ABULGʻOZIY BAHODIRXON haqida malumot bilib oling.
ABULGʻOZIY BAHODIRXON (1603.23.8, Urganch-1663. 4, Xiva) — Xiva xoni (1643—1664), shayboniylar sulolasidan, tarixchi va tabib. Abulgʻoziy Bahodirxonning ogʻalari Habash sulton va Elbars sulton otalari Arab Muhammadxonni yengib, uni Qum qalʼasiga qamadilar. Otasining tarafdorlari boʻlgan katta ogʻasi Asfandiyor Eronga, Abulgʻoziy Bahodirxon esa Buxoroga Imomqulixon huzuriga qochdi. 1623-y. da akasi Asfandiyorxon Xiva taxtini egallagach, A. B. Urganchga hokim qilib tayinlandi. Lekin Asfandiyorxon bilan oʻrtalarida nizo chiqib, Abulgʻoziy Bahodirxon 1627-y. da qozoq xoni Eshimxon huzuriga qochdi; keyin ikki yil Toshkent hokimi Tursunxon bilan birga boʻldi. Koʻp oʻtmay, turkmanlarning taklifiga binoan u yana Xorazmga qaytdi. Asfandiyor uni Xiva hokimi qilib tayinlashga majbur boʻldi. 1629-y. da turkmanlar Eronga tobe boʻlgan Niso va Durunni bosib oldilar. Asfandiyorxon Eron bilan munosabatlarning tamoman jiddiylashib ketishidan choʻchib, aybni Abulgʻoziy Bahodirxonga toʻnkadi va uni 1630-y. qishida Eron podshohi huzuriga garov tariqasida yubordi. Abulgʻoziy Bahodirxon shu tariqa 10 yil Eronda, Isfahon yaqinidagi Taborak qalʼasida qamoqda yashadi. 1639-y. ning yozida u tutqunlikdan qochishga muvaffaq boʻldi. Abulgʻoziy Bahodirxon bir necha yil taxt uchun kurash olib borib, nihoyat 1644-y. Xiva taxtiga oʻtirdi. Abulgʻoziy Bahodirxon markaziy hokimiyatni mustahkamlash uchun kurash olib bordi. U 1663-y. da hokimiyatni oʻgʻli Anushaxonta topshirdi. Abulgʻoziy Bahodirxon yirik tarixchi olim sifatida ham eʼtiborga sazovor. Uning «Shajarayi tarokima» va «Shajarayi turk» asarlari Oʻzbekiston, umuman Oʻrta Osiyo tarixiga oid qimmatli manbalardan hisoblanadi. Abulgʻoziy Bahodirxon tib. ilmiga oid «Manofiʼul inson» («Insonga foydali narsalar») nomli asar ham yozgan.
Ac: Abulgʻoziy, Shajarayi turk, T., 1992.
Ensiklopediya.uz
ABULGʻOZIY BAHODIRXON