Abu Talha Ansoriy to’liq malumot oling

Abu Talha Ansoriy to’liq malumot oling

«Ummu Sulaym” laqabli Rumayso binti Milhonning eri vafot etib, beva qolgani xabari Abu Talha Zayd ibn Sahlan-Najjoriy qulog‘iga yetganida ko‘nglida birnima g‘imirladi. Ummu Sulaym axloq-odobda ibratli, aqlli-zakovatli, qo‘li gul ayollardan edi. Bunday ayol uzoq vaqt beva qolmasligini o‘ylab, Abu Talha unga sovchi qo‘ydi. Talabgorlari ko‘p bo‘lsa ham, negadir ayol uning taklifini rad etmasligiga ishonardi. Chunki Abu Talha Yasrib erkaklarining sarasi, obro‘-martabasi ulug‘, boy-badavlat, buning ustiga, Najjor qabilasining pahlavoni, atoqli mergani edi.
Mundarija скрыть

Abu Talha Ummu Sulaym (roziyallohu anho) uyiga yo‘l oldi. Borarkan, ayolning Muhammad ibn Abdullohga (alayhissalom) imon keltirganini eslab qoldi. Bir oz ikkilanib turgach, o‘ziga tasalli berdi: “Nima bo‘pti, axir o‘lgan eri ham ota-bobolari dinida qolgan, Muhammad chaqirig‘idan yuz o‘girgan edi-ku!”

* * *

Abu Talha Ummu Sulaym uyiga kelib, kirishga izn so‘radi. Ostona hatlaboq nima uchun kelganini aytdi. Ayolning javobi esa boshqacha bo‘ldi:

– Ey Abu Talha, yaxshi bilaman, sen so‘zi yerda qol­maydi­­gan odam­san,­ ammo men senga turmushga chiqolmayman. Chunki imonga kel­magansan…

Abu Talha “Bu ayol mendan ham boyroq va obro‘liroq boshqa odam topganga o‘xshaydi, shu bois bahona qilyapti” degan xayolga bordi va:

– Bilishimcha, menga tegishingga to‘siq bo‘layotgan narsa bu emas, – dedi.

Unda nima ekan? – qiziqsinib so‘radi ayol.

– Sariq va oq tosh (ya’ni, tilla va kumush)lar…

Bu so‘zni eshitgan ayol bunday dedi:

– Ogoh bo‘l, ey Abu Talha, Allohga imon keltirsang, aytaman: hech qanday tilla-

kumushsiz senga tegishga roziman.

Bu gapni eshitib, Abu Talha o‘ylanib qoldi. Kavmidagi boylar odatiga ko‘ra qimmatbaho yog‘ochdan yasalgan butini esladi. Aqlli ayol uning ko‘p o‘ylashiga fursat bermay, temirni qizig‘ida bosdi:

– Allohni qo‘yib, sig‘inayotgan narsang yerdan unib chiqqan bir yog‘och ekanini

bilmaysanmi?

– Bilaman, – deb javob berdi Abu Talha.

– Sen daraxtning bir shoxidan iloh yasab, unga sig‘inib yursang-da, boshqa birov qolgan shoxlarini o‘choqqa qalasa…

Abu Talha o‘ylanib qoldi, so‘ng yuzi yorishib ketdi va imon kalimasini qaytardi:

– Ashhadu alla ilaha illalloh va ashhadu anna Muhammadan abduhu va rasuluh.

So‘ng Abu Talha (roziyallohu anhu) aqlli sahobiya Ummu Sulaymga uylandi. Yasrib ayollari ularning nikohi fazilati haqida ancha vaqtgacha gapirib yurishdi.

* * *

O‘sha kundan boshlab Abu Talha Ansoriy (roziyallohu anhu) Islom dini ravnaqi yo‘lidagi xizmatini ayamadi. U Aqoba kechasida Rasuli akramga (sollallohu alayhi va sallam) sadoqat izhor etgan yetmish kishining biri bo‘ldi. O‘shanda xotini Ummu Sulaym ham yonida edi. Payg‘ambar (alayhissalom) Yasrib musulmonlariga o‘n ikki naqib (boshliq) tayinlaganlarida bu vazifaga Abu Talhani ham munosib ko‘rdilar.

Abu Talha Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bilan birga barcha ma’rakalarda ishtirok etdi. Ayniqsa, Uhud kuni u ko‘ksini qalqon qilib, Sarvari koinotni dushman hamlasidan himoya qildi.

* * *

Abu Talha sahobalar o‘rtasida saxiy, olihimmat kishi sifatida ham tanilgan edi. Uning xurmozor va uzumzor bir bog‘i bor edi. Bunday go‘zal, mevasi shirin, zilol suvli bog‘ kam topilar edi. Bir kuni shoxlar orasida sayrayotgan patlari yashil, tumshug‘i qizil, oyoqlari ham rangli bir qush daraxt soyasida namoz o‘qiyotgan Abu Talha e’tiborini tortdi. U shoxdan shoxga o‘tib raqs tushganday sakrab-sakrab sayrardi. Bu manzaraga mahliyo bo‘lgan Abu Talha necha rakat namoz o‘qiganini unutdi, har qancha tirishsa ham eslayolmadi.

Namozni tugatib, Payg‘ambarimiz (alayhissalom) huzurlariga bordi. Bog‘da xayolini o‘g‘irlagan daraxtlar, sayroqi qush haqida shikoyat qildi va:

– Guvoh bo‘ling, ey Allohning elchisi, shu bog‘imni Alloh yo‘lida sadaqa qildim, – dedi.

* * *

Abu Talha toat-ibodatga g‘ayratli, dinga xizmat qilib charchamaydigan inson edi. Keksayib qolganida ham safarlarga chiqishdan qolmasdi. Sarvari olam (alayhissalom) vafotlaridan o‘ttiz yildan so‘ng dengiz o‘rtasida suzib borayotgan kemada, oilasidan, Vatanidan yiroqda vafot etdi…

Abdurrahmon Ra’fat Posho asari asosida Ahmad Muhammad tayyorladi.

 “Hidoyat” jurnalining 2011 yil, 9-sonidan olindi.

* * *

Abu Talha (roziyallohu anhu) Islomni qabul qilgach, Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) bilan hamisha birga bo‘ldi. U Rasulullohni (sollallohu alayhi va sallam) jonidan ortiq ko‘rar, u zotga xizmat qilishni sharaf deb bilardi. Huzuri oliylarida tiz cho‘kib o‘tirardi. Bu samimiy sahobiy barcha janglarda qatnashdi. Uhud kuni eng og‘ir damlarda ham Payg‘ambarning (alayhissalom) yonidan nari ketmadi. “Jonim joningiz uchun fido, yuzim yuzingiz uchun qalqondir, yo Rasululloh!” deya himoyaga kirishdi.

U uyida ham ovqatini yolg‘iz yeyishni istamas, Nabiyga (sollallohu alayhi va sallam) xabar yo‘llab, u kishini tak­lif etardi. Payg‘ambarimiz (alayhissalom) bot-bot uning uyi­ga tashrif buyurar, Ummu Sulaym tayyorlagan taomdan yer, o‘sha yerda uxlab dam olar edilar. U paytlari kichik yoshda bo‘lgan Anas (roziyallohu anhu) o‘sha saodatli damlarni shunday xotirlaydi: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) uyimizga tez-tez kelib turardilar. Biz bolalarni juda yaxshi ko‘rar, erkalardilar. Alohida e’tibor qaratar, latifalar aytib vaqtimizni chog‘ qilar edilar. Biz bilan birga namozga turardilar, biz u kishining ortida saf bo‘lib namozni ado etardik”.

Ana shunday kunlarning birida Abu Talhaning uyida yana ajoyib bir taom pishirildi. Onasi Anasni Payg‘ambarimizni (alayhissalom) dasturxonga taklif etish uchun jo‘natdi. Bu payt Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) sufa ahli bilan masjidda o‘tirgan edilar. Anasning kelishidan mehmonga chaqirilganini anglagan Payg‘ambarimiz (alayhissalom) yetmish chog‘li ashobi bilan Abu Talhaning uyiga qarab yo‘l oldilar. Bir dunyo odamga ko‘zi tushgan Abu Talha nima qilarini bilmay shoshib qoldi. Shunda ayoli Ummu Sulaym: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bor joyda tashvishga o‘rin yo‘q!” deya uni tinchlantirdi. Rasuli akram (sollallohu alayhi va sallam) taomning barakali bo‘lishini so‘rab duo qilganlaridan so‘ng, ashoblarni guruh-guruh qilib dasturxon atrofiga o‘tqazdilar. Hamma to‘ygunicha yeb o‘rnidan turdi. Lekin bu paytda yana shuncha kishiga yetarli ovqat ortib qolgandi.

Abu Talha madinalik musulmonlar orasida eng ko‘p bog‘i bor kishi edi. Uning “Bayruha” nomli bog‘i Masjidun Nabaviyning qarshisida joylashgandi. Bu bog‘ xurmolari, uzumlari va shirin suvi bilan mashhur edi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bu yerga tez-tez kelar, bog‘dagi suvdan ichardilar. Abu Talha “Suygan narsalaringizdan ehson qilmaguningizgacha sira yaxshilikka (jannatga) erisha olmaysizlar” (Oli Imron, 92) oyati nozil bo‘lganini eshitgach, to‘g‘ri Payg‘ambarimizning (alayhissalom) oldilariga bordi va mana shu bog‘ini Alloh roziligi uchun ehson qilganini, undan istalgan maqsadda foydalanish mumkinligini aytdi. Uning bu ishidan mamnun bo‘lgan Rasuli akram (sollallohu alayhi va sallam) bog‘ni qarindoshlariga ehson qilishini buyurdilar. Abu Talha tillarda doston bo‘lgan bu bog‘ni amakivachchalariga berdi.

U ashob orasida jasorati, mardligi va ayniqsa baland ovozi bilan ajralib turardi. Shu sababli ham Payg‘ambarimiz (alayhissalom): “Abu Talhaning askarlar orasidan bergan tovushi yuz kishidan ko‘ra yaxshiroqdir”, deya lutf qilganlar.

Abu Talha har qanday xizmatga hoziru nozir edi. Madinada qabr qazishni ham zimmasiga olgandi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) olamdan o‘tganlarida qabrlarini tayyorlash sharafi Abu Talhaga nasib etdi.

Payg‘ambarimiz (alayhissalom) vafotlaridan keyin u kishini jonidan ortiq ko‘rgan boshqa sahoblar kabi Abu Talha ham bu ayriliqqa chidolmadi, Shom taraflarga bosh olib ketdi. Uzoq vaqt o‘sha yerda qoldi. Ko‘nglidagi hasratni ketkazish va Rasuli akramning (sollallohu alayhi va sallam) muborak qabrlarini ziyorat etish uchun hazrat Umar (roziyallohu anhu) shahid bo‘lishidan oldinroq Madinaga keldi. Dunyodan ko‘ngil uzib, toat-ibodat bilan mashg‘ul bo‘ldi. Hazrat Umar (roziyallohu anhu) unga qattiq ishonardi. Shu bois ham xalifa tanlashga mas’ul bo‘lgan sho‘ro majlisining eshikog‘asi lavozimini Abu Talhaga topshirdi. Unga musulmonlar amiri tayinlanishiga qadar xavfsizlikni ta’minlash va uch kun muddat ichida xalifa saylashni tashkil etish vazifasi yuklatildi. U esa bu topshiriqni butun vujudi bilan berilib ado etdi. Ansordan ellik kishi bilan birga eshikni qo‘riqladi va uch kun ichida xalifa saylanishiga ko‘makchi bo‘ldi.

Abu Talhaning yoshi bir joyga borib qolganda Rumga yurishga hozirlik boshlandi. U ham safarga chiqdi. Biroq yo‘lda kemada xastalandi va biroz vaqt o‘tib foniy dunyoni tark etdi. Bu voqea milodiy 654 yili yuz berdi. Yetti kun mobaynida quruqlikka yetisholmaganlari sababli Abu Talhani dafn etisholmadi. Biroq bu fursat ichida jasad umuman buzilmadi.

Abu Talha (roziyallohu anhu) 92 ta hadis rivoyat qildi. Ulardan birini o‘zi shunday hikoya qiladi: “Bir kuni Rasulullohning (sollallohu alayhi va sallam) huzurlariga kirdim. Juda xursand edilar, yuzlariga tabassum yugurgandi. Sababini so‘raganimda: “Ey Abu Talha, axir qanday qilib mamnun va masrur bo‘lmay! Biroz oldin Jabroil (alayhissalom) keldi. Ummatimdan kim menga bir bor salovat va salom yo‘llasa, Alloh taolo va malakalar unga o‘n salovat va salom yo‘llashidan mujda berdi”, dedilar u zot (sollalohu alayhi va sallam)”.

«Irfon taqvimi»dan

Biografiya
Abu Talha Ansoriy