Abulfayzxon. Abdurauf Fitrat

Abulfayzxon. Abdurauf Fitrat

Yo‘qsul o‘lkasining tarixidan besh pardali fojia(Drama qisqartirib berildi.)

 Adabiyot darsligi mundarijasiga qaytish

Kimsalar
Abulfayzxon – Buxorodagi o‘zbek xonlarining so‘nggisi; qirq-ellik yoshlarda.
U l f a t – xonning xo‘jasaroyi (haram boshlig‘i); qirq-ellik yoshlarda.
D a v l a t t o‘ q s o b a – xonning yaqin xizmatchilaridan.
Q o z i N i z o m – Buxoroning qozi kaloni. Ellik-oltmish yoshlarda.
H a k i m b i y – xonning inog‘i, so‘ngra otalig‘i; ellik-oltmish yoshlarda.
R a h i m q o‘ r ch i – so‘ngra to‘qsoba, so‘ngra otaliq. Hakimbiyning o‘g‘li; o‘ttiz-qirq yoshlarda.
M i r V a f o – Rahimxonning hukmronlik tarixiga bag‘ishlangan «Tuhfayi xoniy» asarining muallifi. Hakimbiyning odami, ellik-oltmish yoshlarda.
D o n y o l b i y – Hakimbiyning ukasi; qirq-ellik yoshlarda.
I b r o h i m i n o q – so‘ngra otaliq; oltmish-yetmish yoshlarda.
T o g‘ a y q u l b e k – mang‘it beklaridan.
X o‘ j a K a l o n – mashhur xo‘jalardan.
O x u n d – Buxoroning katta mullasi.
N o d i r sh o h – Eron shohi.
R i z o q u l i x o n – Nodirshohning o‘g‘li.
M i r z o M a h d i – shohning bosh kotibi.
A l i q u l i x o n, H u s a y n x o n, A h m a d x o n – Eronning qo‘shin boshliqlari.

Eslatma: Bundagi voqealarda birinchi parda bilan ikkinchi parda orasida
yetti yil, ikkinchi, uchinchi pardalar bilan to‘rtinchi, beshinchi pardalar orasida bir
yil zamon o‘tkandir. Shuning uchun kimsalarning yoshlarini yozg‘anda qirq-ellik,
oltmish-yetmish deb o‘n yillik ochiqlik qoldirildi. (Fitrat)

Abulfayzxon – Buxoroda hukmronlik qilgan Ashtarxoniylar sulolasining
so‘nggi vakili. U 1747-yil vaziri Rahimbiy otaliq fitnasi tufayli butun oila a’zolari
bilan yo‘q qilib yuborilgan. Shundan so‘ng Buxoro taxtiga yangi sulola – Mang‘it
amirlari kelgan. Shu vaqtdan e’tiboran Buxoro xonligi «Buxoro amirligi» deb
yuritila boshlagan.

A b d u m o‘ m i n x o n – Abulfayzxonning o‘g‘li, 15 yashar.
Y o‘ l d o sh, E r g a sh – qalandar kiyimli tilchilar, Hakimbiyning odamlari.
Qorovullar, x i z m a t c h i l a r, j a l l o d l a r, ch o l g‘ u ch i l a r.

Содержание ( Открыть / Закрыть )
  1. BIRINChI PARDA
  2. O‘ r t u k – parda.
  3. TO‘RTINChI PARDA
  4. BEShINChI PARDA

BIRINChI PARDA

Kecha. Buxoro arkida. Abulfayzxonning uyi shohona to‘shalib, bezangan. O‘rtada osilg‘an muhtasham «Chil charog‘»ning butun shamlari yonib turadir. Uyning o‘rtasida, kichkina kursichaning ustidag‘i shamdonchada yonib turg‘an shamning oydinlig‘i ostida Ulfatxo‘jasaroy, Mir Vafo ham Qozi Nizom taxta o‘ynab turalar. Tashqarida chalinib turg‘an cholg‘ular birozdan keyin sekinlashar, so‘ngra bitar.
Q o z i N i z o m. Kisht! (Bir dona surar.)
M i r V a f o. E…, otimiz ketdi-ku!
U l f a t. Podshohi olam eson bo‘lsalar, yana ot topilar.
Q o z i N i z o m. Tangri xoqonimizg‘a esonlik bergay.
U l f a t. Omin! (Bir dona surar).
M i r V a f o. Shu kecha tushimda xoqonimizni ko‘rdim, bo‘z bir otg‘a mingan, qo‘llarida qilich, yiroqlarg‘a qarab turg‘anlar edi.
Q o z i N i z o m. Xudo xohlasa, yiroq yerlargacha borib, ko‘b o‘lkalarni olarlar.
U l f a t. Nafas muborak, omin.
M i r V a f o. Kisht! (Bir dona surar.)
Q o z i N i z o m. Mana, emdi ish qiyinlashdi! Hammalari taxtag‘a tikilalar.

Abulfayzxon ichkari uylaridan juda og‘ir bosib chiqar, o‘tirg‘anlarg‘a qarab yurar, hammalari turib qo‘l qovushturalar.
A b u l f a y z x o n. Qani, kim kuchli?
U l f a t. Xoqonimizning ikkala qullari ham yaxshi o‘ynaylar.
X o n. Sen qaysi tomonda?!
U l f a t. Men xoqonimizni olqab tomosha qilib turaman, hech bir yoqqa qo‘shilg‘anim yo‘q.
X o n qaytib, katga chiqar. Yonboshlab, bir qo‘lini boshig‘a tirkab uzanar. Kuchli bir qayg‘u ostida ezilib turg‘ani ko‘rinadir.

M i r V a f o. Kisht! (Bir dona surar. O‘yinchilar singirlanib, taxtag‘a qaraylar.)
X o n. Kim o‘tdi?!
U l f a t. Mir Vafo qulingiz o‘tdilar.
X o n boshini qimirlatar. O‘ y i n c h i l a r taxta boshidan turib, uyning eski yoqasidag‘i ko‘rpalarga o‘tiralar. X i z m a t ch i kirib, taxtani hamda kursicha bilan shamdonni olib chiqar.
Xon (Qozi Nizomga). Farhod otaliqni ko‘rdingizmi?
Q o z i N i z o m. Hazratimning buyruqlari bilan borib ko‘rgan edim.
X o n. Nima qildingiz?
Q o z i N i z o m. Otaliq qulingiz bilan uzun so‘ylashdim, hazratim buyursalar, hammasini arz qilayin.
X o n. Aytingiz.
Q o z i N i z o m. Bordim, ko‘rishdim, so‘yladim: «Siz xoqonimizning eng ishonchli qullari bo‘lasiz. Xoqonimizning muborak mijozlarig‘a yoqmayturg‘an ishlar qilar ekansiz. Eron qo‘shini Qarshidan qaytgandan so‘ngra, sizning yurishturishingiz boshqacha bo‘lg‘an ekan», – dedim.
X o n. «Eron qo‘shinini Qarshidan qaytarg‘an yolg‘iz sen emassan», demadingizmi?!
Q o z i N i z o m. Uni ham aytdim. «Nodirshoh tomonidan yuborilg‘an qo‘shinning Qarshidan qaytishi uchun sizgina emas, Hakimbiy inoq ham ko‘b tirishdilar», – dedim.
X o n. Nima dedi?!
Q o z i N i z o m. Otaliq qulingiz bu so‘zimga kulibgina qaradilar. «Eron qo‘shini ikki-uch bekninggina tirishmagi bilan yurtimizdan chiqmadi», – dedilar.
M i r V a f o. Xoqonimiz juda yaxshi biladilarkim, Nodirshoh qo‘shinining tuprog‘imizdan chekilishiga Hakimbiy inoq qullari ko‘b tirishdilar. Otaliq shuni ko‘rmak istamaylar chog‘i!
Q o z i N i z o m. Otaliq deylarkim, Eron qo‘shinini tuprog‘imizdan biz chiqarmadik, o‘zi chiqdi.
X o n. Nima… O‘zimi chiqdi?!
Q o z i N i z o m. Otaliq qulingiz shunday deylar: «Eronning, – deylar – yangi to‘p, miltiqlar bilan yaroqlang‘an qo‘shini bizning qo‘shinimizni buza olg‘an bo‘lsa ham, o‘zbekning botirlig‘iki bilg‘ani uchun hurkib turar edi. Bizga yordam uchun Xiva qo‘shinining ham Buxorog‘acha kelganini eshitg‘ach, butun qo‘rqdi, ustalik bilan urushni yotqizdi-da, qaytib ketdi. Bu ishda menim-da, Hakimbiy inoqning-da ayricha xizmatimiz Xiva qo‘shini Buxorog‘a kelgancha urushni uzatib turmoq bo‘ldi. Men Eron qo‘shinini qaytardim deb, kattalik qilmag‘anim kabi, xonimizdan yashiring‘ina Nodirshohg‘a elchilar yuborib, xabarlashib-da turmadim».
X o n. Kim Nodirg‘a elchi yuborg‘an ekan?!
Q o z i N i z o m. Otaliq qulingizning so‘zlariga ko‘ra, Hakimbiy inoq shunday qilg‘an bo‘lsalar kerak.
X o n. Ul menga do‘st bo‘lsa, nega bukungacha qizini yubormaydir?!
Q o z i N i z o m. Uni ham so‘radim.
X o n. Nima dedingiz?!
Q o z i N i z o m. «Molimizni, jonimizni xoqoni olamning muborak oyoqlarida qurbon qilmoq ham-mamizg‘a lozimdir. Shuni qilmag‘anda, sultonimizning chin qullari bo‘la olmaymiz. Siz shuncha kundan beri bittagina qizingizni tortiq qilmay turasiz», dedim. Otaliq bu so‘zni eshitg‘ach, yomon qizidilar. «Xong‘a yaxshi ko‘rinmak uchun qiz qurbon qilg‘uchilar ko‘b, shularning qizlarini oldira beringiz», dedilar.
X o n. O‘zi yubormaydir. Yuborg‘anlarg‘a so‘z ham otadir.
U l f a t. Yomonning bir qilig‘i ortiq!
Q o z i N i z o m. «Biz xon hazratlarig‘a o‘zimizni qurbon qildik, emdi nomusumizni ham istamasinlar», dedilar. Men aytdimki…
X o n (so‘zini kesib). Bas!.. Yegan tuzlar ko‘r etsin uni… Kimni tuproqdan ko‘tarib kursiga chiqarsak, tezgina boshimizg‘a chiqmoqchi bo‘ladir.
U l f a t. Xoqoni olam! Ularni yana tuproqqa qaytarmoq sizning qo‘ling‘izdadir.
X o n. Yaxshikim, bularning o‘limi qo‘limizdadir. Yo‘qsa, oz zamonda bizni eshak qilib minmak istaylar!!!
U l f a t. Xoqonimizg‘a ma’lumdirkim, podshohlik qon bilan sug‘orilaturg‘an bir og‘ochdir. Qon oqib turmag‘an yerda bu og‘ochning qurib qolishi aniqdir. Xon (Ulfatg‘a). Tur joyingdan. Tez ket. Besh daqiqadan keyin Farhod otaliq boshini keltirasan. Qanday istasang, shunday ishla! (Ulfat qulluqlab chiqar.) Men tinchg‘ina turayin deb akamni o‘ldirdim. Emdi bir-ikki buzuqbosh chiqib, menim tinchlig‘imni buzmoq istaylar! Qo‘yaman sizni!
Q o z i N i z o m. Xoqoni olam! Otaliq eski bir qulingizdir. Kichkinagina bir erkalik qilg‘ani uchun uni o‘ldirmak nechuk bo‘lar ekan?
X o n (Qozining so‘zini eshitmagandek biroz o‘ylag‘andan so‘ng). Farhod otaliqni eski bir qulimmi, dedingiz?!
Q o z i N i z o m. Hazratim karomat qildilar.
X o n. Farhod otaliq xitoy qipchoqning boshlig‘idir, bilmaysizmi?!
Q o z i N i z o m. Hazratim yaxshi biladirlar.
X o n. El boshlig‘i bo‘lg‘an beklarim meng‘a qul bo‘lmaylar, ular o‘z ellarig‘a tayanib, tutash menga yomonlik qilmoqchi bo‘lalar.
Q o z i N i z o m. Tavba qildim!
X o n. Buxoroda el boshliqlari bo‘lmaganda, men tinchg‘ina xonlik sura olar edim. Menim butun qayg‘ularim shulardandir. Otam sotib olg‘an qullar mana Ulfat bilan Davlat. Ko‘ringiz-chi, men chizg‘an chiziqdan chiqadirlarmi?
Q o z i N i z o m. Albatta, chiqmaylar.
X o n. Emdi kimni otaliq qilishimiz kerak, siz shuni aytingiz, boshqa gaplarni qo‘yabering!
Q o z i N i z o m. Tangri xoqonimizg‘a esonlik bergay. O‘zlari yaxshi biladirlar.
M i r V a f o. Hazratim, albatta, yaxshiroq biladirlar. Mang‘itlardan Hakimbiy inoq, qalmoqlardan Jiyanqulibiy, kenagaslardan Ibrohimbiy qullari bor.
X o n. Jiyanqul bo‘lmaydir. Hakimbiy bilan Ibrohim kenagasdan bittasini qo‘yarmiz. …To‘xta, domullo! Menim yonimda har kun maqtab turg‘aning Hakimbiy inoq Nodirshoh bilan nechun xabarlashadir?
M i r V a f o. Bu so‘z to‘g‘ri bo‘lmasa kerak.
X o n. Boya qozining Farhod otaliqdan keltirgan xabarlarini eshitmadingmi?!
M i r V a f o. Farhod boshliq o‘zining o‘limini bilg‘an bo‘lsa kerak. Qutilmoq uchun shunday so‘ylagandir.

Matnda uchta nuqtadan so‘ng «Mir Vafo» yozilgan. Matbaa xatosi bo‘lsa kerak. Asar mazmunidan kelib chiqilsa, bu xon so‘zining davomi.

X o n. Men boshqa joylardan ham eshitdim, to‘g‘ri so‘yla!
M i r V a f o. Hazratim eson bo‘lsinlar. Inoq qulingiz bunday ishni o‘ylamag‘an bo‘lsalar kerak. Menim hech xa – barim yo‘q. Shuni juda yaxshi bilamankim, inoq qulingiz xoqonimizning muborak xizmatlarini har narsadan ortiq ko‘radirlar.
X o n (tashqariga qarab). To‘qsobani chaqir, kelsin.
D a v l a t t o‘ q s o b a kelar.
X o n. Yotishda kimlar bor?!
D a v l a t. Ibrohimbiy bilan Rahim qo‘rchi bor.
X o n. Ikkovini ham olib kel. So‘ngra bizga bazm qilib ber!
D a v l a t t o‘ q s o b a chiqar.
Mana shul D a v l a t bilan U l f a t kabi o‘nta odamim bo‘lsa edi, Buxoroni tinchg‘ina saqlar edim. Ishning yo‘llarini bilalar, teran tushunalar. Yomonlik, yog‘iylikni esa sira o‘ylamaylar.
Q o z i N i z o m. Hazratim, marhamat qilsalar, hamma qullari ham shunday ishlaylar.
D a v l a t t o‘ q s o b a chog‘ir bilan piyolalarni kirg‘izadir. Ketidan uch tanburchi, bir rubobchi, ikki naychi, bir dafchi, birda o‘yinchi qiz kirarlar. Hammalari o‘tirg‘ach, bazm boshlanadir.
D a v l a t uch piyoladan chog‘ir tarqatadi. Bazm bitkach, o‘yinchi, cholg‘uchilar qulluqlab chiqarlar. U l f a t piyolalarni chiqarar.
X o n (juda teran bir tushunchadan ayrilib). Rahim qo‘rchi, otangiz qalay?
R a h i m q o‘ r ch i. Hazratimni duo qilib turadirlar.
X o n. Yaqinda Erondan sizga qo‘noqlar kelganmi?!
R a h i m q o‘ r ch i. Hazratim karomat qildilar.
M i r V a f o telbalanadir.

Yo t i sh – xon saroyining tunashga kelgan mehmonlar uchun ajratilgan qismi.

Q o‘ r ch i – qo‘rxona (qurol-aslaha yoki qimmatbaho narsalar saqlanadigan
ombor) egasi, xon saroyidagi lavozimlardan, xazinador.
D a f – chertib chalinadigan, yog‘och gardishga xom teri tortilgan musiqa asbobi.
X o n. Kim ekan ular?!
R a h i m q o‘ r ch i. Qarshi urushida Eron qo‘shinidan bir-ikki kishi bizning tomong‘a tutilg‘an edilar. Inoq otam ularni ozod qilg‘an edilar. Shular savdo uchun Buxorog‘a kelgan ekanlar. Yaxshilikni unutmag‘anlarini ko‘rsatgali otamni kelib ko‘rdilar.
X o n. Tuzuk… Yaxshilik, albatta, unutilmaydir. (Biroz to‘xtab.) Biz Farhod otaliqqa shuncha yaxshilik qildik, bittasini ham bilmadi. Yana bizg‘a xiyonat qila boshladi. Eng so‘ng o‘z boshini yeydi.
R a h i m q o‘ r ch i bilan I b r o h i m b i y shoshqin tinglaydilar.
Farhod otaliqni o‘rindan tushirdik. O‘z jazosini yaqinda ko‘rar. Uning o‘rnida, Ibrohimbiy, seni otaliq qildik. Rahim qo‘rchi, senga ham to‘qsobalik berdik. Inoq, otang ham yaqinda katta mehribonchilik ko‘rarlar. Ikkalasi turib, qulluq qilarlar.
I b r o h i m b i y. Hazratimg‘a arzim bor.
X o n. Ayt!
I b r o h i m b i y. Otaliq o‘rni juda katta o‘rin, men bajara olmayman.
X o n. Nega bajara olmaysan, uning nimasi bor?!
I b r o h i m b i y. Farhod otaliq kabi o‘tkir bir odamning bajara olmag‘ani bir ishni men qanday bajararman?!
X o n. Nimasi bor, nimani bajara olmaysan?!
I b r o h i m b i y. Xoqonimizni rozi qilmoq juda qiyin bir ish bo‘lib qolg‘an.
X o n. Nima deganing bu?!
I b r o h i m b i y. Shul Ulfat bilan Davlatni rozi qilmasam, siz quvonmaysiz, bu ikkisini rozi qilmoq-da mumkin emasdir.
X o n. Devona bo‘ldingmi?!
I b r o h i m b i y. Devona emas, to‘g‘riman, to‘g‘rilikning devonalikdan yomonroq natijalar berganini bilaman. Yana to‘g‘rilikdan ayrila olmayman, xoqonim! Shul ikki odam bo‘lmaganda, siz Farhod otaliqni yo‘q qilmoq fikriga tushmas edingiz.
Xon (qizg‘in.) So‘zni uzatma, qabul et!

T o‘ q s o b a – aslida, to‘qsabo, O‘rta Osiyo xonlik va amirliklarida oliy harbiy unvon va shu mansabga ega bo‘lgan shaxs.

Q o z i N i z o m bilan R a h i m q o‘ r ch i ko‘zlari bilan uni qabul etdirarga tirisharlar.
I b r o h i m b i y. Buyrug‘ingizni qaytarmoq qo‘limdan kelmaydir, qabul etaman. Biroq bir kun menim ham o‘limimg‘a hukm chiqararsiz, xoqonim!
X o n. Qabul etdingmi?!
I b r o h i m b i y. Qabul etdim.
X o n. Emdi chiqib, saqlovda yotingiz. Erta bilan yorliqlaring‘iz chiqar.
I k k a l a s i ham duo qilib, chiqib ketarlar. Bular chiqqach,
U l f a t x o‘ j a s a r o y qizil o‘rtuk bilan o‘rtulgan bir taboqni ko‘tarib kelar, xonning oldig‘a qo‘yar. O‘zi ikki odim keyinga borib, qo‘l qovushtirib turar.
Och ustini!
U l f a t o‘rtukni olar, taboqda F a r h o d o t a l i q ning qong‘a bo‘yalg‘an oq soqolli boshi ko‘rinar.
X o n (yovvoyi kulish bilan). Xo… xo… xo… eng so‘ng o‘lim… o‘lim janjalimizni bitirdi. Butun janjallarni o‘lim bitiradir.
U l f a t. Xoqoni olam eson bo‘lg‘aylar.
X o n. Buni chiqarib, «Chil duxtaron» qudug‘iga tashlat.
(Ulfat taboqni olib chiqar.) Yeganlari tuzni o‘ylamag‘anlarning jazolari shuldir. (Qozi Nizom bilan Mir Vafog‘a.) Sizga javob emdi.
Q o z i N i z o m. Tangri hazratimg‘a esonlik bergay.
I k k o v i ham duo qilib, turib ketalar.
X o n (yolg‘uz). Shul tiriklikdan-da bezdirdilar meni. (Turib yuradir.) Bir dushmanimning qoni qurimayin, yana bittasi chiqib qoladir. Bu Ibrohim ahmoq ham meni tinch qo‘ymay turg‘andek ko‘rinadir. Qachong‘acha o‘ldiraman bularni! Ortiq hech kimning menga ishonchi qolmadi…
Bularning o‘zi yo‘lg‘a kelib, menga dushmanlik qilmoqni tashlasa, nima bo‘lur! Yo‘q… yo‘q. Bularning o‘zi yo‘lg‘a kelmaydir. O‘ldiraman, o‘ldiraman. Dunyoda bitta dushmanim qolmag‘ancha, qon to‘kaman. Ulfatning so‘zi to‘g‘ri!

O‘ r t u k – parda.

Podshohlik qon bilan sug‘orilaturg‘an bir og‘ochdir. (Ulfatning kirganini ko‘rib, joyiga o‘tirar). Kel, Ulfat, o‘tir. Qanday qilib o‘ldirding?!
U l f a t (o‘turar). Xoqonimizning ishlari bor, deb keltirdim. Bir uyga kirgizdim. Unda yoshirinib turg‘an ikki kishi birdan chiqib yopishdilar. Biroz talashg‘andan so‘ng, yiqitib, boshini kesdilar.
X o n. Hech kim onglamadimi?
U l f a t. Kimsa onglag‘an emas.
X o n. Ibrohim kenagasni otaliq qilmoqchi bo‘lib, o‘ziga so‘yladik. Uning ham tusi boshqacha-ku!
U l f a t. Nima dedi?
X o n. Ko‘b ahmoqliklar qildi. Sening uchun ham ma’nosiz so‘zlar so‘yladi. Hakim inoqning o‘zini otaliq qilsak bo‘lmaydirmi?
U l f a t. Xoqoni olam! Hakim inoqning Nodir bilan xabarlashib turg‘ani aniq. Shu tobda uni (ish) boshiga qo‘yib bo‘lmaydir. Shuning o‘zi bo‘la bersin, to‘g‘rilik bilan ishlasa, turadir. Yo‘qsa, Farhod otaliq izidan bora qoladir-da!
X o n. Ulfat, men bu ishlardan bezdim. Bu odamlarning bittasi ham menga to‘g‘ri qaramaydir. Farhod otaliq yomonlik qildi. Hakim inoqning qilg‘an ishlarini ko‘rib turibsan. Ibrohimni odam deb o‘ylasam, bu ham buzuqqa o‘xshaydir. Qon to‘kmakdan-da bezdim. Akamni o‘ldirdim. Ko‘b do‘stlarimni o‘ldirdim. Meni bir ota kabi asrag‘an Farhod otaliqni(ng) boshini oyoqlar ostida ko‘rdim. (Ko‘zlarini tutub.)
Uf… ko‘zlarim qong‘a to‘ldi. Kechalar uxlay olmayman. Ko‘zlarimni yumg‘ach, butun o‘lg‘anlar, o‘ldirg‘anlarim meni aylantirib olalar, siralanib, yonimdan o‘talar. Meni qo‘rqitalar, menga kulalar!..
U l f a t. Xoqonim, bularni o‘ylamangiz. O‘liklarni esingizdan chiqaringiz. Yotoqqa kirgach, Qur’ondan bir oyat o‘qib yotingiz. Bular hammasi o‘tg‘usidir. Yaqinda dushmanlaringizning hammasini bitirarmiz. Hozir emdi boshqa ishlarimizni ko‘raylik.
X o n. Yana nima ish?
U l f a t. Farhod otaliqning qizini keltiraylikmi?

N o d i r – Nodirshoh nazarda tutiladi. Ulfat Abulfayzxonning eng yaqin odami sifatida Nodirshohga bo‘lgan nafratini ayamay uni mensimayroq Nodir deb murojaat qilyapti.
X o n. Erta bilan kishi yuborursan. Men emdi charchadim, biroz uxlayin. Sen ham ket, ishlaringni ko‘r. Bittasini yubor, choponimni olsin. Tanburchilarg‘a ayt, ikki tanburni kamoncha qilib bir «Husayniy» chalsinlar.
U l f a t. Xo‘b bo‘libtur.
U l f a t chiqar. X o n salla, choponini chiqara boshlar. X i z – m a t ch i kelib, xonning salla, choponini olib, bir chetg‘a qo‘yar, X o n ning kecha kulohini berib, shamlarni o‘chirib chiqar. X o n kulohini kiyib, yotoqda uzanib yotar. Tashqarida ikki kamonchining «Husayniy» cholg‘ini eshitilar. Cholg‘i sekinlanib bitganda, x o n uxlagan bo‘lur. Biroz so‘ngra x o n ning o‘ldirilg‘an akasining xayoli qonli kafan bilan ko‘rinadir.
X o n (tushida). Akam… Nechun keldi… (Bo‘g‘dirilg‘ani, arqon bo‘ynida taqilg‘ani holda chiroyli bir xotinning xayoli kelar.) Yo‘qol… ket… (Xotin xayoli xonni bo‘g‘ardek, unga qarab yurar. Xon talvasa qilar.) Ket… ket!… (Bir yigit xayoli Farhod otaliqning boshini olib kelar. Xong‘a yaqinlashar.)
Yo‘qol… kelma… Yo‘qol… kelma… (Xayol chekilar. Undan so‘ng uchala xayol birgalashib, xong‘a hujum qilarlar. Xon kuchli talvasa bilan qichqirar.) Voy… Urma! (O‘z tovushindan uyg‘onib, irg‘ib turar.)
Tovushni eshitgan D a v l a t t o‘ q s o b a bir shamdonchani ko‘tarib, yugurib kirar.
D a v l a t. Hazratim qo‘rqdilarmi?!
Xon (titrab turgani holda). Biroz qo‘rqdim chog‘i! Shamni qo‘yib ket. Suv tayyorlang, tarat qilaman. (Davlat to‘qsoba shamni qo‘yib ketar. Xon yotoqdan tushib, choponini kiyar ham so‘ylar.) Bular u dunyoda ham menga qarshi birlashg‘ang‘a o‘xshaylar. Meni tinch qo‘ymaylar, chog‘i!
(Shamni olib, boshqa uylarg‘a boraturg‘an eshikdan chiqib ketar).
Parda tushar.
« H u s a y n i y » – o‘zbek mumtoz kuylaridan biri. Ko‘pincha satoda (tanburni kamon singari chalinishi) ijro etiladi.
T a r a t – tahorat so‘zining qisqa shakli.

TO‘RTINChI PARDA

Eski bir gilam bilan ikki-uch eski ko‘rpa to‘shalg‘an o‘rtacha bir uy. Chetdagi bir kat uzra A b u l f a y z x o n ko‘ylakchan yotqon, uxlaydir. Kat yonida bir kursicha uzra qo‘yilg‘an shamdonchaning shami yonib turadir. Birozdan keyin Q u r b o n g u l bir oftoba suv olib kelar, oftobani toshnov yonig‘a qo‘yib, o‘zi sekingina qaytib, xonning yuziga qarar.
Qurbongul (yolg‘uz). Uxlaydir… sho‘rim qursin. Dunyoning qora chiziqlarini o‘qimoq uchunmi keldim men!
Xudoning soyasi deb, podshohlarning uyiga sig‘indim. Bunda ko‘rganlarimni hech ko‘z ko‘rmasin. Menim shuncha yig‘lashlarimga qaramayin, shul xon akasini o‘ldirdi, uning taxtig‘a chiqdi. Karmina begini bola-chaqalari bilan tutib, keltirib qamadi. So‘ngra bitta-bitta hammasini bo‘g‘dirib, quduqqa tashlatdi. Bu kun esa o‘zini Rahimbiy qamab qo‘yibdir. Erta, albatta, o‘ldirar. Buning joyida o‘zi «soyayi xudo» bo‘lur. Bir-ikki yildan keyin yana bittasi chiqar. Uni ham sag‘anag‘a jo‘natib, «soyayi xudo»likni o‘ziga olar. Bizda esa bu qora kunlarning qayg‘usi qoladir. (Biroz o‘ylab.)
To‘g‘risini aytganda, yana o‘zimiz tinch. Xudo soyasi-da bo‘lmaymiz, o‘ldirilmaymiz-da. Och qornim, tinch qulog‘im. (O‘ng qo‘lining barmoqlarini uch yo‘la o‘pib, yelkasiga urar.)
Ko‘zim ko‘rmasin-ey! Uch-to‘rt yil xudo soyasi bo‘l. So‘ngra qamal, so‘ngra o‘l… Menga nima kerak shular? (Uzoqdan kelgan azon tovushin tinglab.) Azonlar o‘qildi. Xonni uyg‘otay, namozin o‘qisin. (Yotoq oldig‘a borib, xonning oyoqlarini uqalar.) Xon bolam, arslonim… turmaysizmi?
Xon (seskanib uyg‘onar). Hah… kimdir (Yotoqda o‘tirib.) Kimdir? Senmi, Qurbongul?!
Qurbongul . Men, men. Qo‘rqitdimmi sizni?
Xon (ko‘zlarini uqalab). Yo‘q, yo‘q… Nechun kelding?
Qurbongul . Azon o‘qildi, suv keltirdim, tarat qilmaysizmi?
X o n. Nima gaplar bor, Qurbongul?
Qurbongul . Tinchlik, arslonim!
Xon (o‘ylaydi). Bular har so‘rag‘animda mana shunday

T o sh n o v – uyning bir burchiga suv ketadigan qilib qo‘yiladi, buni
«avraz» ham deydilar.
tinchlik, tinchlik deb meni dunyodan xabarsiz qoldirdilar. Men qamoqda, taxtim boshqalar qo‘lida, bola-chaqalarim bilmadim qayerda. Yana tinchlik ekan. Bilmam bular tinchsizlik deb nimani deylar. (So‘ylar.) Qanday tinchlik? Ulfatdan xabaring bormi?
Qurbongul . Ulfat qochgan, uni axtarib turarlar. Davlat to‘qsoba bilan Jiyanqulbiy, Xo‘jaqulbiy, Karimbiy, Bahrinbiyni tutib qamadilar, ertagacha o‘ldirar ekanlar.
Xon (ko‘z yoshlarin artib). Meni nima qilar ekanlar, ongladingmi?
Qurbongul . Nega yig‘laysiz, arslonim?! Nima bo‘lsa, xudoning buyrug‘i bilan bo‘lar. Tunov kun podsho bibiyim ulug‘ eshong‘a ko‘p pul yuborib, siz uchun duolar oldilar. Albatta, shular bir ish qilar.
X o n. O‘g‘illarim qayda?!
Qurbongul . Omon-eson, tinch. Podsho bibiyim bilan birga turalar.
X o n. Oh… o‘g‘illarim, sizni kimga topshirarman emdi?! (Yig‘lar.)
Qurbongul . Nega yig‘laysiz, arslonim? Xudo ursinkim, bolalaringizg‘a hech bir narsa bo‘lgan yo‘q, ular tinch o‘tiribdurlar.
Xon (nafrat bilan). Qo‘y meni o‘z holimda. Budan keyin shul «tinch» so‘zini menim yonimda aytma! Dunyoda hech bir ma’nosi bo‘lmagan bu so‘zni sen eng yomon ma’nolarda ishlatib turasan. Men qamaldim – tinch, bolalarim qamoqda – tinch. Ulfatni axtaralar, Davlatni o‘ldiralar, yana tinch! Bu qanday «tinch», bu qanday tinchlik… Oh, bolalarim, siz nega kichiklikda baxtsizlikka uchradingiz! Bunga menmi sabab bo‘ldim? (Qattiq yig‘lar.) Koshki dunyoga kelmagan bo‘lsa edim.
R a h i m b i y kelar. Qurbongul bir chetda qo‘l qovushtirib turar.
R a h i m b i y. Xon hazrat, nega yig‘laysiz?! Xon (seskanib. boshini ko‘tarur. Istamayin o‘rnidan turar.) Hech!
R a h i m b i y. O‘tiringiz, o‘tiringiz. (Xon o‘tirar.) Nega yig‘laysiz?
X o n. Hech, bolalarim esimga keldilar.

R a h i m b i y. Boshg‘a ish tushkach, eng ahmoq chora yig‘lamoqdir. Yig‘lamangiz!
X o n. Men sizga nima yomonlik qildim?!
R a h i m b i y. Hech!
X o n. Otangiz menga otaliq edi. Bobongiz, meni taxtga o‘tqizib, otaliq bo‘ldi. O‘zingiz Erondan kelgach, bot otaliq qildim. Butun hukumat ishlarini sizga topshirdum, yana Nodirshohning o‘yinlarig‘a berilib, meni qamatdingiz! Nodirshoh oldida men bilan sizning nima oyirmamiz bor?! Bu kun meni tushirgan ekan, erta sizni ham tushirmasmi?!
R a h i m b i y. Xon hazrat! Dunyoda har kim o‘z kuchiga qarabg‘ina o‘rin tutadir. Bu tirikchilikning eng o‘tkir buyrug‘idirkim, bunga bo‘ysunmag‘anlarning dunyodan chiqib ketishlari lozim bo‘ladi. Siz Buxoroni idora qilarlik kuch ko‘rsata olmadingiz. Davlatimizning buyuk, buyuk teraklarini o‘z qo‘lingiz bilan yiqita berdingiz, butun ishni menga emas, bir ahmoq mug‘ambil bo‘lg‘an Ulfatg‘a topshirdingiz. Taxtdan tushkaningizning sababi shuldir. Nodirshohning esa bu ishdan xabari yo‘qdir. Nodirshoh sizni tushirg‘an emas.
X o n. Nodirshohning bu ishlardan xabari yo‘q, deganingiz yolg‘on emasmi?
R a h i m b i y (jilmayib). Yolg‘on emas.
X o n. Nega Erondan qo‘shin olib keldingiz?
R a h i m b i y. Kattaqo‘rg‘ondan chiqqan Ibodullabek fitnasini bosdirmoq uchun.
X o n. Emdi meni nima qilasiz, o‘ldirasizmi?
R a h i m b i y. Yo‘…q, tangri saqlasin bu ishdan.
X o n (yalinib, qo‘llarini uzatar). Otaliq, meni o‘ldirmangiz. Xonlikni sizga bag‘ishladim. Ayting, meni o‘ldirmaysizmi? Ayting!
R a h i m b i y. Sizni o‘ldirmayman, xonlik ham menga kerak emas. O‘g‘lingiz Abdumo‘min xonni sizning o‘rningizda erta xon ko‘taraman.
X o n. Meni nima qilasiz?
R a h i m b i y. Siz shu hafta orasida Eronga, Nodirshoh oldig‘a borarsiz.
X o n. Uh… Xudoga shukur! Meni o‘ldirmangiz. Men hajga boraman, hajga.

M u g‘ a m b i l – «mug‘ambir» so‘zining buzilgan shakli.

R a h i m b i y (jilmayib). Undan so‘ngra qayoqqa borsangiz,
bora berarsiz. Hozirda men sizdan bir narsani so‘ramoq
uchun keldim.
X o n. So‘rangiz.R a h i m b i y. Pullaringiz qayda?
X o n. Xazina o‘z qo‘lingizda-ku!
R a h i m b i y. Sizning o‘z xazinangiz?
X o n. Menim o‘z pullarimning hisobi Ulfatdadir. Shundan so‘rangiz.
R a h i m b i y. Ulfatning qayda ekanini bilmaysizmi?
X o n. Bilmayman.

R a h i m b i y. Hay, siz o‘tiringiz. Yaqinda Erong‘a borarsiz.
X o n. Bolalarimni sog‘indim. Shularni menga yuborsangiz, ko‘rib qo‘yay.
R a h i m b i y. Xo‘b, Qurbongul bilan yuborurman. (Qurbongulga.) Kel, sen bilan yuboray. (Qurbongul bilan chiqib ketar.)
Xon (joyidan turub). Tong ota yozdi. Tarat qilay emdi. (Toshnovg‘a kelib, oftobani olib, tarat qila boshlar.) Tangridan boshqa kimsam qolmadi. Ko‘rasizmi, hamma iskanjalar pul uchun ekan.
X o n taratni bitirayozganda, A b d u m o‘ m i n to‘ra bilan ukasi kirib salom berarlar.
X o n (taratni bitirib turar). Ha, o‘g‘illarim, keldingizmi? (Yuzini artib, ularni bitta-bitta quchoqlab o‘par.) Qalaysan, o‘g‘lim?! (Ko‘z yoshlarini artar.)
A b d u m o‘ m i n . Shukur.
X o n. Sen qalay? (kichkina o‘g‘li bo‘ynini bukmak bilan javob bergan bo‘lar.) Onang qayda?!
A b d u m o‘ m i n . Uyda.
X o n. Hammangiz bir uydami?
A b d u m o‘ m i n . Ha, bir uyda.
X o n kichkina o‘g‘lini quchoqlab, manglayidan o‘par, katta o‘g‘lini quchoqlab, boshini uning umuzig‘a qo‘yib yig‘lar.
Bolalar (birdan yig‘lab, xong‘a yopishib). Otajonim, nega yig‘laysiz? Bizni nima qilarlar emdi?

U m u z – aslida, o‘miz, yelkaning qo‘l bilan tutashgan qismi.

X o n. Hech, o‘g‘lim, hech. Ketingiz emdi, onangizning yonida turingiz. (Yana quchoqlab o‘par. Ikkalasini eshikkacha keltirub, yana o‘pib, uzatar. Shul chog‘da ikki g‘ijjakning
«Bebokcha» kuylagani eshitilar. Xon cholg‘u tovushini qayg‘u ostida tinglag‘andan so‘ng, so‘ylar.) Insonlar – dunyoning uyalmoq bilmagan hayvonlari! Biringizning ko‘z yoshlari biringizning shodlik bog‘chalarini sug‘oradi. Biringizni(ng) motam ingrashlari yana biringizning to‘y cholg‘ularini kuylatadi
Bir-biringizning borliqlarini yeb, hirslaringizni to‘ydirmoqdan qachong‘acha bezmaysiz! (Kun oqarg‘anin ko‘rib.) Namozimni o‘qib olayin. (Joynamozni yoyar. Namozning birinchi rakatini o‘qig‘ach, uyning bir puchmog‘idan devorning teshilgani seziladir. Kesak, tuproqlar to‘kila berar. Xon namozning ikkinchi rakatini tez bitirar. Telbalanib turar. Buyuk bir qo‘rquv bilan ishning so‘ngini kutib turar. Devor kattaroq ochilg‘ach, uzun soqolli bir qishloqli bir qozma ko‘tarib chiqar). Bu kim?.. Sen
kimsen?! (Haligi odam, gapirmayin qozmasini yerga qo‘yib, telpagini olib, yasama soqolini yechgach, Ulfat ekani onglashilar). Ulfat!..
U l f a t. Men, Ulfat qulingizman, xoqonim!
X o n. Oh… Ulfat, nega bunday kelding?
U l f a t. Qo‘rqmangiz, sizga xizmat uchun. (Xonni qo‘ltig‘idan olib, katga o‘tqazar. Uyning eshigini sekingina yopar. Qaytib kelib, xon yonida o‘tirar.) Bilasizmi, Rahimbiy meni tutib o‘ldirmak uchun tirishadi. Men qochib yuribman.
X o n. Qayda eding?
U l f a t. Men Eron qo‘shinida edim.
X o n. Ishimiz nima bo‘lar! Meni Erong‘a yubora ekanlar, to‘g‘rimi?
U l f a t. Nodirshohga Rahimbiy ham, Hakimbiy ham sizni o‘ldirmaslik uchun so‘z bergan ekanlar. Nodirshohni buyrug‘i bilan Rahimbiyga qo‘shilib kelgan Eron qo‘shini sizni omon-eson olib qaytarg‘a shohdan buyruq olg‘on ekanlar.
X o n. Qachon borarmiz emdi!

« B e b o k c h a » – lug‘aviy ma’nosi: sho‘x, shaddod. Bu yerda: maqomda ufor usulida aytiladigan mashhur xalq qo‘shiqlaridan biri. Navoiyning «Chashmi ohularmidir», Zebunisoning «Nashud» g‘azallari shu usulda qo‘shiq qilib aytilgan. Shu qo‘shiqlarning kuyi nazarda tutiladi.

U l f a t. To‘xtang, hali ish buzilib qolg‘an.
X o n. Nima bo‘lg‘an?
U l f a t. Nodirshohning o‘lim xabari kelgan.
X o n. Nima… Nima… Nodirshoh o‘lganmi?
U l f a t. O‘ldirilgan.
X o n. Kim o‘ldirg‘an uni?! E, voy… Menim baxtim qaro ekan!
U l f a t. Eron eli yog‘iqib, uni o‘ldirganlar. Bu xabar Buxorog‘a kelgandan so‘ng, Rahimbiy sizni yubormoq fikridan qaytqon
X o n. Emdi men nima qilaman?
U l f a t. Eron qo‘shini sizni omon-eson qo‘lig‘a olmasa, Buxorodan ko‘chmaydir. Buni shu kun Rahimbiyga bildirdilar.
X o n. Nima degan u?
U l f a t. Hanuz bir narsa demagan, biroq Eronning qo‘shin boshliqlari Rahimbiy sizni o‘ldirib qo‘ymasin, deb qo‘rqalar. Sizni, ishqilib, qochirmoq uchun meni yubordilar. Shu tobda men bilan qochasiz. (Eshikka borib, tinglag‘andan so‘ng.) Kelingiz, shahardan chiqib, Eron qo‘shinig‘a
qo‘shilamiz.
X o n. Qanday qilib qochaman?
U l f a t. Qochmoqning qanday-mandayi yo‘q, mana shu yo‘lga kirib olsangiz, qochib qutularmiz. Menga ishoningiz, hech qo‘rqmangiz.
X o n. Bolalarni, nima qilayin?
U l f a t. Vaqtimiz oz qolg‘an. Yuringiz, tez qochaylik. Bir balo chiqmasin.
X o n. Bolalarim nima bo‘lalar?
U l f a t (eshikni tinglab qaytg‘andan so‘ng). Buxoro taxtig‘a Chingiz bolalaridan boshqa kishi chiqarilmaydir. Shuning uchun Rahimbiy katta o‘g‘lingizni xon ko‘taradir. Sizning ularga ishingiz bo‘lmasin. (Qo‘lini tutib.) Turingiz, bot qochaylik emdi. Xon (o‘rnidan turar). Men qochg‘ach, bolalarimni o‘ldirmaylarmi?
U l f a t. O‘ldira olmaylar. O‘g‘lingizni xon ko‘tarishdan boshqa choralari yo‘qdir. Yuringiz, tez qochaylik. (Xonni eshikka olib borar.) Kiringiz, tez kiringiz!
X o n (birdan keyinga otilib). Yo‘q, qochmayman. Qochsam, bolalarimni o‘ldirarlar.

U l f a t. Uf!.. (Yugurib eshikka borib tinglag‘andan so‘ng.) Nega bunday qilasiz? Shu tobda bittasi kelib, shu holni ko‘rsa, ikkimizni ham o‘ldiralar.
X o n. Men Eronda nima qilarman?
U l f a t. Undan kuch yig‘ib qaytarmiz-da, yana Rahimbiy bilan urusharmiz. Eron sizga yot emas, bobolaringizdan nechalari Buxorodan Eronga ko‘chganlar. Kelingiz, tez qochaylik. Kiringiz tez!
Xon (kirmakchi bo‘lub yana qaytar). Oh… bolalarim! Sizni kimga tashlab ketaman?
U l f a t. Nega bunday qilasiz. Kelib ikkovimizni ham o‘ldirarlar!
X o n (juda qisilg‘an.) To‘xta biroz, Ulfat! Bolalarimni chaqirib, bir ko‘ray!
U l f a t (o‘z yuzlarig‘a urib). Ey-voy, bitdik, shu tobda kelib, bizni o‘ldirarlar, baribir bolalaringizni ko‘ra olmaysiz!
X o n. Nega ko‘ra olmayman?
U l f a t. Ko‘ra olmaysiz, chunki… (Bir tovush sezgan kabi bo‘lub, yugurib eshikka borib, tinglar, telba bo‘lib qaytar.) Xon! Odamlar kelalar. (Soqolini taqar.) Keling, qochamiz. (Qozmasini olar.) Keling, tez keling. (Oyoq tovushlari kelar.) Men qochdim, keling. (Teshikka kirgandan so‘ng, boshini chiqarib, xonni chaqirar.) Keling, xon.
X o n ham yugurib, teshikka kirmakchi bo‘lg‘ach, uch jallod katta pichoqlar olib kelalar. U l f a t qochar. J a l l o d l a r qotib qolg‘an xonni kelib tutarlar.
J a l l o d b o sh i. Bu nima? Kim keldi bu yo‘ldan? (Xon indamaydir.) Kim keldi bu yo‘ldan? (Pichoqni ko‘tarar.)
X o n. Ulfat kelgan edi. Meni qochirmoqchi bo‘ldi, ketmadim.
J a l l o d l a r shoshib bir-birlarig‘a qaraylar.
J a l l o d b o sh i (bir jallodga). Chop, bekga xabar ber, qorovul bersinlar, shu uyning orqasig‘a borub, axtararsiz. (Jallod yugurib chiqar.) Biz ikkimiz bu kishining ishini ko‘raylik. Ikkala j a l l o d pichoqlarini ko‘tarib, x o n ga hujum qilarlar.

Xon (jallodlar bilan talashib, qichqiradir.) Nega meni o‘ldirasiz? Voy-dod!
J a l l o d b o sh i. O‘g‘lingiz buyurdilar.
X o n (taloshda). O‘g‘lim… Yo‘q… U buyurmas… (Pichoq ko‘kragiga tegar.) Voh, o‘ldim. (Yana bir pichoq urar. Xon yiqilar.) Oh, nega qochmadim… Bolalarim… O‘ldim… Ulfat… (deb jon chekishar.)
J a l l o d l a r pichoqlarini qinlariga solib, xonning so‘ng so‘lishini kutib turarlar. Shu tobda U l f a t qishloqli aftida, katta bir pichoq qo‘lida, teshikdan chiqar, sekingina j a l l o d b o sh i ga yaqinlashib,
pichoqni suqib yuborar. J a l l o d b o sh i «vah» deb yiqilg‘ach, U l – f a t ikkinchi j a l l o d g‘a hujum qilar. Ul qichqirib qochar. U l f a t x o n ning o‘ligi ustiga kelar.
U l f a t. Yuraksiz xon, qochmadi, o‘ldi. Muhrini olay. Yo‘lda kerak bo‘lur. X o n ning kissasidan muhrini tez olib, yugurib teshikka borib yo‘qolar. Oyoq tovushlari kelar. Qolg‘an j a l l o d bilan besh kishi
qilichlar chekib kirarlar.
Jallod (teshikni ko‘rsatib). Mana shundan keldi.
Uch kishi yugurib kirarlar. Qolg‘anlar: «Biz tashqaridan boraylik», – deb chopib chiqarlar.
Parda tushar.

BEShINChI PARDA

Sahnaning to‘rida qorong‘i bir zindon (Chil duxtaron zindoni).
U l f a t x o‘ j a s a r o y, D a v l a t t o‘ q s o b a bilan yana ikki-uch bekning o‘liklari osilg‘an, o‘tqizib bo‘g‘dirilg‘an, qong‘a bo‘yalib yotg‘an bir holda turadir. Chetda qoramoy chirog‘i tutunlar sochib
yonmoqda. Birozdan keyin R a h i m b i y yolg‘iz kelar. Og‘ir bir yurish bilan yurib, o‘liklarning har bittasiga es qo‘yib qarab, zindonni bir aylanib chiqar, R a h i m b i y ketgach, manzara o‘zgarib, sahnaning beri yonida Buxoro arkining Salomlik ayvoni ko‘rinadir.
Ayvon ostidag‘i taxtning har tomonida qiymatli qolinlar, ko‘rpalar to‘shalgan, shamlar, chilchirog‘lar yonib turadir. R a h i m b i y rasmiy kiyimi bilan kamarlik, qilichlik holda bir tomondan ko‘rinib, sekinlab taxtg‘a yaqinlashar. Bir oyog‘ini taxtning bosqichig‘a qo‘yib, tizzasiga tayanib so‘ylar.
R a h i m b i y. Yo‘limizning ozi qoldi. Manzilga erisha yozdik. Abulfayzxon ketdi. Uni yoqlag‘onlarning-da ruhlariga fotiha o‘qib keldim. Emdi kim qoldi? Chumchuq kabi kichkina bir xon! Shunday (qo‘li bilan ko‘rsatib) olasan, kallasini uzib tashlaysan!.. Ruhing shod bo‘lg‘ay, otam. Sen bitirmagan ishni men bitirdim. Yo‘q, bularning hammasi sen ekkan urug‘larning mevasidir. Sen menga yo‘l ko‘rsatmasa eding, sen Nodirshoh bilan do‘stlashib, meni unga yubormasa eding, bu ishlar bo‘lmas edi. Bo‘lg‘anda ham, juda qiyinchilik bilan bo‘lar edi.
M i r V a f o kelar.
M i r V a f o. Yo‘ldosh qalandar kelibdi. So‘zi bor ekan.
Boshqa bir yo‘l bilan olib keldim.
R a h i m b i y. Keltiringiz.
M i r V a f o panada turgan Y o‘ l d o sh ni chaqirar. Y o‘ l d o sh shul burung‘i qalandar afti bilan kelib, duo qilar.
Y o‘ l d o sh. Omin, tezroq bu oyog‘ingizni ikkinchi bosqichga qo‘yib, taxtg‘a chiqqaysiz. Ollohu akbar.
R a h i m b i y (kulib.) Ha, tentak, nima gap?
Y o‘ l d o sh. Yaxshilik, bek! Sizning xon bo‘lishingiz to‘g‘risida odamlar bir-birlarig‘a so‘ylashib turadirlar.
R a h i m b i y. Nima deylar?
Y o‘ l d o sh. Odamlar rozi, xonlik otaliq bekning haqqi deylar. Biroq beklar, el boshliqlari bu ishga ko‘nmaylar.
Chingiz avlodi bo‘lmag‘an kishi xon bo‘la olmas, deylar. Mana shu so‘zlar boshqa odamlarni biroz tushuntiradi. Shunga bir chora qilishingiz kerak.
R a h i m b i y. Qanday chora?!
M i r V a f o. Buning chorasi qulay. Mullolardan bir fatvo olasiz. Shuning bilan bitadi.
R a h i m b i y. Uni qilamiz.
Y o‘ l d o sh. Yana qiziq bir gap bor. Erondan keltirgan qo‘noqlaringiz boshimizg‘a bir balo chiqarmasalar, yaxshi edi.
R a h i m b i y. Nima qildilar? (Yurar.)
Y o‘ l d o sh. Buxoroni mang‘itlardan tozalash kerak, deb so‘z tarqatar ekanlar. Bir necha beklarimizga kishilar yuborib, «Siz ishga kirishingiz, biz yordam qilamiz» deganlar, Abdu-mo‘minxonni arkdan qochirib, so‘ngra siz bilan urushmoqchi ekanlar, degan xabarlar bor.
R a h i m b i y. Ahmoqlar. Buxoroda nima ishlari bor ekan?!
Nodirshoh o‘ldirilgan, yurtlari buzulib turadir. Borib o‘z ishlarini tuzatsinlar.
M i r V a f o. Bek, Abdumo‘minxonning ishini bir yoqlik qilmasangiz, yana bir janjal chiqar.
R a h i m b i y (Mir Vafog‘a). Siz buni chiqarib yuboring, Oxun bilan Qozi Nizomni menim yonimg‘a chaqiring. O‘zingiz Eron qo‘shinig‘a borib, sardorlarg‘a ayting, o‘zlarini ko‘rmak istayman, kelsinlar.
D o n y o l b i y kelar. M i r V a f o bilan qalandar unga salom berib chiqarlar.
Donyolbiy (Rahimbiyga). Bu qalandar kim?
R a h i m b i y. Tanimaysizmi?
D o n y o l b i y. Tanishg‘a o‘xshaydir.
R a h i m b i y. Bir kecha otam bilan o‘turg‘animda kelgan edi-ku.
D o n y o l b i y. Ha… Bu bor ekan. O… Shuning so‘zlarini eslaysizmi? Karomati bor ekan. Boya aytsangiz edi, duosini olar edim.
R a h i m b i y. Hay, yana kelar.
D o n y o l b i y. Ibrohim kenagasni keltirdilar.
R a h i m b i y. Qani?
D o n y o l b i y. Saqlovda turibdur.
R a h i m b i y. O‘, bola! (Xizmatchi kelar.) Saqlovga chiqib ayt, Ibrohim otaliqni keltirsinlar.
X i z m a t ch i ketar.
D o n y o l b i y. Qo‘llarini bog‘lab, keltirganlar. Bechora, qarib qolg‘an.
R a h i m b i y. Ko‘zi ko‘rmaydimi?
D o n y o l b i y. Yo‘q, ko‘rmaydi. Bechoraning duosini olsangiz, yaxshi bo‘lur.
R a h i m b i y. Albatta, unga hurmat qilamiz. (Bir kishi Ibrohimbiyni keltirar. Qo‘llari bog‘lang‘an, ko‘zi ko‘rmaydir.) Otaliqning qo‘llarini och! (Halig‘i kishi Ibrohimbiyning qo‘llarini ochar.) Otaliq amak, o‘tiringiz, qalaysiz?
Ibrohimbiy (o‘tirar). Ko‘zim ko‘rmaydir. Siz kim bo‘lasiz?
R a h i m b i y. Tanimadingizmi? Men, Rahimbiy.
I b r o h i m b i y. Ha, tanidim, tanidim. Xudog‘a shukur, yaxshiman.
D o n y o l b i y. Hali meni ham tanimasangiz-chi, otaliq!
I b r o h i m b i y (biroz o‘ylab). Siz Donyolbiy emasmi?
D o n y o l b i y. Topdingiz.
I b r o h i m b i y. Qalaysiz, uka? Ko‘rishaylik-ey… (Qo‘llarini uzatar, ko‘risharlar.) Eskilardan yolg‘iz siz qolibsiz. Rahmatli akalaringiz o‘lganlar ekanlar.
D o n y o l b i y. Ha, tangri yorlaqasin, o‘ldilar.
I b r o h i m b i y. Hay, dunyo shunday ekan, bitta kelib, bitta ketar ekan-da.
R a h i m b i y. Otaliq amak, meni qutlamaysiz?
I b r o h i m b i y. Sizni nega qutlay ekan, jiyanim?
R a h i m b i y. Dushmaningizni o‘ldirdim. (O‘tirar.)
I b r o h i m b i y. Siz o‘ldirmaganda, o‘zi o‘lmasmi edi?
R a h i m b i y. Shunday ekan, siz nega unga yog‘iqib shuncha urushdingiz?!
I b r o h i m b i y. U elg‘a yomonlik qildi, yurtni taladi, hukumat ishlariga qaramadi. Kecha-kunduz chog‘ir ichib yotdi. Men uning shul ishlarig‘a qarshi bo‘lib urushdim.
R a h i m b i y. Men nima qildim?!
I b r o h i m b i y. Siz bu ishlarni o‘zingiz uchun qilasiz-ku chog‘i!
R a h i m b i y. Qaydan bildingiz?!
I b r o h i m b i y. Rahmatli otangizning Nodirshoh etagiga yopishqonini bilar edim. Siz ham Nodirshohga bordingiz. Uning qo‘shinini keltirdingiz. Abulfayzxonni o‘ldirg‘andan so‘ngra, butun ishni o‘z qo‘lingizga olib turibsiz.
R a h i m b i y. Abdumo‘min to‘rani xon ko‘targanimizdan xabaringiz yo‘qmi, amak?
I b r o h i m b i y. Abdumo‘min to‘ra o‘n besh yashar bir bola. Uni xon ko‘tardingiz nima, ko‘tarmadingiz nima!
R a h i m b i y. Siz bo‘lg‘anda, nima qilar edingiz?!
I b r o h i m b i y. Men bo‘lg‘anda, Abulfayzxonni tushirg‘ach, qurultoy chaqirar edim. Yangi xon bilan uning otalig‘ini el boshliqlarining kengashlari bilan belgilar edim.
R a h i m b i y. Mana, el boshliqlaridan bittasi – siz. Elingiz kenagas! Buxoroning tubchak, buyuk bir eli. Kelingiz, bunday ma’nosiz so‘zlarni qo‘yingiz, birgalashib, kengashib ishlaylik, Abdumo‘minxonning hukumatini biriktiraylik.
I b r o h i m b i y. Men juda yaxshi bilaman: siz shu kun erta Abdumo‘minni ham otasining orqasiga yuborib, taxtini olarsiz. Jiyanim, men Abulfayzxon bilan urushdim, chunki ul haqsizlik qilg‘an edi. Siz bu kun undan ortiq haqsizlik qila turibsiz. Ko‘zim bo‘lsa edi, ertadan boshlab, siz bilan
ham urushar edim. Nima qilaykim, ko‘zim yo‘q. Hay, sizku Buxoro taxtini olarsiz. Abdumo‘minni o‘ldirarsiz. Balkim, meni ham o‘ldirarsiz. Biroq shuni bilib qo‘yingizkim, bu taxt sizning bolalaringizg‘a yuqmag‘usidir.
O x u n d bilan Q o z i N i z o m salom berib kelarlar.
R a h i m b i y. Marhamat qilsinlar. (Ibrohimbiyni ko‘rsatib.) Otaliqni tanimadingizmi?
Oxund (Ibrohimbiyga qarag‘andan so‘ng). Kenagas otaliqmi? Ko‘rishaylik-ey. I k k a l a s i borib ko‘rishgach, o‘tirarlar.
Q o z i N i z o m (Ibrohimbiyga). Otaliq, xudoga shukur qilingiz. Bekning g‘ayratlari bilan dushmanlaringiz yo‘qoldilar. Emdi qolg‘an umringizni shu kishining ko‘lagasida tinchg‘ina
o‘tkararsiz.
I b r o h i m b i y javob bermaydir.
R a h i m b i y. Bir-ikki shar’iy masala bor. Shuni so‘ramoq uchun sizlarni chaqirdim.
O x u n d. Marhamat qiling, taqsir!
R a h i m b i y. Shul to‘rt-besh kunlik janjalimizda Abulfayzxon bilan yana bir necha kishi o‘ldilar.
O x u n d. Ha, taqsir.
R a h i m b i y. Bularning o‘limiga men sabab bo‘ldim.
Shuning shariatda hukmi nima bo‘lsa?
O x u n d. Taqsir, ho taqsir, masalan, «bolvoyi om»da1 o‘lganlarning qotili hech kim bo‘lmaydir. Ular bolvoyi omga sabab bo‘ldilar, shariatning hukmi shudir, taqsir.
B o l v o y i o m – «bolvo», ya’ni balolar; «om» – ommaviy so‘zining qisqa shakli. Ibora to‘lig‘icha «balo-qazolarning birdan yopirilib kelishi» ma’nosini beradi.
Q o z i N i z o m. Abulfayzxon hukumat ishlarini bajara olmadi. Shuning uchun hukumatni boshqa kishig‘a topshirmog‘i kerak bo‘ldi. Buni qilmag‘ach, jazosini ko‘rdi.
R a h i m b i y. Bizning oramizda bir so‘z bor: Chingizxon avlodidan bo‘lmag‘an kishi xon bo‘la olmaydir, deylar. Bu to‘g‘rida shariatning hukmi nima bo‘lsa?
O x u n d. Shariatda bunday bir narsa yo‘qdir. Kimning qo‘lidan ish kelsa, shul xon bo‘la beradir.
R a h i m b i y. Shul eski masala to‘g‘risida rivoyat (fatvo) berasizmi, taqsir?
Q o z i N i z o m. Albatta, beramiz.
R a h i m b i y. Erta shuni yozib keltiringiz!
O x u n d. Xo‘b bo‘lubdir.
I b r o h i m b i y. Rahmatli Rajabxon bilan birlashib, Abulfayzxonga qarshi urushg‘animizda shunday kengashgan edikkim, Buxorog‘a borib kirsak, butun mullolarni bir madrasag‘a
solib, o‘t qo‘yamiz-da hammasini yondiramiz. Elimizni buzib, rasvo qilg‘an shular. Bular diningizni tuzatamiz deb, dunyomizni murdor qildilar.
Q o z i N i z o m. Nima qildik biz?!
I b r o h i m b i y. Siz Qozi Nizom emasmi?
Q o z i N i z o m. Ha, men Qozi Nizom.
I b r o h i m b i y. Tunov kun Abulfayzxonni «soyayi xudo» deb oyoqlarini o‘pmag‘an edingizmi? Abulfayzxon xotinlar bilan ichishib yotg‘an bir kechaning ertasida, uning oldig‘a kelib: «Bu kecha tushimda payg‘ambarni ko‘rdim, sizni so‘rab yubordilar», – deb, chopon kiyganingizni unutdingizmi? Tunov kun sizga chopon bergan soyayi xudoning o‘limiga bu kun fatvo berasiz, hech uyalmaysizmi? Tushingizda Abulfayzxonni so‘rag‘an payg‘ambar, yana bir yo‘la tushingizga kirib, uni so‘rasalar, nima deysiz? Bular oz emish kabi, Chingizxonning yosog‘ini ham yo‘q qilmoqchi bo‘lasizmi?
D o n y o l b i y. Otaliq aka, shariatning hukmi shu ekan-da.
I b r o h i m b i y. Men shariat-mariatni bilmayman. Ishingizni to‘g‘rilamoqchi bo‘lsangiz, qurultoy chaqirasiz. Bularning so‘zi yarim chaqag‘a arzimaydir.
Mir Vafo kelar.
M i r V a f o. Eron sardorlari keldilar.
M u r d o r – nopok, harom; o‘limtik.
R a h i m b i y (Donyolbiyga). Otaliqni siz qo‘noq qilingiz.
Bu kishiga yaxshi qarashib, hurmat ko‘rsatingiz. (Mir Vafoga.) Siz sardorlarni keltiringiz. (Donyolbiy, Ibrohimbiy, Mir Vafo chiqarlar. Rahimbiy mullolarg‘a so‘ylar.) Men Eron sardorlarini chaqirdim. Eron qo‘shini Buxoroda qola bersa, yaxshi bo‘lmaydi. Buxorodan chiqib ketishlarini taklif qilaman.
O x u n d. Ko‘b yaxshi qilasiz, bek. Kelgan qo‘noqning ketishi yo‘qmi? Buxoroda nima ishlari bor?
R a h i m b i y. Bu kecha menim so‘zimni tinglamay, yana Buxoroda qolmoqchi bo‘lsalar, bu to‘g‘rida erta sizlar bilan boshqacha kengasharmiz. Albatta, erta shul rivoyatlarni olib kelarsiz.
O x u n d, Q o z i N i z o m. Xo‘b bo‘libdir (Turarlar.)
R a h i m b i y. Ketasizmi emdi?
O x u n d. Ketaylik, bek.
R a h i m b i y. Xo‘b.
O x u n d bilan Q o z i N i z o m chiqadi. M i r V a f o bilan
Eron sardorlari H u s a y n x o n, A h m a d x o n kelarlar. Salomdan so‘ng o‘tirmasdan so‘ylasharlar.
H u s a y n x o n. Chaqirg‘an ekansiz, keldik, bek!
R a h i m b i y. Xush keldingiz. Sizni chorlatganimning sababi shul: aziz qo‘noqlarimiz bo‘lg‘an Eron qo‘shini biz uchun ko‘b musofirchilik chekdilar. Shukur, mana o‘lkamiz tinchlanib qoldi. Eshitishimizga ko‘ra, podshohimiz Nodirshoh shahid bo‘lg‘anlar. Endi bu aziz qo‘noqlarg‘a xizmatlarig‘a yarasha jaldular berib, yurtlarig‘a qaytarsak, bizdan rozi bo‘lurlarmi?
H u s a y n x o n. Bek, qarorimiz boshqacha edi. Bizga Abulfayzxonni omon-eson Erong‘a erishdirmak xizmati topshirilg‘an. Siz Abulfayzxonni bizga qachon topshirsangiz, biz shul daqiqada chiqib keta berarmiz. Xonni topshirmay ekansiz, Eron qo‘shini ham yota beradir.
R a h i m b i y. Nodirshoh o‘lmaganda, men Abulfayzxonni, albatta, siz bilan yuborar edim. Bu kun Nodirshoh o‘lgan.
Eronda Abulfayzxonning hech kimga kerakligi yo‘q. Shuning uchun xonni sizga topshirmoqning ma’nosi qolmag‘an.
J a l d u – sovg‘a, in’om.
H u s a y n x o n. Nodirshoh o‘lgan bo‘lsa, Eron tirikdir. Eron podshohi «Abulfayzxonning jonini qutqaringiz» deb, o‘z qo‘shinig‘a buyurg‘an. Biz uning shul buyrug‘ini yeriga kelturarmiz.
R a h i m b i y. Mayli. Bizning xon sizga shuncha lozim ekan, chiqarib berar edim, biroq u kishi shu kun ertalab o‘zlarini o‘ldirganlar. O‘liklarini sizga chiqarib bermak unumsizdir.
H u s a y n x o n. Nima, Abulfayzxon o‘ldimi?
R a h i m b i y. Shu kun erta bilan o‘zlarini pichoqlab o‘ldirdilar. (Eron sardorlari hayrat bilan bir-birlariga qaraylar. Rahimbiy so‘zining ta’sirini ko‘rgach, gapira berar.) Aziz qo‘noqlarim! Abulfayzxon o‘ldi. Nodirshoh o‘ldi. Sizning bunday yot o‘lkada boshsiz, tilaksiz turishingiz foydasiz bir ish. Elimiz Nodirshohning o‘lganini eshitsa, sizni tinch qo‘ymasa kerak. Xazinadan sizlarga yigirma ming tangadan pul beraylik, qo‘shiningizg‘a ulashib beringiz-da, yurtingizga qarab keta beringiz.
A h m a d x o n. Bek! Biz bu ishdan bir narsa onglayolmadik. Xonni kim o‘ldirgan? O‘zimi, dushmanlarimi? Bu ochiq bilinmadi. Biz qo‘shinimizg‘a qaytib, kengasharmiz. Qanday bir qarorga kelsak, sizga bildirarmiz.
R a h i m b i y. Xo‘b, qachon bildirarsiz?
A h m a d x o n. Erta bildirsak kerak.
R a h i m b i y. Xo‘b bo‘ladir. Shunday qilingiz.
H u s a y n x o n. Xudo hofiz, bek!
R a h i m b i y. Xudo hofiz.
E r o n s a r d o r l a r i chiqib ketarlar.
(Mir Vafoga) Siz O‘rdag‘a boringiz. Abdumo‘minxonni ko‘ringiz. Eron sardorlari sizdan fotiha olib, yurtlarig‘a qaytar ekanlar, deb bu yoqqa yuboringiz. O‘zingiz keta beringiz.
M i r V a f o. Xo‘b. (Ketar.)
R a h i m b i y (yolg‘iz yurib so‘ylar). Emdi ikkinchi bosqichni bosmoq kerak. Bu qo‘g‘irchoqni yo‘q etmasak, boshimizg‘a bir balo chiqg‘usidek ko‘rinadir. (Kissasidan bir kichkinagina shishacha chiqarib, shunda turg‘an sharbat shishasiga ag‘darar. Yana yura boshlab, birdan kular.) Eron sardorlari buning ham o‘lganini eshitsalar, o‘zlari qochib ketarlar. Biz tutmoqchi bo‘lsak ham turmaslar.
A b d u m o‘ m i n kiyinib, toj qo‘yg‘ani holda kulib kelar.
A b d u m o‘ m i n x o n. Bek bobo, meni chaqirdingizmi?
R a h i m b i y. Ha, o‘g‘lim, sizni chaqirdim. Eron sardorlari yurtlarig‘a qaytar ekanlar. Sizni ko‘rib, fotiha olarlar.
Abdumo‘ m i n x o n. Qani?
R a h i m b i y. Kelarlar. Siz taxtg‘a chiqib o‘tiringiz. (Abdumo‘minxon taxtga chiqib o‘tirar.) Eron sardorlari kelganda:
«Nechun ketasiz, bizning Buxoroda qolsangiz bo‘lmasmi!» – deb qarang. Ular: «Yo‘q, ketamiz», – deylar. So‘ngra bularga yigirma ming tangadan pul berilsin, deb menga buyuringiz.
A b d u m o‘ m i n x o n. Xo‘b.
R a h i m b i y (sharbat shishasiga yondoshib, shundan bir piyola ichkan bo‘lib). Bay, ba…y, yaxshi sharbat ekan-da. Siz tomoq yedingizmi?
A b d u m o‘ m i n x o n. Ha, yedim.
R a h i m b i y. Bir piyola ichasizmi?
A b d u m o‘ m i n x o n. Hay, ichaman. (Rahimbiy piyolani to‘ldirib berar. Abdumo‘minxon birdan ichar.) Biroz achchig‘mi?
R a h i m b i y. Biroz… (Piyolani olib joyig‘a qo‘yar.) Albatta, foydali dorilar soling‘andur. Erta Qozi Nizomga mirasadlik o‘rini bersangiz bo‘lurmi?
A b d u m o‘ m i n x o n. Bo‘lur. (Yuragini tutib.) Yuragimni yondirib yubordi, bu nima edi?
R a h i m b i y. Menga bir narsa bo‘lmadi-ku!
A b d u m o‘ m i n x o n (ikki qo‘li bilan ko‘kragini tutib, buruladir). Voy, yondim. (Yalinar.) Bek bobojon, bu nima edi? Yondim.
R a h i m b i y. Jim turingiz, hech narsa qilmaydir.
A b d u m o‘ m i n x o n (chiday olmay). Voy yondim… biroz suv beringiz! (Abdumo‘minxonning ko‘zlari olayib, yuzi buzila boshlar.) Yondim. Biroz suv beringiz! (Qusmoq istaganda, taxtdan yumalanib, tubanga tushar. Rahimbiyning singirlari buzilar, kuchli bir vijdon azobiga uchragan kabi devorg‘a tayanib, ko‘zlarini Abdumo‘ming‘a tikib, qotib qolar. Qusib, talpinib, qiynalib yotg‘on Abdumo‘minxon birdan boshini ko‘tarar.) Jallod! (Rahimbiy seskanar.) Meni ham o‘ldirdingmi?! (Yana yiqilib, talpina-talpina jon berar.)
M i r a s a d – «mira» xoja, boshliq, katta ma’nolarini beradi, «sad» esa yuz raqamini anglatadi. Bu mansab saroydagi yuzboshilikka yaqin mansablardan biri.

Ko‘k gumburlar, qattiq bir yel esib, shamlarni o‘chirar. Shu tobda taxtning bir chetidan, yigirma yashar eronli aft bir X a y o l chiqar. Sochi orqag‘a qaytarilib, bo‘yni to‘g‘risidan kesilgan, boshi
yalang, egnida kafan, og‘ir yurib, R a h i m b i y ning qarshisig‘a borib turar. R a h i m b i y juda qo‘rqib, qattiq titrar.
R a h i m b i y (bo‘g‘iq). Bu kim!.. Kim bu!..
X a y o l qo‘li bilan imlagach, parda ochilib, o‘liklar turg‘an boyagi zindon ko‘rinar.
X a y o l (og‘ir tovush bilan shul forscha nazmni o‘qur).
Surati adli Xisravon in ast: (zindonni ko‘rsatur)
Zulm dar olami g‘araz din ast.
Ojizonro dihan g‘utta ba xun, (o‘liklarni ko‘rsatar)
To shavad xilvati havas gulgun.
Adl in rang tuxmi ra’fat kosht,
V-ey agar zulm teg‘ mebardosht

R a h i m b i y. Bu kim?..
X a y o l (taxtga qarab). Ey qora kuch, qurib ketgur taxt! Hech gunohi bo‘lmag‘an bolalardan, tog‘ kabi yigitlardan, millionchalari sen uchun qurbon bo‘lub ketarlar. Insonlar tomonidan yaratilg‘an minglarcha tangrining eng buzuqboshi, eng shumi, eng qop-qora saodat – sensan.
Ostingda qolg‘anlarni ezguchi bir falokat yuki bo‘lg‘aning kabi, ustingga chiqqanlarning borliqlarini yondirg‘uchi bir olov tepasidirsan!
R a h i m b i y. Kim bu? (Qo‘rqa-qo‘rqa ikki odim ilgari bosib, bir narsa so‘ramoqchi bo‘lur. Xayol so‘ylag‘ach, yana qo‘rqib keyinga qaytar.)
X a y o l. Sen fazilatlik bilimlarning qo‘l, qanotlarini uzib tashlading. Inju tizg‘uchi adiblarning qalamlarini o‘choq supurgisiga aylantirding. Ota pichog‘i bilan bolalarini bo‘g‘izlading.

Bu tizim Bedildandir.
Xusrav (shoh)lar adlining shakli shunday:
G‘araz olamidagi (kishilarning) dini zulmdir.
Zaiflarni qonga sho‘ng‘itishadi,
Toki havas kiyimi rang-barang bo‘lsin deb.
Ey, zulm tig‘i o‘rtadan ko‘tariladigan bo‘lsa,
Adolat shu tarzda yuksaklik urug‘ini ekadi.

Bola xanjari bilan otalarni yiqitding. Do‘stlarni bo‘g‘ishtirding, o‘rtoqlarni urushtirding. Dalaning erkini, shaharning tinchini, erlarning g‘ayratini, xotinlarning ismatini talatding. Otamdan qochib, o‘ziga sig‘ing‘anim holda uyalmayin, boshimni kesdirgan Afrosiyobingdan mana shu kimsasiz bolani og‘ulatib yiqitqon Rahimxoningg‘acha minglarcha yirtqich xoinlarni sen yaratding, sen yashatding. Ey insonning dushman tangrisi, qachong‘acha bu ongsizlar to‘dasini o‘zingga ham topindirib, ham qurbon qilarsan?! Ey boyqushlar qafasi, bunday dev ishtiholiq hayvonlarning qo‘li bilan qachong‘acha dunyolarni bir-biriga urib turasan?! Tinchlik saqlamoq bahonasi bilan millionlarcha inson ko‘masini chuqurdan chuqurg‘a yumalatmog‘ingning zamoni hanuzg‘acha bitmadimi?!
Rahimbiy (o‘ylar). Afrosiyob, deydir. Otamdan qochdim deydir. (Bir-ikki odim ilgari bosib, qo‘rqa-qo‘rqa.) Sen kimsan?!
X a y o l. Men… Sening kabi bir zolim qo‘lida mana shuning kabi (Abdumo‘minning o‘ligini ko‘rsatar) hech bir narsani bilmayin, onglamayin, bo‘g‘izlang‘an bir mazlum – Siyovush!… Ey qora yurakli boyqush, bundan senga qolg‘an vayronani qutlamoq uchun keldim. Insonlik dunyosi, esini bir joyga to‘plab, o‘z ishiga o‘zi ega bo‘lg‘ancha, sen ham, sening kabilarning ham ixtiyoringizdadir. Istaganingizcha hukm sura olarsiz. (Sekin-sekin uzoqlanib, yo‘qolar.)
R a h i m b i y. Siyovush… Siyovush. (Xayol tomonidan tortilg‘an kabi, uning ketidan yurib, sahnadan chiqar).
Parda tushar.

Maktab darsliklari, Ta‘lim
Abulfayzxon. Abdurauf Fitrat