba (kontrfos) hosil qilindi. Teshiktoshning 13 ming aholisi boshqa yerga koʻchirildi, Ohangaron daryosi yangi oʻzan (6 km li aylanma kanal)ga burib yuborildi. Achchi (atchi) surilmasi tezligi kamaytirila borib, 17 yildan keyin toʻxtash fazasiga erishildi. Surilmaning barqarorlashtirishga erishilishi tabiiy ofatlarning oldini olishda jahon amaliyotida katta voqea boʻldi. Achchi (atchi) surilmasini «Oʻzbekgidrogeologiya» birlashmasi qoshidagi Xavfli geologik jarayonlarni kuzatish davlat xizmati tomonidan nazorat qilib borish davom etmoqda.

Olimjon Oxunjonov.

Ensiklopediya.uz
ACHCHI (ATCHI) SURILMASI